Yaponiyaning Honda va Nissan yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari birlashish bo‘yicha muzokaralar boshlaganini e’lon qildi.
Nissan saytiga joylashtirilgan xabarda aytilishicha, tomonlar «muhokamalarni boshlash va qo‘shma holdingni tashkil etish orqali ikki kompaniya biznesini integratsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan».
Shuningdek, Honda va Nissan yana bir yapon ishlab chiqaruvchisi — Mitsubishi Motors bilan ham alohida memorandum imzolagan. Ular ushbu kompaniyani guruhga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Nissan kompaniyasi Mitsubishiʼning asosiy aksiyadori hisoblanadi.
«Xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilarning va yangi o‘yinchilarning paydo bo‘lishi avtomobil sanoatini tubdan o‘zgartirib yubordi. Biz 2030 yilgacha ular bilan kurashish salohiyatini oshirishimiz kerak, aks holda mag‘lub bo‘lamiz», — deydi Honda rahbari Tosixiro Mibe.
Honda va Nissan vakillarining so‘zlariga ko‘ra, birlashuv amalga oshsa, holding kompaniyalarining savdo hajmi 30 trillion iyenaga (191 milliard dollar) yetadi, daromad esa 3 trillion iyenadan (19 milliard dollar) oshadi.
Tomonlar 2025 yil iyunigacha muzokaralarni yakunlash, 2026 yil avgustigacha esa holding kompaniyasini tuzish niyatida. Birlashgan kompaniyaning direktorlar kengashida ko‘pchilik o‘rinni Honda vakillari egallashi kutilmoqda.
Reuters manbasining ma’lum qilishicha, Nissan’ning yirik aksiyadori bo‘lgan Renault bitim uchun ochiq va birlashishning barcha oqibatlarini o‘rganib chiqadi.
Birlashuv ehtimoli haqidagi xabarlar fonida Honda aksiyalari 3,8 foizga, Nissan — 1,6 foizga, Mitsubishi Motors’niki esa 5,3 foizga ko‘tarildi.
Honda va Nissan birlashgudek bo‘lsa, ular Toyota va Volkswagenʼdan keyin dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi. Hozirda uchinchi o‘rinni Janubiy Koreyaning Hyundai va Kia kompaniyalari guruhi egallagan. Yapon kompaniyalarining birlashuvi 2021 yilda Fian Chrysler Automobiles va PSA birlashganidan keyin yuz avtomobil sanoatida yuz bergan eng katta voqeaga aylanadi.
2024 yilning noyabr oyida Xitoy va AQSh kabi asosiy bozorlarda savdolar hajmi tushib ketgani tufayli Nissan 9 ming xodimini qisqartirishini va ishlab chiqarish quvvatini 20 foizga kamaytirishini ma’lum qilgandi. Honda kompaniyasi esa Xitoydagi savdolar tushib ketgani sabab kutilganidan kamroq daromad ko‘rganini bildirgan.
Nissan’da inqiroz 2018 yilda, kompaniyaning o‘sha vaqtdagi rahbari Karlos Gon moliyaviy firibgarliklar sabab qo‘lga olinganidan keyin boshlangan. Tayvanning Foxconn kompaniyasi 2024 yilda Nissan’ga sotib olish taklifini bergan, ammo yapon avtomobil ishlab chiqaruvchisi bunga rozi bo‘lmagan.