Chexiya yuzlab maktablardagi portlash tahdidlarida rossiyalik josuslarni aybladi

Jahon 23:54 / 19.11.2024 958

Rossiya mahalliy jamiyatlarni beqarorlashtirishga urinib, Yevropada gibrid urushni davom ettirmoqda. Endi vaziyat Chexiya va Slovakiya maktablariga bombalar qo‘yilgani to‘g‘risida xabar tarqatish orqali ommaviy vahimani uyg‘otishgacha yetib bordi, deb xabar beradi The Moscow Times.

Chexiya ichki razvedka xizmati boshlig‘i Mixail Koudelka maktablarda portlash yuz berishiga oid ommaviy ogohlantirishlar bo‘yicha mas’uliyatni Rossiya zimmasiga yukladi. Rossiyaning Yevropadagi qo‘poruvchilik faoliyatiga bag‘ishlangan parlament konferensiyasida so‘zga chiqib, u muntazam ravishda sodir bo‘ladigan kiberhujumlar haqida ma’lumot berdi va uni yuqoridagi voqealar bilan bog‘ladi.

«Kibermakondagi operatsiyalar ham mamlakatimizdagi muassasalarga qaratilgan hujumlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq… Masalan, sentabr oyida Chexiya va Slovakiyadagi qator maktablarga portlovchi qurilmalar qo‘yilganiga oid yuborilgan elektron maktublar ortida ham Rossiyaning qo‘li borligi ko‘rinib turibdi», — deydi razvedka boshlig‘i.

Sentyabr boshlarida har ikki mamlakatdagi yuzlab maktablarga bomba qo‘yilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan va natijada, politsiya tergov o‘tkazib olgunga qadar ularni bir necha kunga yopishga to‘g‘ri kelgandi. Birorta tahdid o‘z isbotini topmagan va maktablar hududida portlovchi moddalarga oid hech narsa topilmagan.

«Biz «yozuvlik o‘qlari» — Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya bir-birini to‘ldirib va o‘z maqsadlariga erishishda bir-biriga yordam berayotgan o‘ziga xos globalizatsiya yozuvligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shu bois juda jiddiy va xavfli hodisalarni kuzatyapmiz» — deydi Koudelka.

Ichki ishlar vazirligi vakili Yan Padourek Rossiya joriy yilda Yevropada bir nechta qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirganini eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday strategiya sovet davrida tayyorlangan, hozir esa RF undan foydalanishni boshlagan.

Praga avtobus parkida yuz bergan yong‘inni ham maxsus xizmatlar rossiyalik josuslar yoki ular tomonidan yollangan qo‘poruvchilar faoliyati bilan bog‘lamoqda. Yong‘inlar, shuningdek, Vilnyusdagi Ikea do‘konida, Londondagi omborda, Varshavadagi savdo markazida ham sodir bo‘lgan. So‘nggi voqealar qatoridan Leypsig va Birmingemdagi DHL omborlarida posilkalarning yonib ketishi o‘rin oldi. G‘arb maxsus xizmatlarining baholashicha, Rossiya josuslari ular yordamida samolyot bortida yong‘in paydo qilmoqchi bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: