O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil-«Hizbulloh» to‘qnashuvi
Isroil AQSh va Yevroittifoqning urush keng ko‘lamli tus olishining oldini olish maqsadida «Hizbulloh» bilan uch haftalik sulh tuzish bo‘yicha taklifini rad etdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroillik harbiylarga jangni «to‘liq kuch bilan» davom ettirishga hamda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chorshanba kungi chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirishga buyruq berdi.
Bir kun oldin 11 mamlakat va Yevroittifoq qo‘shma bayonotida Isroil va «Hizbulloh»ni uch haftalik sulh e’lon qilish va bu vaqt davomida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish choralarini ko‘rishga chaqirgandi.
«O‘t ochish to‘xtatilishi haqidagi xabar — rost emas. Bu Amerika-Fransiya taklifi bo‘lib, bosh vazir unga hatto e’tibor qaratmadi», deya xabar bergan Netanyahu devoni.
Netanyahu TsAHALga harbiy harakatlarni to‘la kuch bilan va u tomonidan taqdim etilgan rejalarga muvofiq davom ettirishni buyurgan.
«Bundan tashqari, G‘azodagi harbiy harakatlar ham urushdagi barcha maqsadlarga erishilmagunicha davom etadi», — deyiladi bayonotda.
Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats keyinroq aniqlik kiritib, «shimolda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lmasligi»ni aytdi. «Biz g‘alaba va shimoldagi aholi o‘z uylariga qaytishi uchun xavfsizlik ta’minlanmagunicha «Hizbulloh» terrorchilik tashkilotiga qarshi bor kuchimiz bilan kurashni davom ettiramiz», — degan Kats.
Tramp Ukrainaga qarshi
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp kundan kunga Ukraina prezidentiga hujumlarini kuchaytirmoqda. Uning saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatuvchi Pensilvaniya shtatidagi harbiy zavodga tashrifi esa respublikachilarning g‘azabini qo‘zg‘atdi.
«Ukraina endi yo‘q. Bu endilikda Ukraina emas. Ushbu shahar va qishloqlar, o‘lgan odamlar, bunday ko‘lamdagi o‘liklarni o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi. Har qanday bitim, hatto eng yomoni ham hozir mavjudidan yaxshiroq bo‘ladi», — degan Tramp Rossiya bilan urushni to‘xtatish haqidagi kelishuvni nazarda tutib.
Zelenskiy o‘zining g‘alaba rejasi bilan tanishtirish uchun har ikkala nomzodning shtablari bilan uchrashishni xohlagan edi. Jo Bayden va Kamala Harris bilan uchrashuv 26 sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tramp shtabining vakiliga ko‘ra, sobiq prezidentning jadvaliga Zelenksiy bilan uchrashuv kiritilmagan.
O‘z «G‘alaba rejasi»da Kiyev harbiy qo‘llab-quvvatlovni oshirishga va taqdim etilgan qurol-yarog‘larni qo‘llashda cheklovlar qo‘ymaslikka chaqirmoqda.
Bu orada Oq uy Bayden va Zelenskiy uchrashuvidan so‘ng Kiyev tomonidan uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan Rossiyaning ichki qismiga zarba berish bo‘yicha AQShning yondashuvini kutmaslik kerakligini e’lon qildi.
Mavzuga oid yana bir qisqa yangilik: Zelenskiy 2025 yilda Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
Putinning yangi tahdidlariga javob
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yangi yadroviy tahdidini «mas’uliyatsiz va bemavrid» deya qoraladi. Yevropa Ittifoqi vakili esa bu tahdid Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasiga ta’sir qilmasligini aytdi.
Blinken MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Putinning G‘arbga yadroviy qurollar haqidagi tahdidini «mas’uliyatsiz va bemavrid» deya qoraladi. Davlat kotibi dunyoda ko‘pchilik avval ham «yadro quroli bilan tahdid qilganini» eslatdi.
«O‘ylaymanki, dunyoda ko‘pchilik avval ham yadro quroli bilan tahdid qilgan, masalan, Xitoy ham. Shu sababli men hozir ko‘proq qurolsizlanish va qurollarni tarqatmaslik haqida muloqot qilishga chaqirgan bo‘lardim», degan u.
Putinning yangi yadroviy tahdidlari Yevropa Ittifoqining urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasiga ta’sir o‘tkazmaydi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi vakili Peter Stano brifingda ma’lum qildi.
«Putin yadroviy arsenali bilan birinchi marta tahdid qilayotgani yo‘q. Bu esa uning o‘ta mas’uliyatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan xatti-harakatlarining davomi», degan u.
Stano Putinning «yadroviy tahdidini» qoralab, u dunyoga faqat o‘zining haqiqiy qiyofasini ko‘rsatganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Yevropa hozir xalqaro hamkorlar e’tiborini BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan davlat vakilining «aqldan ozgan va mas’uliyatsiz xatti-harakatlariga» qaratmoqchi.
NATO jahon urushiga tayyorlanmoqda
NATO uchinchi jahon urushi boshlangan taqdirda yaradorlarni front chizig‘idan keng ko‘lamli evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda alyansning logistika bo‘yicha qo‘mondonligi boshlig‘i general-leytenant Aleksandr Sollfrank ma’lum qildi.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi urush katta ehtimol bilan «keng jang maydoniga» ko‘chadi va NATO uchun jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi. Sollfrankka ko‘ra, Rossiya Harbiy-kosmik kuchlarining imkoniyatlari kengligi bois yaradorlarni havo orqali evakuatsiya qilish katta xavf tug‘dirishi mumkin, shuning uchun sanitar poyezdlardan foydalanish yaxshiroq. «Vazifa yaradorlarga eng yomon sharoitda tezkor va sifatli yordam ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat», — deya qo‘shimcha qiladi u.
Tibbiy evakuatsiyani rejalashtirish — NATOning Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarligining bir elementi, xolos. Chunki 22 yanvardan 31 mayga qadar Rossiyaning ehtimoliy bosqiniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida NATOning 1988 yildan beri eng yirik Steadfast Defender o‘quvlari o‘tkazilgan.
Saudiyadan Rossiya budjetiga zarba
Ar-Riyod neft narxining bir barreli uchun norasmiy ko‘rsatkich bo‘lgan 100 dollarga qaytishini kutishdan charchadi va bozordagi ulushini ortiq yo‘qotish niyatida emas.
Podshohlik dekabrdan boshlab neft qazib olishni oshirish niyatida va past narxga ko‘nishga tayyor. Ushbu vaziyat Rossiyaning daromadlari kamayishidan dalolat beradi, chunki mamlakatning kelgusi yilgi budjet xarajatlarida urushga yo‘naltiriladigan mablag‘larni yana 22 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Sentyabr boshida Brent markali neft narxi avgustda barreli uchun 82 dollarga chiqqan ko‘rsatkichdan shiddat bilan pasayishni boshladi, OPEK+ davlatlari oktyabr boshidan neft qazib chiqarishni oshirish rejasini yana ikki oyga kechiktirdi.
Bozor ishtirokchilari ushbu qarorni e’tiborsiz qoldirdi va uning narxi 2021 yil dekabrdan beri eng past ko‘rsatkichga — 70 dollargacha tushib ketdi.
OPEC+ da neft ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik bo‘lgan Saudiya Arabistoni 1 dekabrdan baribir «qora oltin»ni qazib olish hajmini oshirmoqchi, bu hatto narxlar pastligi uzoq davom etsa ham amalga oshiriladi. Chunki o‘z budjetini barqarorlashtirish uchun Ar-Riyod bir barrel neftni 100 dollardan sotishi kerak.
Rossiyada migrantlarga yangi cheklov
Rossiya ichki ishlar vazirligi rus tilini bilmaydigan, lekin ayni paytda tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan xorijliklarga migratsiya maqomi va Rossiya fuqaroligi berilmasligini ma’lum qildi.
So‘nggi uch yil ichida Rossiya Ichki ishlar vazirligi rus tilini bilmaydigan, lekin tegishli sertifikatga ega bo‘lgan 14 ming nafar chet el fuqarosining fuqarolik yoki migratsiya maqomi bo‘yicha arizalarini qabul qilishdan bosh tortdi.
Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volkning ta’kidlashicha, bunday fuqarolar Rossiya fuqaroligini ololmaydi.
«Rus tilini bilmaydigan, lekin ayni paytda tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan xorijliklar migratsiya maqomi va Rossiya fuqaroligini ololmaydi», degan u.
Qayd qilinishicha, Rossiya Ichki ishlar vazirligi uyushgan guruhlarning, shuningdek, uydirma imtihonlarni o‘tkazishga ixtisoslashgan shaxslarning noqonuniy faoliyatini aniqlash va ularga chek qo‘yish ustida ishlamoqda.
Til bilish haqidagi soxta sertifikatga ega bo‘lgan chet el fuqarolari haqidagi ma’lumotlar Rossiya ta’lim nazoratiga yuboriladi. 2024 yil iyun oyidan buyon bu idora shunday holatlarning hisobini yuritib keladi.
Rossiyaga migratsiya maqomi yoki fuqaroligini olish uchun kelgan chet elliklar rus tili, qonunchilik asoslari va mamlakat tarixidan imtihon topshirishi va sertifikat olishi kerak.