Olimlar Oyning orqa tomonidan olingan tuproq namunalarini o‘rgandi

Fan-texnika 23:37 / 19.11.2024 744

Xitoyning «Chan’e-6» missiyasi Oyning orqa tomonidan olib kelgan tuproq namunalarini o‘rgangan olimlar Yerning tabiiy yo‘ldoshida vulqon faolligi milliardlab yillar davom etganini aniqladi. Bu haqda Science va Nature jurnallarida so‘z boradi.

Tahlillar 4,2 milliard yil oldingi qadimiy lavalar otilishidan nisbatan «yosh» — 2,8 milliard yil oldingi lavalargacha bo‘lgan davrda Oy yuzasida muntazam geologik o‘zgarishlar sodir bo‘lib turganini ko‘rsatdi.

«Chan’e-6» Yerga qariyb ikki kilogramm Oy tuprog‘i bilan qaytgan edi. Birinchi kosmik apparat — «Change-4» 2019 yilda qo‘nishni amalga oshirgandi.

Tuproq namunalari Oydagi eng qadimiy va yirik kraterlardan biri bo‘lgan Janubiy qutb-Eytken havzasidan to‘plangan. Olimlar yupqa Oy changi turli geologik davrlarga tegishli zarralardan iborat ekanini aniqladi. Ularning ayrimlari 2,83 milliard yil oldin otilgan lavadan hosil bo‘lgan bo‘lsa, qolganlari — 4,2 milliard yil oldingi davrga tegishli.

Foto: Xinhua/Shutterstock

«Muntazam mikrometeorit zarbalari va yuqori energiyali quyosh zarralari qoyalarni parchalab, ularni changga aylantiradi hamda atmosferasiz yuza bo‘ylab sochib yuboradi», — deydi Xitoy Fanlar akademiyasi petrologi I-Gan Syuy.

«Ushbu ma’lumotlar yana bir bor Oyning orqa tomoni tabiiy yo‘ldoshni faol geologik tarixi izlarini yashirib kelayotgan noyob hudud ekanini isbotlamoqda. To‘lqinlar sinxronizatsiyasi tufayli uni Yerdan kuzatish imkonsiz, shuning uchun bunday namunalarni o‘rganish kosmosni tadqiq etishda muhim qadamdir», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilgi tadqiqotlar davomida Oyning orqa qismidagi birlamchi mantiya namunalarida piroksenlar va olivinlar – kam miqdorda kalsiyga va ko‘p miqdorda temirga ega zich minerallar aniqlangan edi. Mutaxassislarning fikricha, bu jinslar dastlab yuqori mantiya tarkibiga kirgan, biroq meteoritlar tushishi natijasida sirtga otilib chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: