Jizzaxda uch aka-uka shifoxonada bezorilik qildi

Jamiyat 09:52 / 10.09.2024 4113

Jizzax shahrida joylashgan shifoxonada bezorilik qilgan va uning jihozlariga zarar yetkazgan uch nafar aka-ukaga chora ko‘rilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ukasining Jizzaxdagi shifoxonalardan biriga yotqizilganini eshitgan uch nafar aka-uka tungi soat 23:40 atrofida uni ko‘rgani kelishgan.

Navbatchi hamshira ularga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgani sabab hozir bemor bilan ko‘risha olmasliklarini aytgan. Shunda aka-ukalar janjal ko‘targan.

Ulardan biri hamshiralarni haqorat qilib, qabul bo‘limidagi shisha to‘siq, kompyuter ekrani va eshik oynasini sindirgan. Shuningdek, janjalga aralashgan bir fuqaroga tan jarohati yetkazilgan.

Bundan tashqari, aka-ukalar janjalga chek qo‘yish uchun yetib kelgan ichki ishlar xodimlariga ham qarshilik ko‘rsatishga uringan.

Surishtiruvlar davomida aka-ukalar mast qiluvchi ichimliklar ta’siri ostida bo‘lgani va ularning bemor ukasi o‘zini o‘zi pichoq bilan yaralagani ma’lum bo‘lgan.

Huquqbuzarlarga MJtKning tegishli moddalari tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar tumani sudiga yuborilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, aka-ukalarning ikki nafariga 15 kun muddatga ma’muriy qamoq, bir nafariga BHMning 12 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: