«Manchester Siti» inqirozda ekani, Pep Gvardiola hozircha hech narsa topa olmayotgani bo‘rttirilmagan. Jamoa hali ham jadvalning yuqori qismida ketayotgani aldab qo‘ymasligi uchun ba’zi raqamlarni keltirish mumkin:
- «Manchester Siti» oxirgi 12 o‘yinda atigi bir marta g‘alaba qozondi;
- «Manchester Siti» oxirgi 12 o‘yinning 9 tasida mag‘lubiyatga uchradi. Undan avvalgi 106 o‘yinda jamoa kamroq yutqazgandi;
- Oxirgi 12 o‘yinning 11 tasida «Manchester Siti» darvozasiga kamida ikki gol urildi.
«Manchester Siti» mana shu davr mobaynida turli ssenariylarga tushib qoldi – yirik hisobda oldinda ham bordi, tezkor gol urdi, tezkor gol qo‘yib ham yubordi, safarda, o‘z maydonida, turli uslubdagi jamoalarga, turli saviyadagi hujumchilarga qarshi o‘ynadi, ikkinchi raqamda harakat qildi, tashabbusga erishdi lekin baribir, bu sinovlarning barchasidan jamoa o‘ta olmadi. Barchasi oqibatda muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Mana shu omilning o‘zi chindan ham jamoada katta inqiroz borligidan dalolat beradi.
Tabiiyki, gap so‘nggi yillardagi Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri haqida borar ekan, bu qadar tubga tushishda faqat bir yoki ikkita sabab bo‘lishi mumkin emas. Rodri kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning borligi balki qaysidir o‘yinlarda yordam berardi, ammo vaziyatga chuqurroq razm solganimizda, baribir bu muvaffaqiyatsiz davr muqarrar bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Quyida har bir omil alohida ko‘rib chiqiladi, aynan qaysi jihatlarning ta’siri kattaroq ekanini esa o‘quvchiga havola.
Mavsumoldi tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmadi
«Mavsumoldi tayyorgarlik rasman endi tugadi. Terma jamoalar yig‘inidan so‘ng haqiqiy mavsum boshlanadi», – degandi Pep Gvardiola uchinchi turdan so‘ng. U paytda jamoa o‘tgan uch o‘yinning barchasida ishonchli g‘alabaga erishgan, go‘yoki navbatdagi chempionlik uchun hech kim xalaqit bera olmaydigandek tuyulayotgandi.
Ammo biroz ortga qaytsak, Gvardiola yozgi yig‘inlardan ko‘ngli to‘lmaganini sezish mumkin. Yevropa chempionatida «Manchester Siti»dan juda ko‘p futbolchilar qatnashdi va so‘nggi bosqichlargacha yetib bordi. Shu tufayli aksariyat futbolchilar mavsum boshlanishiga yaqin qolganda tarkibga qo‘shildi, ba’zi futbolchilarga Pep belgilanganidan ko‘proq ham ta’til berdi. Angliya Superkubogi finalini misol keltirish mumkin, o‘shanda raqib jamoa bo‘lmish «MYu» deyarli butun tarkibini yig‘ib bo‘lgan va asosiy futbolchilardan foydalangan bo‘lsa, «Siti» asosan yoshlardan iborat tarkibni tushirgandi.
Mavsumga tayyorgarlik davrida nafaqat «MYu», Angliyaning boshqa yetakchi jamoalari «Liverpul» yoki «Arsenal»dan ham ortda qolinishini chempionatdagi dastlabki o‘yinlar bilan qoplab ketish mumkin edi, ammo baribir yozda to‘laqonli shug‘ullanishning o‘rni boshqa. Yangi uslublar, bog‘lamlarni shakllantirish, yangi futbolchilarni tarkibga integratsiya qilishda chempionat o‘yinlari kerakli effektni bermaydi. Jamoa eski baza bilan ilk turlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, hammasi joyidadek taassurot qoldirsa-da, jarohatlar boshlanganda, muammolar ham yuzaga chiqadi. Kerakli mavsumoldi yig‘inlarisiz go‘yo bu o‘tgan mavsumning davomidek tuyula boshlaydi, ruhan charchatadi.
Rodri Ispaniya milliy jamoasidagi jarohati tufayli yozni va mavsumning ilk o‘yinlarini o‘tkazib yubordi. Mavsumda ilk 90 daqiqasini YeChLda «Inter»ga qarshi o‘tkazgach, APLda «Arsenal»ga qarshi kechgan keyingi o‘yinda jarohat olib, butun mavsumga safdan chiqdi. Yomon tarafi, aynan muvaffaqiyatsiz seriya boshlangan paytda Rodrining o‘rnini sal bo‘lsa-da bosishi mumkin bo‘lgan Kovachich ham safdan chiqqan va orada bir oyni o‘tkazib yubordi. Kevin de Bryuyne hali ham oldingi formasiga qaytgani yo‘q. O‘tgan mavsumdayoq o‘zini ko‘rsata boshlagan Oskar Bob esa APLning mavsum boshlanmasidan, mashg‘ulot chog‘ida oyog‘ini sindirib oldi va uzoq vaqt o‘ynay olmaydigan bo‘lgandi.
Himoya chizig‘idagi muammolar yanada og‘riqli. Navbati bilan Ake, Akanji, Stounz va Diash kabi asosiy tarkib futbolchilari o‘ynay olishmayapti va Pep doim vaziyatni yopish uchun turli noodatiy yechimlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Avvalgi mag‘lubiyatlardan biridan so‘ng Gvardiola muvaffaqiyatsiz seriyaning asosiy sabablaridan biri – mavsumoldi tayyorgarlikni ko‘ngildagidek tashkil qilishning iloji bo‘lmagani va jarohatlar ekanini ta’kidladi. Unga ishonishdan boshqa choramiz yo‘q.
Vaziyatni o‘nglash uchun qulay bo‘lmagan taqvim
Keyingi turlarni «Manchester Siti» o‘z maydonida «Everton», «Lester» va «Vest Hem» kabi autsayder jamoalarga qarshi o‘tkazadi. Shu holida ham jamoa bemalol 9 ochko olishiga ishonish mumkin. Tabiiyki, bu g‘alabalar inqiroz haqidagi mulohazalarni ortga chekintiradi, uyog‘iga Pep biror narsa o‘ylab topishi mumkin.
Obektiv qaraganda, 12 o‘yindan iborat davrda Pep Gvardiolada mana shunday tin olish uchun imkoniyat bo‘lmadi. Turli darajada bo‘lsa-da, o‘ziga yarasha motivatsiyaga ega bo‘lgan va nisbatan kuchli raqiblarga qarshi to‘p surishga to‘g‘ri keldi. Raqiblarni ko‘rib chiqaylik. Ikki marta «Tottenhem» – bu jamoa shundoq ham «Manchester Siti» uchun noqulay ekanini yaxshi bilamiz. Murabbiyi bilan xayrlashayotgan «Sporting», Amorim bilan yangi davrga qadam qo‘yayotgan va natija uchun yuqori motivatsiyaga ega bo‘lgan «MYu», ayni paytda Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri «Liverpul», shuningdek, «Yuventus». «Brayton» va «Bornmut» o‘z maydonida qanday raqobat ko‘rsatishi ma’lum. Qarang, 12 raqibning deyarli barcha yo top-klub yoki ayni paytda yuqori formada bo‘lgan va APL turnir jadvalining birinchi yarmida ketayotgan jamoalar. Shuningdek, «Siti» g‘alaba qozona olmagan 11 o‘yinning 8 tasi safarda bo‘lganini ham e’tiborga olish kerak.
To‘g‘ri, masalan, «Liverpul» bunday ham qiyinroq raqiblar bilan deyarli mag‘lubiyatsiz o‘tdi. «Manchester Siti»ning o‘zi uchun ham bu raqiblar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak. Ammo yuqorida aytganimdek, bunday inqirozlar paytida bosimni kamaytirish, futbolchilar hayajon va xavotirdan chiqib, hech bo‘lmasa, odatiy holatga tushib olishlari uchun ham bir necha muvaffaqiyatli o‘yin yoki qoniqarli natija kerak bo‘ladi. Ishonamanki, agar Pep mana shu oraliqda kuchsizroq raqiblar bilan bir necha o‘zi uchun qulay o‘yinlarga ega bo‘lganida, yechim topish yanayam osonroq bo‘lardi.
Yana, masalaning ruhiy tomonini ham unutmaslik kerak. Qatorasiga besh o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan jamoa oltinchi o‘yinda o‘z darajasini ko‘rsata olmaydi. Muvaffaqiyatsiz boshlangan ssenariylar uchun tayyor bo‘lmaydi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi juda pasayib ketadi. Murabbiy raqibga mos rejani topib, ishlab chiqishdan tashqari, bunga futbolchilarni ham ishontirishi, eng muhimi, mabodo reja ishlamaganda, o‘yin kutilganidek boshlanmaganda ham kurasha olishni tushuntirishi kerak. «Feyyenord» yoki «MYu»ga qarshi o‘yinlarni eslang, o‘tkazib yuborilgan gol tajribali futbolchilarni ham o‘rinsiz hayajonga solib qo‘ydi. Go‘yoki, hamma ko‘rsatmalar esdan chiqib, jamoa Bernardu Silva aytganidek, «o‘n besh yoshli bolalardek» o‘ynashni boshladi.
Yoki Holandning muvaffaqiyatsiz seriyasini olaylik. Shu paytgacha ko‘zini yumib golga aylantirib yurgan vaziyatlarini ham muvaffaqiyatli yakunlay olmayapti. Bu ham avvalgi muvaffaqiyatsiz o‘yinlarning, golga aylanmagan vaziyatlarning ta’siri bo‘lsa kerak.
Asosiy tarkibning yoshi o‘tib qolayotgani
Aslini olganda, yuqorida sanalgan jarohatlar har qanday jamoada bor. «Real» butun mavsum himoyachilarsiz o‘ynashga o‘rganib qoldi, «Chelsi»da bu odatiy kun tarziga aylangan, Erik ten Hag o‘tgan yili ne hollarga tushganini yaxshi eslaymiz. Nega «Manchester Siti»da bu jarayon yanada og‘riqli kechmoqda?
Uoker, Stounz, Ake, Akanji, de Bryuyne, Kovachich, Gundo‘g‘an, Grilish, Silva – barchasi «Manchester Siti»ning asosiy tarkib futbolchilari va bularning barchasi 29+ yoshda. Statistikaga ko‘ra, «Manchester Siti»da 29 yoshdan kattaroq futbolchilarning jamoa o‘ynagan umumiy vaqtidagi ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lib, Yevropada eng baland ko‘rsatkich ekan. Aslida bu yosh futbolda u qadar katta hisoblanmaydi, biz o‘ttizdan keyin ham yuqori darajani ko‘rsatgan juda ko‘p yulduzlarni bilamiz, gap bunda emas. Ha, 29 yosh hali hech narsa emas, ammo bir futbolchi emas, tarkibning deyarli butun qismi mana shu oraliqda bo‘lsa, yaxshigina muammo keltirib chiqaradi. Bu futbolchilar bilan «Manchester Siti» hali ham Yevropada eng yaxshi futbolini ko‘rsatishi, o‘tgan mavsumdagi kabi chempion bo‘lishi mumkin, ammo inqirozga tushib qolinganda, muammolarni yechishga kelganda suyanish qiyinroq bo‘ladi.
Misol uchun, «Manchester Siti» tarkibi yuqori nuqtaga chiqqan davrlarni eslang. Taxminan 3-4 yillar oldin. Har bir futbolchi eng mukammal yosh toifasida va yaxshi sport formasida bo‘lganda «Siti» pressingning intensivligi va kontrpressing bo‘yicha eng yaxshi jamoa edi. Qanotlarda Kanselu va Zinchenko kabi ko‘proq to‘p nazorati va oldingi chiziqdagi o‘yinga ahamiyat beradigan futbolchilar to‘p surar, ularning yuqori pozitsiyasi himoya uchun muammo tug‘dirmasdi. Chunki to‘p yo‘qotilishi hamono kontrpressing ishga tushar va «Siti» tezda to‘pni qaytarib olardi.
So‘nggi yillarda yo‘nalish biroz o‘zgardi. Chunki de Bryuyne, Gundo‘g‘an yoki Silva kabi futbolchilar avvalgidek hajmdagi mehnat qila olishmasdi. Gvardiola yechim sifatida endi himoyada to‘rt nafar markaziy himoyachilardan foydalana boshladi. Ha, jamoa ko‘pchilik bo‘lib yuqorida qolib ketishi, ba’zida yetarli darajada pressing qilmasligi mumkin, ammo ortda yakkakurashlarga kuchli bo‘lgan, intizomli himoyachilar bor. Rodri boshchiligidagi bu to‘rtlikdan o‘tish juda qiyin. Endi «Manchester Siti» avvalgidek to‘pni qaytarib olishga darhol urinmasa-da, himoyada o‘zini ancha xavfsiz seza boshladi. Holand tarkibga qo‘shilishi bu davr uchun ayni muddao bo‘ldi – tezkor qarshi hujumlarda ham raqibni jazolash imkoni bor edi.
Yangi mavsumda barchasi muammo o‘laroq namoyon bo‘lgani, birinchidan, Rodri va ba’zi markaziy himoyachilarning jarohati tufayli avvalgidek kuchli himoyalana olishmayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, yuqori chiziqdan intensiv harakatlarni kutish yanada qiyin. Gvardiola har qancha harakat qilmasin, Gundo‘g‘an, Silva va de Bryuynelarni bir vaqtda tarkibga joylab, yana ulardan katta hajmdagi yugurish ishlarini kuta olmaydi.
Shu o‘rinda Gvardiolaning shu paytgacha ustun bo‘lgan jihati yo‘qolib qolgandek. Biz o‘z vaqtida uning o‘z futboli evaziga bir qator kuchli futbolchilardan voz kechganini yaxshi bilamiz. Aguero bo‘ladimi, Fernandino, Mahrez, Ture yoki Kompani, Gvardiola bu futbolchilarning davri o‘tayotganini oldindan sezib, almashtirishlar og‘riqsiz kechishini ta’minlay olgan. Ha, bunday qarorlar murabbiy uchun oson emas, muxlislarga ham doim yoqavermaydi, lekin Gvardiolani doim eng yuqori darajada ushlab turgan xususiyatlardan biri ham shu. Negadir mana shu sezgi Pepga bu safar pand berayotgandek. Koul Palmer, Alvares, Braim Dias, Rodjyers kabi futbolchilar ayni paytda boshqa jamoalarda porlayotgan bo‘lishsa, o‘rinli savol tug‘iladi – de Bryuyne yoki Silva kabi futbolchilarning davri o‘tayotgani hisobga olinmaganmidi? Ha, birdaniga qanaqadir almashuvlar jamoa o‘yiniga putur yetkazishi, natijalar ortga ketishi mumkin, lekin uzoq muddat bir jamoani boshqarishning ajralmas qismlaridan biri ham mana shunday o‘z vaqtida qilingan qat’iy qarorlar ekanini Pep hammadan yaxshi bilsa kerak.
115 qoida buzilishi borasidagi ayblov va mahkamaning muallaq qolayotgani
«Manchester Siti»ning katta transferlar qilmayotganiga ayni paytda davom etayotgan sud ishining ta’siri biz o‘ylaganimizdan kattaroq bo‘lishi mumkin. Klub moliyaviy qing‘irliklar bilan bog‘liq 115 ayblov bilan ayblanmoqda va ma’lumotlarga qaraganda qoida buzilishlar soni 130 taga yetgan. Bu ishning yakuni qanday bo‘lishi ma’lum emas. Hatto «Manchester Siti» quyi ligalarga tushirib yuborishdan tortib, ba’zi chempionliklarni tortib olishgacha bo‘lgan og‘ir jazo turlari ham ehtimollar ichida mavjud. Albatta, ish ungacha bormasligi ehtimoli katta, ammo mana shu mavhumlik keyingi dadil harakatlar uchun o‘ziga yarasha to‘siq bo‘ladi.
Tasavvur qiling, katta futbolchini taklif qilayotgan klub taklifini loyiha sifatida taqdim etadi. Tabiiyki, o‘sha davom etayotgan mahkama fonida futbolchi ham shartnomagan ba’zi punktlarni qo‘shmoqchi bo‘ladi. Aytaylik, mabodo «Manchester Siti» chempionshipga tushib ketadigan bo‘lsa, shartnoma muddati yakuniga yetishi yoki shunga o‘xshash shartlar bo‘lishi mumkin. Mavhum vaziyatda bunday kelishuvlarda klub o‘zini qanday tutishi noma’lum. Kerakli kafolatni ham bera olmaydi va albatta, katta pul sarflashni ham xohlamaydi.
Pepning g‘oyalaridagi eskirish
Shu o‘rinda «Manchester Siti» transferlar olamida u qadar faol bo‘lmayotgani ham o‘rtaga chiqadi. Pep Gvardiola o‘n yillar oldin futbolda inqilob qildiki, uning uslubi Yevropada etalon sifatida tan olindi, barcha murabbiylar unga ergasha boshladi. Nafaqat Ispaniya, butunlay teskari hisoblangan Angliyada ham to‘p nazoratiga asoslangan uslubda to‘p sura boshlashdi, o‘sha uslubda to‘p suradigan o‘ziga xos mini «Manchester Siti»lar, kichik jamoalar uchun mini Gvardiolalar paydo bo‘ldi. Bu albatta, o‘sha uslub yo‘lboshchisi uchun qulayliklar beradi, ayniqsa transferlar olamida. Gvardiola nafaqat «Manchester Siti»ning yoshlar jamoasidan, balki butun Yevropadan o‘ziga mos uslubda to‘p suradigan, aqlli harakatlanadigan futbolchilarni tanlab olishi mumkin.
Sezgan bo‘lsangiz, so‘nggi yillarda aynan Gvardiolaga mos bo‘lgan futbolchilar ham kamayib ketgandek. Gvardiola futbolchining to‘psiz va to‘p bilan aqlli harakatlanishiga, universalligiga va bir vaqtda turli pozitsiya almashinuvlarga tez va to‘g‘ri baho bera olish qobiliyatiga ko‘proq e’tibor qaratadi. Futbolda bu eng muhim faktorga aylanib, shunday futbolchilar qadrlana boshlangandi. Ammo oxirgi paytlarda yana eski futbol qaytayotgandek. Ko‘proq yuguradigan, jismoniy kuchli bo‘lgan va universal emas, ma’lum bir pozitsiyada mukammal darajada foyda keltiradigan futbolchilarga e’tibor kuchaymoqda. Avvalgidek «to‘qqizlik» hujumchilar, sof vingerlar paydo bo‘la boshlagani, ular talash bo‘layotgani ham bejiz emas. Tabiiyki, bunday bozorda Gvardiola o‘z futbolchisini topishi juda qiyinlashib ketadi. Albatta, yetarli vaqt bilan murabbiy yangi yulduzlarni kashf etishi, avvalgidek yangi pozitsiyalar topib berishi mumkin, lekin «Manchester Siti» sovrinlar yutuvchi mashinaga aylangach, Gvardiola ham o‘zgardi, u ham endi osonroq, qisqaroq yo‘ldan borishni afzal bildi. Bu esa uzoq masofada qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda – endi Gvardiola boshqalardan farqli emas, endi Gvardiola ham boshqa murabbiylar kabi inqirozga uchrashi, boshqa murabbiylar kabi yechim topa olmasligi, boshqa murabbiylar kabi iste’foga ham chiqishi mumkin hatto.
Bunday fikrlar faqat oxirgi o‘n ikki o‘yin natijasidan paydo bo‘lmadi, albatta. Tan olish kerak, anchadan beri Gvardiola futboli etalon emas. Hozirda yana qarshi hujumda yaxshi harakat qiladigan, to‘pni raqib maydonida nazorat qilish o‘rniga, himoya chizig‘ida to‘pni ushlab, raqibni o‘z tomoniga chaqirib, keyin hududlar orqali vaziyatlar yaratadigan jamoalar ko‘paymoqda. Hozircha bunday uslublar «Bolonya», «Bayyer», «Shtutgart» kabi kichikroq o‘lchamda ko‘ringan bo‘lsa, endi «Liverpul» va «Chelsi»da ham sezish mumkin. Hammasini qo‘ying, hatto Gvardiolaning shogirdi Arteta ham butunlay boshqa yo‘ldan ketayotganini ko‘rish qiyin emas.
Etalon futbolning muhim jihati, bu futbol ostida futbolchilar o‘sib, yuqori darajaga chiqishni boshlaydi. Pep o‘z vaqtida qanchalab oddiy yoki yosh futbolchilarni birinchi raqamli yulduzga aylantirganini ko‘rganmiz, jumladan «Siti»ning bugungi tarkibida ham bunday ko‘p. Ammo so‘nggi yillarda qaysi futbolchi o‘z darajasidan o‘smoqda, ayta olamizmi? Bugungi Doku bir yil oldingidan ham g‘ariblashib qolgandek, Jyek Grilishni aytmasa ham bo‘ladi, uning o‘z vaqtida qay darajadagi futbolchi bo‘lganini unutganimiz yo‘q. Ha, Lyuis yoki Savinio kabi futbolchilar ma’lum shartlarda, ma’lum tizim ostida foydali o‘ynayotganini ko‘rib turamiz, lekin ular eng yuqori darajadagi yulduzlarga aylanayotganini ko‘ryapmizmi? Hatto Yoshko Gvardiol ham Manchesterga dunyoning eng iste’dodli himoyachisi sifatida kelmaganmidi?
Etalon futbolning yana bir xususiyati, aynan mana shu uslubda katta o‘yinlarda, katta raqiblarga qarshi yaqqol g‘alabalarga erishish, ya’ni o‘sha ustunlik barchaning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lishi kerak. Xo‘sh, oxirgi marta Gvardiola qachon mana shunday g‘alabaga erishdi? Oxirgi 12 o‘yinni qo‘ying, chempionlikka erishilgan o‘tgan mavsumda ham «Manchester Siti» asosiy raqiblari bo‘lgan «Arsenal» va «Liverpul»ni ham yenga olmadi. «Real»ga qarshi o‘yinlarda ham yaqqol g‘oyaviy ustunlikni ko‘rmadik. Hatto kubok finalida muammoli «MYu» ham g‘alaba qozona oldi. Aytmoqchimanki, o‘sha trebldan so‘ng «Manchester Siti»da yangilanish g‘oyalari ko‘rib chiqilishi lozim edi. Ammo Gvardiola o‘sha jamoa bilan oxirigacha borishga qaror qildi va natijani ko‘rib turibmiz.
Bu Pep Gvardiola faoliyatidagi ilk inqiroz. Va bu o‘zi uchun biroz begona bo‘lgan sharoitda, unga ilgari amalga oshirmagan vazifalar yuklayotganini ta’kidlash lozim. U Manchesterda o‘zining to‘qqizinchi yilini o‘tkazmoqda. «Barselona»da to‘rt, «Bavariya»da uch yil ishlagan, ya’ni yuqori darajadagi vazifalar va bosim ostida tarkibni yangilashga ehtiyoj sezmagan. Manchesterdagi bugungi jamoasi ilk chempionlik yilidagi tarkibdan farq qilsa-da, masalan, de Bryuyne, Uoker, Silva kabi futbolchilar o‘shanda ham, hozir ham muhim figura bo‘lib qolmoqda. Pep hali Manchesterda ularsiz kuchli jamoa tuzib ko‘rgani yo‘q.
Albatta, «Manchester Siti» yana qaytishi, Gvardiola bu yerda kattaroq sovrinlarni yutishi mumkin, lekin u ishlar yangi jamoa, yangi futbolchilar bilan bo‘ladi. Gvardiola balki murabbiy sifatida balandroq cho‘qqilarni zabt etishi mumkin, ammo bu ham yangi uslub, yangicha qarashlar bilan bo‘ladi. Ungacha, mana shu futbolning barcha mevalarini totib ko‘rgan «Manchester Siti» inqirozli davrni ham Pep bilan birga bosib o‘tishga majbur.
Bu yerda eng muhimi, vaziyatga chetdan baho bera olish, qaysarlikni, hammaga hamma narsani isbotlashga bo‘lgan istak ketidan quvmaslik va masalaga sovuqqonlik bilan qarab, muammolarni birma-bir yechish, jiddiy va qat’iy qarorlardan qo‘rqmaslik talab etiladi. Aks holda...
Agar ushbu inqirozga ta’sir qilgan barcha sabablarni bir guldastaga qiyoslasak, bu guldasta «Manchester Siti»ning qabriga qo‘yilmasa bo‘ldi...
Qahramon Aslanov