Senat yalpi majlisida yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qonundan yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar o‘rin olgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2021 yilda 40 542 ta, 2022 yilda 47 365 ta va 2023 yilda 41 866 ta, 2024 yilda 31 436 ta huquqbuzarlik aniqlangan. 2024 yilda qariyb 8 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi kuzatilgan.
Mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida 2020-2024 yillarda qariyb 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir qilingan. Buning oqibatida ushbu davrda 322 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik va siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik nazarda tutilyapti.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qolaversa, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash kabi javobgarlik belgilanyapti. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam bo‘lmasligi ham nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun 2024 yil 16 avgustda o‘tgan chaqiriq Senatning 55-yalpi majlisida ham ko‘rilgan. Undagi ayrim normalar bugungi kundagi real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaganligi sababli Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Qayd etilishicha, bildirilgan taklif va e’tirozlar kelishuv komissiyasi tomonidan batafsil ko‘rib chiqilgan hamda barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, qonun takomiliga yetkazilgan.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 195-2-modda to‘liq qayta ishlangan: fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolingan. Ya’ni, oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti. Faqat xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Ushbu moddada huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto yoki videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik, shu jumladan internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqilgan. Qat’iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qat’iy belgilangan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.