23 dekabr kuni Prezident raisligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2025 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegramʼdagi kanaliga yozishicha, yig‘ilishda hududning ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, jumladan, investitsiyalarni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush sifati va daromadlarini oshirish choralari muhokama qilingan.
«Ushbu masalalar bo‘yicha bildirgan takliflarimizni ko‘rib chiqish asnosida davlat rahbari loyiha ofisini tashkil etish to‘g‘risida topshiriq berdi. Tuzilma uchta asosiy «o‘sish nuqtasi»: qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Kelgusi yil uchun belgilangan vazifalar ko‘lami juda keng, biz oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishish uchun bor kuchimizni ishga solamiz», — deb yozadi prezident yordamchisi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning imkoniyatlarini to‘liq ishga solish maqsadida hududni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazoratni prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxon Xudayberganov zimmasiga yuklagandi.