O‘zbekiston | 15:34 / 28.02.2025
2912
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda fanga noma’lum 2 qo‘ng‘iz turi kashf qilindi

Buxoro, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston hududidan shu paytgacha fanda noma’lum bo‘lgan 2 qo‘ng‘iz turi kashf qilindi. Yangi turlarga “microdera uzbekistanica” va “microdera abdullohi” nomi berildi.

Buxoro, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston hududidan shu paytgacha fanda noma’lum bo‘lgan 2 qo‘ng‘iz turi kashf qilindi. Bu haqda Xorazm Ma’mun akademiyasi doktoranti Nodir Bekchanov Kun.uz’ga ma’lumot berdi. U bir necha yillardan buyon rossiyalik entomolog olim Maksim Nabojyenko bilan O‘zbekiston entomofaunasini tadqiq qilib kelayotganini aytdi. Olimga ko‘ra, yangi turlarga “microdera uzbekistanica” va “microdera abdullohi” nomi berilgan.

Bu turlar “Tenebrionidae” oilasiga mansub bo‘lib, “microdera uzbekistanica” Kuljuktog‘ hududi (Buxoro va Navoiy viloyatlari)da va “microdera abdullohi” turi esa Sulton-Uvays tog‘i hududi (Qoraqalpog‘iston)da tarqalgan. Asosan tunda faollashadigan bu turlar quruq muhit uchun juda moslashgan endemiklardir. Mazkur urug‘ turlari butun dunyo bo‘yicha 88 tani tashkil qilib, bu ko‘rsatkich endi yana 2 taga ko‘paydi”, – dedi u.

Norbekning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududi entomofaunasi to‘liq tadqiq etilmagan. Ayniqsa mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston hududida yangi hayvon turlari kashf qilinishi deyarli kuzatilmay qo‘ygan edi. “Ammo so‘nggi yillarda chuqur tadqiqotlar olib borilyapti va bu yangi turlarning kashf qilinishida bu o‘z aksini topyapti. Entomologiya sohasi yangi bosqichga chiqib, xalqaro maydonda o‘z o‘rnini egallay boshladi”, – deb qo‘shimcha qildi olim.

Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekiston ixtiofaunasi uchun yangi bo‘lgan baliq turi kashf etilgani haqida ma’lum qilingan edi.

Mavzuga oid