Davlat komissiyasi bayoni bilan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun 10 mingta qo‘shimcha kvota tasdiqlandi. Bu prezidentning 2022 yil 31 avgustdagi farmoniga ko‘ra amalga oshirilgan. Kvotalar bazaviy to‘lov-kontraktga beriladi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul parametri quyidagicha taqsimlandi:
– Toshkent shahridagi OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimida;
– Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimida;
– viloyatlardagi OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimida.
Kvota quyidagi talablarga mos keladigan abituriyentlar hisobidan shakllantirilgan:
• davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan;
• doimiy yashash hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘lgan (ro‘yxatdan o‘tish davrida);
• Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan;
• kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan.
Qo‘shimcha kvota ta’lim yo‘nalishlari va tumanlar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, abituriyentlar tamomlagan ta’lim muassasasi joylashgan hudud asosiy mezon sifatida olingan, deb tushuntirgan Bilimlarni baholash agentligi vakili Jamshidbek Odilov.
“Misol uchun, doimiy yashash hududi Xo‘jayli tumanida bo‘lgan abituriyent Nukus tumanidagi maktabni tamomlagan bo‘lsa, Nukus tumani uchun ajratilgan kvota doirasida tanlovda ishtirok etgan”, – deb yozgan u.
Qo‘shimcha kvota doirasida talabalikka tavsiya etilgan qoraqalpog‘istonlik yoshlar tavsiya etilganlik holatini my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin.
Shuningdek, mandat.uzbmb.uz sayti orqali qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan kvota doirasida tumanlar va ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi o‘tish ballari bilan tanishish mumkin. Bunda saytdagi qo‘shimcha bo‘limidan imtiyozga ega bo‘lganlar o‘tish ballari bo‘limiga o‘tiladi, undan keyin Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun qo‘shimcha qabul kvotalari sahifasi chiqadi.