O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri boshchiligidagi delegatsiya 2-3-sentabr kunlari Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya tomonidan Ostona shahrida tashkil etilgan «Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo – Tinch okeani vazirlar konferensiyasi»da ishtirok etdi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu tadbir doirasida vazir Sherzod Shermatov Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri J.Madiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari, shuningdek, raqamli ko‘nikmalarni o‘qitishni ta’minlash, raqamli inklyuzivlik va raqamli transformatsiya bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik holati va uni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Raqamli innovatsiyalarni jadallashtirish uchun zarur mintaqaviy hamkorlik rejalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishtirokida kosmosga o‘zaro sun’iy yo‘ldoshlar guruhini uchirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish masalasini o‘rganish va tahliliy ma’lumotlarni joriy yil yakuniga qadar tahlil qilib, takliflarni belgilab olish muhokama qilindi.