Google Hindiston kompaniyasi bilan kasallikni «eshitadigan» sun’iy intellekt yaratishni boshladi

Fan-texnika 21:33 / 04.09.2024 1930

Google o‘tgan hafta insondan chiqadigan tovushlar orqali kasallikni aniqlashga qaratilgan bioakustik modelni yaratish uchun Hindistonning sun’iy intellekt sohasidagi startapi bilan birlashdi, deb xabar beradi Bloomberg.

Bioakustika — bu biologiya va akustikaning o‘ziga xos kombinatsiyasi bo‘lib, hayvonlar va odamlardan chiqarilgan tovushlardan ma’lumot olishga yordam beradi. ChatGPT’ga butun dunyo bo‘ylab 200 million foydalanuvchini olib kelgan generativ sun’iy intellekt endi mazkur sohada yangi funksionallik darajasini qo‘shmoqda.

Alphabet Inc. tomonidan yaratilgan asosiy SI modellaridan biri kasallikning dastlabki belgilarini bashorat qilish uchun audio signallardan foydalanadi. Texnologiya smartfonga o‘rnatilishi va murakkab geografik sharoitda yashovchi yuqori xavf darajasiga ega aholi guruhini kuzatib bora oladi. Qimmatbaho diagnostika uskunalari, masalan, rentgen apparatlari yoki texnik ekspertiza bo‘lmagan joyda sun’iy intellekt mobil telefon mikrofoni bilan yordamga kelishi mumkin.

Ushbu sun’iy intellekt tizimi hozirda dunyodagi asosiy infeksiyaga qarshi kurashda yordam bermoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har kuni 30 ming kishi silga chalinadi va 4,5 mingga yaqin inson ushbu kasallikdan vafot etadi. Mazkur kasallikni davolash mumkin, ammo millionlab odamlarga tashxis qo‘yish imkonsiz. Hindistonning o‘zida ushbu kasallikdan har yili chorak million odam vafot etadi.

Google o‘zining sun’iy intellekt bazaviy modeliga yo‘tal, tumov, aksirish va nafas olish kabi butun dunyo bo‘ylab to‘plangan 300 million audiyozuvlarni joylashtirgan. Google HeAR nomini olgan sun’iy intellekt modeli endilikda sil kasalligini aniqlashda yordam beradi. Sun’iy intellekt yo‘tal shakllaridan kasallikning dastlabki belgilarni aniqlaydi, bemorlarni ajratib, keyingi tekshiruvlar va davolash uchun navbatga qo‘yadi.

Ko‘proq yangiliklar: