AQShda olimlar shamollash va gripp viruslarini yuqtirish xavfini 99,9 foizgacha kamaytiradigan burun spreyi ixtiro qildi, deb yozmoqda New Atlas.
Patogenlarni tutib olib, zararsizlantiruvchi sprey (PCANS) tarkibida hech qanday dori vositalari mavjud emas. Buning o‘rniga u burunning ichki qismini qoplaydigan gel hosil qiladi. Bu gel foydalanuvchining nafas olishiga ta’sir qilmasa-da, burun orqali kirgan har qanday virus yoki bakteriyalarni ushlab, ular nobud bo‘lguncha harakatsizlantiradi.
Ishlanma gripp, adenovirus, pnevmoniya va hatto koronavirusda sinovdan o‘tkazildi — ularning hech biri burundan nariga o‘tmadi.
Harvardga aloqador Brigham and Women’s Hospital shifoxonasi olimlari tomonidan yaratilgan sprey laboratoriya sichqonlarida sinovdan o‘tkazildi. H1N1 gripp virusining sichqonlarga moslashtirilgan shakli tajribadagi kemiruvchilarga o‘limga olib keladigan dozadan 25 baravar ko‘proq miqdorda yuborilganda ham sprey ularni himoya qildi. Bundan tashqari, sichqonlarning o‘pkasidagi virus darajasi 99,99 foiz pasaydi. Sprey kemiruvchilarning burnida sakkiz soatgacha saqlanib, kamida to‘rt soat davomida infeksiyani samarali to‘sdi.
PCANS hali odamlarda sinovdan o‘tkazilgani yo‘q, ammo u 3D printerda chop etilgan inson burni modelida qo‘llandi. Bu tajribada PCANS oddiy shilliqqa nisbatan ikki barobar ko‘p mikroblarni tutib oldi.
“U biz sinovdan o‘tkazgan barcha virus va bakteriyalarning deyarli 100 foizini, jumladan, gripp, SARS-CoV-2, RSV, adenovirus, pnevmoniya K va boshqalarni bloklab, zararsizlantirdi”, — deydi tadqiqot bosh muallifi doktor Jon Jozef.
Agar odamlar orasida sprey sinovi muvaffaqiyatli o‘tsa, u 2026 yilda sotuvga chiqarilishi mumkin. Olimlar spreydan kelgusida allergiyaga qarshi foydalanish ham mumkin, deb hisoblamoqda.
Avvalroq AQShda kuchli qon ketishini bir necha soniyada to‘xtatishga qodir gel ishlab chiqilgandi.