Xona o‘simliklarini parvarishlashda quyosh nuri yetishmovchiligini ko‘zgular yordamida osonlik bilan bartaraf etish mumkin. Endi olimlar xuddi shu usulni o‘rmonlarning soya joylarida yashab qolishga urinayotgan noyob daraxt ko‘chatlariga ham qo‘llash mumkinligini aniqladi.
Ularning fikricha, aynan shu usul bilan dunyodagi eng noyob o‘simliklardan biri bo‘lgan Serianthes nelsonii’ni saqlab qolish mumkin. Bu o‘simlik faqat Tinch okeanidagi Guam va Rota orollarida uchraydi. Hozirgi kunda ularning atigi 122 ta nusxasi qolgan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, har yili S. nelsonii o‘nlab, hatto yuzlab ko‘chatlar beradi, ammo ularning barchasi quyosh nuriga to‘ymay, bir oy ichida nobud bo‘ladi.
Agar bu tur laboratoriyalarda o‘stirilsa, o‘zini juda yaxshi his qiladi, o‘rmonga ko‘chirib o‘tqazilganda esa yashab keta olmaydi. Shuning uchun ushbu vaziyatda yagona yechim —novdalarga sun’iy emas, imkon qadar ko‘proq tabiiy yorug‘lik berish.
Ushbu masala ustida tadqiqot olib borayotgan Guam universitetining professori Tomas Marler va uning hamkasblari bu g‘oyani ekinzorlarning ustiga yopiladigan qishloq xo‘jaligi plyonkasidan oldi. Uning ishlashi oddiy: madaniy o‘simliklar maxsus teshiklardan o‘sib chiqadi, qolgan barcha begona o‘tlar esa yetarlicha yorug‘lik ololmay, nobud bo‘ladi. Bundan tashqari, quyosh nurlarini bir joyda to‘plash uchun maxsus folga materialidan tayyorlangan qoplamar ham mavjud, ammo ularning narxi bir necha barobar qimmatroq.
Biroq mutaxassislar yanada murakkab yo‘ldan bordi va nur qaytaruvchi plyonka o‘rniga ko‘zgularni tanladi. Ular novda atrofida kichik mozaika ko‘rinishida joylashtirildi. Usulning samaradorligini aniqlash uchun novdalarning yarmi quyosh nurlaridan panada qoldirdi. Natijada, “quyosh energiyasi” bilan ta’minlangan namunalar 175 foiz tezroq o‘sa boshladi. Ularning yashab qolish darajasi esa 161 foizga oshdi.