Finlandiya RF bilan chegara yaqinida NATO qo‘mondonlik markazini yaratadi

Jahon 11:03 / 28.09.2024 1460

Finlandiya Rossiya chegarasidan 200 kilometrdan kamroq masofada joylashgan Mikkeli shahrida NATO qo‘mondonlik bazasi yaratilishini e’lon qildi. Bu haqda 27 sentabr, juma kuni mamlakat mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen ma’lum qildi. Bu bilan Finlandiya Rossiyaga «biz NATOning to‘laqonli a’zosi ekanligimiz va NATO Finlandiya mudofaasi uchun ham juda muhim ekanligini bildirib qo‘yadi», dedi Xyakkyanen va Finlandiya armiyasi qo‘mondonligi allaqachon Mikkeli shahrida joylashganini qo‘shimcha qildi.

Mamlakat NATOga qo‘shilganidan deyarli bir yarim yil o‘tgach, Mikkeli shahrida Shimoliy Yevropadagi yangi baza yaratiladi, u yerda turli mamlakatlardan bir necha o‘nlab xodimlar joylashtiriladi. «Joylashtirish joylarini birlashtirib, biz milliy mudofaa boshqaruvi va NATO mudofaa boshqaruvi o‘rtasida eng yaxshi sinergik ta’sirga erishamiz», deb qo‘shimcha qildi Finlandiya Mudofaa vazirligi rahbari. Yangi bosh qarorgoh NATOning Norfolkdagi shtab-kvartirasiga bo‘ysunadi, deya xabar beradi YLE.

Iyun oyida NATO mudofaa vazirlari Finlandiyada alyansning sharqiy mamlakatlari xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi rotatsiyali quruqlikdagi kuchlarni (FLF) joylashtirishga qaror qilishdi. Xyakkyanen aniqlik kiritishicha, aniqroq sanalar keyinroq e’lon qilinadi.

Finlandiya 2023 yil aprelida NATOga qo‘shildi

2023 yil 4 aprelda Finlandiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida NATOning 31-a’zo davlati bo‘ldi va shu tariqa o‘zining 75 yillik betaraflik davrini tugatdi. Shimoliy Atlantika alyansi tarkibiga kirganidan keyin NATOning Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki baravarga oshib, 2600 kilometrga yetdi. Deyarli bir yil o‘tib, 2024 yilning 7 martida yana bir Skandinaviya davlati - Shvetsiya alyansning yangi a’zosi bo‘ldi.

Avgust oyi oxirida Finlandiya tashqi tahdidlarni oldini olish uchun o‘z hududida NATO zirhli brigadasini joylashtirishi mumkinligi xabar qilingan edi. Iltalehti yozganidek, Mikkelida 4-5 ming askar va ofitserdan iborat brigada joylashtiriladi. Bundan tashqari, Skandinaviya mamlakatlari tomonidan yarimorol shimoli orqali Norvegiya portlaridan Finlandiyagacha bo‘lgan harbiy transport koridori yaratilishi ma’lum bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: