23 yanvar, payshanba kuni Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi g‘alabasi NATOning o‘z dushmanlarini to‘xtatib turish qobiliyatiga putur yetkazishi va alyansdan ularga qarshi kurashish uchun ko‘proq mablag‘ sarflashini talab qilishi haqida gapirdi. «Shuning uchun ham Donald Tramp haq: Yevropa mudofaa xarajatlarini zudlik bilan va sezilarli darajada oshirishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kamaytirmaslik kerak, aksincha oshirish kerak, deb ta’kidladi Ryutte. «Biz urush yo‘nalishini o‘zgartirishimiz kerak. G‘arb XXI asrda bir davlatning boshqa davlatga bostirib kirib, uni mustamlaka qilishga urinishiga yo‘l qo‘ya olmaydi», — deydi u.
Agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Ryutte fikricha, NATO «to‘xtatuvchi salohiyatini tiklash uchun hozirda mudofaa xarajatlarini oshirish va sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirishga talab qilinadigan narxdan ancha yuqori narx to‘lashi kerak». «Bu milliardlab emas, trillionlab bo‘ladi», deb ogohlantirdi NATO bosh kotibi.
Mudofaa xarajatlarini oshirish
Mark Ryutte fikricha, NATO hozir xavfsiz, ammo 4-5 yildan keyin alyans mudofaa xarajatlarini YaIMning ikki foizigacha cheklasa, o‘zini himoya qila olmaydi. «Bu alyans mamlakatlari oldiga qo‘yilgan maqsad bo‘lsa-da, 2024 yilga kelib 32 tadan 23 tasigina bunga erisha oldi. Lekin bu yetarli emas va AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa ittifoqchilaridan mudofaa uchun ko‘proq mablag‘ sarflashni talab qilishda mutlaqo to‘g‘ri», dedi Niderlandiya sobiq bosh vaziri.
«Tramp AQShning NATOda yomon kelishuvga erishganini va Yevropa asosan o‘zining ijtimoiy modelini, sog‘liqni saqlash tizimini va pensiya tizimini moliyalashtirayotganini his qildi, biz mudofaani yetarli darajada moliyalashtirmayapmiz. Biz bu 2 foizga yetdik, muammo shundaki, bu 2 foiz mutlaqo yetarli emas», deb ta’kidladi Ryutte.