«Mehr» operatsiyasida O‘zbekistonga qaytarilganlarning 9,8 foizi an’anaviy islom diniga e’tiqod qiladi» – Botir Tursunov

O‘zbekiston 15:10 / 04.09.2024 12959

Toshkentda davom etayotgan ShHT va MDH tuzilmalari ishtirokidagi xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari, general mayor Botir Tursunov nutq so‘zladi. DXX mulozimiga ko‘ra, mustaqil taraqqiyot yillarida dunyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham terrorizm va ekstremizmning turli shakllariga duch kelgan.

«Xavfsizlikning bu tahdidlariga qarshi kurashish bizga bu sohada milliy andozani shakllantirish imkonini berdi. Ayni paytda, terrorizm va ekstremizmga qarshi yondashuvimiz takomillashmoqda, biz yangi chaqiriq va tahdidlarga moslashyapmiz», — deya Botir Tursunovning so‘zlarini keltirmoqda O‘zA.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasining qabul qilinishi bu borada burilish bo‘lgan.

«Ushbu hujjatlarda huquqni himoya qilish tuzilmalari, hokimiyat va boshqaruv organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Ekstremistik g‘oyalarning sobiq va salohiyatli tarafdorlari bilan ijtimoiy va psixologik ishlash, ularni o‘qitish, ish bilan ta’minlash, umuman, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday o‘zgarish va yondashuv yuksak natijalarni berib, xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lmoqda», deydi Botir Tursunov.

Shuningdek, DXX rasmiysi Mehr operatsiyalari doirasida urush nuqtalaridan olib kelingan fuqarolarning ayrimlari «zamonaviy turmush tarzida», ayrimlari esa «an’anaviy Islom diniga e’tiqod qilishi»ni ma’lum qilgan.

«Xususan, 2019 yildan buyon 5 ta «Mehr» gumanitar aksiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar repatriant O‘zbekistonga qaytarildi. Ularga ijtimoiy, tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Natijada, bugungi kunda repatriantlarning 90,2 foizi zamonaviy turmush tarzini olib bormoqda, 9,8 foizi an’anaviy islom diniga e’tiqod qiladi», – deydi DXX raisi o‘rinbosari Botir Tursunov.

Ko‘proq yangiliklar: