Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi

Jahon 23:16 / 23.12.2024 3043

Qozog‘iston juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini Rossiyadan ekstraditsiya qildi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchi 2005 yildan 2007 yilgacha Olmaota qurilish kompaniyasida buxgalter bo‘lib ishlagan va hujjatlar bilan qayd etilmagan qalbaki kvitansiyalarni yozgan. Uning harakatlari natijasida 80 dan ziyodan inson jabr ko‘rgan va yetkazilgan zarar miqdori 3,7 milliard tengedan (7 million dollar) oshgan.

Gumonlanuvchining sheriklaridan biri sudlangan, o‘zbekistonlik ayol esa jinoyatni sodir etganidan keyin yashiringan, shu bois u xalqaro qidiruvga berilgan.

Rossiya huquq-tartibot idoralari 2023 yil oxirida Krasnodar viloyatida ushbu fuqaroni qo‘lga olgan va Qozog‘iston Bosh prokuraturasining so‘roviga muvofiq ayolni ekstraditsiya qilishga kirishgan.

Ayni vaqtda gumonlanuvchi tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, u qilgan jinoyati isbotlansa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va mol-molki musodara qilinishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: