“100 mln dollarlik gazning havoga uchishi to‘xtaydi” - AQSh kompaniyasi O‘zbekistonda gaz tarmoqlarini ta’mirlamoqda

O‘zbekiston 18:31 / 27.09.2024 43027

AQShning Climate Compass kompaniyasi o‘tgan yilning bahoridan to hozirgacha O‘zbekistonning gaz taqsimlash tarmoqlarida 50 mingdan ortiq gaz sizib chiqish holatlarini aniqlab, bartaraf etdi. Kompaniya vakilining Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, qo‘shma loyiha asosida ekologiyaga 7 mln tonna karbonat angidrid chiqishi va taxminan 100 mln dollarlik gaz isrofining oldi olinmoqda.

AQShning Toshkentdagi elchixonasida O‘zbekistondagi gaz taqsimlash tarmoqlarida gaz sizib chiqishini aniqlash va ta’mirlash loyihasining yutuqlari muhokama qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qo‘shma loyiha – “Hududgazta’minot” AJ hamda bu sohadagi yetakchilardan bo‘lmish Climate Compass (AQSh) kompaniyasining Gas Green Asia shu’basi o‘rtasida 2023 yil mart oyida tuzilgan shartnoma asosida boshlangan.

Foto: AQSh elchixonasi

Loyiha doirasida O‘zbekistonning yer usti gaz taqsimlash tarmoqlaridagi tabiiy gaz sizib chiqishlari aniqlanib, ta’mirlanmoqda. Bu O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishi, atmosferaga metan gazi chiqarilishini kamaytirish bo‘yicha global majburiyatlarini bajarishiga hissa qo‘shadi.

Asosiy investor – Koreyaning Ecoeye Co., Ltd. kompaniyasi. Loyiha to‘liqligicha iqlim bo‘yicha Parij kelishuvining 6.2-moddasi doirasida, kelgusida uglerod emissiyasini kamaytirganlik uchun olinadigan kreditlarni sotish hisobiga moliyalashtiriladi. Ya’ni karbonat angidrid gazi chiqishini kamaytirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini yetarlicha bajara olmagan kompaniyalar yoki hukumatlar karbon kreditlarni sotib olish hisobiga majburiyatini to‘la bajarishi mumkin.

AQSh elchixonasidagi tadbirda elchi Jonatan Henik, O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov, hukumat rasmiylari, “Hududgazta’minot”, “Gas Green Asia”, Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki vakillari, AQSh diplomatlari va mahalliy jurnalistlar ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha boshlanganidan beri 50 mingdan ortiq gaz sizib chiqish holatlari aniqlanib, o‘lchangan va ta’mirlangan. Buning natijasida yiliga 7 million tonnadan ortiq karbonat angidrid ekvivalentidagi zararli emissiya kamayishiga erishilgan.

Loyiha 200 dan ortiq mahalliy ish o‘rnini yaratgan. Muhandislar, ma’lumotlar bo‘yicha mutaxassislar va loyiha menejerlari shular jumlasidan. Ular amerikalik texnik mutaxassislar tomonidan olib borilgan intensiv treninglarda o‘qitilgan.

Climate Compass kompaniyasi vakili Kevin Jyeymsning aytishicha, loyiha ekologiyaga zararlarni kamaytirishdan tashqari, tabiiy gazni iqtisod qilish orqali katta moddiy manfaat ham keltiradi.

“Gaz yetkazib beruvchi quvurlar tizimida nosozlik, gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash va ta’mirlash loyihasi bilan bu yerdamiz. Hozirgacha 52 mingdan ortiq nosoz va gaz sizib chiqayotgan quvurlarni aniqladik. Katta miqdorda gaz havoga chiqib ketib, isrof bo‘lmoqda. Eng qizig‘i, bu odamlarning uyi yonginasida, eshigi oldida ro‘y beryapti. Loyihamiz bilan taxminan 100 million dollarni iqtisod qilamiz, O‘zbekiston esa shuncha miqdordagi gazni shunchaki havoga uchiryapti”, – deydi Kevin Jyeyms.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston butun dunyo bo‘ylab metan chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan global majburiyatga 2022 yilda qo‘shilgan. Bu qarorni Amerika Qo‘shma Shtatlari qo‘llab-quvvatlagan. Metan emissiyasini kamaytirish O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida olgan milliy majburiyatlarini bajarishga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

BMTning Atrof-muhit dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, global isishning taxminan 30 foizi aynan metan emissiyasi bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: