Partiya dasturidagi davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadlarni adolatli taqsimlash, jarimalar miqdori va boshqa huquqiy ta’sir choralarini fuqarolarning daromadlariga mutanosibligidan kelib chiqib belgilash, aholi o‘rtasida keskin tabaqalanishning oldini olish kabi tashabbuslari ham partiyaning sotsial-demokratik g‘oyalarga sodiqligini ko‘rsatadi.
Jumladan, saylovoldi dasturida sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini “tijorat tashkiloti”dan notijorat tashkilotga o‘tkazish, farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, joylarda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmonlarning noqonuniy aylanishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha ta’sirchan qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqish belgilandi.
Fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchini oshirishda sudyalarning mustaqil bo‘lishi muhim mezon bo‘lib, sudyalar huquqlarini yuqori darajada kafolatlash va ish yuklamalarini ma’qullashtirish maqsadida “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar sonini oshirish hamda advokatura institutini rivojlantirish taklifi ilgari surilmoqda.
Shuningdek, aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash maqsadida istirohat bog‘lari, sayilgohlarni xususiylashtirishni taqiqlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun svetoforlarda maxsus tovush chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatish kabi g‘oyalar partiyaning saylovoldi dasturidan muhim o‘rin egallagan.
Shu bilan birga, talabalarning turar joylar bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida o‘quv adabiyotlarini yaxshilash, zamonaviy xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va tarjima qilish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda ilm-fan sohasi vakillarining manfaatlarini himoya qilish, olimlarning mashaqqatli mehnatini qadrlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Qurultoy delegatlari muhokamalardan so‘ng “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” deb nomlangan saylovoldi dasturini tasdiqladi.
Qurultoy kun tartibidan o‘rin olgan yana bir muhim masala – joriy saylovlarda deputatlikka partiyadan ko‘rsatiladigan nomzodlarni tasdiqlash bo‘ldi.
Qurultoy yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga majoritar bir mandatli okruglar bo‘yicha 75 nafar, partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha 100 nafar nomzodlar ko‘rsatildi.
E’tiborlisi, nomzodlarning 45 foizi ayollardan iborat bo‘lib, barcha 175 nafar nomzod oliy ma’lumotga ega. Ularning 25 foizini pedagoglar, 20 foizini huquqshunoslar, 18 foizini tibbiyot, 37 foizini iqtisodiyot, ijtimoiy va boshqa sohalar vakillari tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 18 nafarida fan nomzodi (PhD, Doctor of Philosophy) va 23 nafarida fan doktori (DSc Doctor of Science) ilmiy darajasi mavjud.
Qurultoyda qayd etilganidek, barcha nomzodlarga oid hujjatlar nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.