Trampga uchinchi muddatga saylanishga ruxsat berish taklif etildi

Jahon 18:15 / 24.01.2025 3560

AQSh prezidenti Donald Trampning Kongressdagi asosiy ittifoqchilaridan biri Oq uyning yangi rahbariga uchinchi muddatga saylanishiga ruxsat beruvchi rezolyutsiyani taqdim etdi, deb xabar berdi Fox News.

Qayd etilishicha, tashabbuskor — Tennessi shtatidan Tramp tarafdori bo‘lgan kongressmen Endi Ogls. U Konstitutsiyaga prezidentga uch muddat, lekin ketma-ket to‘rt yillik ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan davrga saylanishiga ruxsat beruvchi o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.

«Hech kim prezident lavozimiga uch martadan ortiq saylanishi mumkin emas, shuningdek, ketma-ket ikki muddatga saylanganidan keyin ham qo‘shimcha muddatga saylanishi mumkin emas...», deyiladi hujjatda.

1951 yilda AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatishga ko‘ra, shaxs ikki muddatdan ortiq mamlakat prezidenti lavozimini egallashi mumkin emas.

Endi Ogls jurnalistlarga Tramp «zamonaviy tarixda millatni tanazzulga yuz tutishini orqaga qaytara oladigan va Amerikani buyuklikka qaytara oladigan yagona shaxs» ekanini aytdi. Unga ko‘ra, shuning uchun ham respublikachiga uchinchi marta Oq uy rahbari bo‘lish imkoniyatini berish kerak.

2024 yil oxirida Trampning o‘zi ham Vakillar palatasidagi respublikachilarga uchinchi prezidentlik muddati haqida gapirgan edi. Keyinroq, uning gaplari jiddiy emasligi aytildi.

Ogls taklifi amalga oshishi uchun AQSh Konstitutsiyasiga tuzatish kiritishga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘ta murakkab jarayon. U faqat muhim konsensus bilan amalga oshirilishi mumkin va ikkita asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi: tuzatishni taklif qilish va uni ratifikatsiya qilish. Konstitutsiyaga kiritiladigan tuzatish faqat federal va mintaqaviy darajada keng qo‘llab-quvvatlanganda amalga oshirilishini ta’minlash uchun jarayon murakkab qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: