4 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:10 / 04.09.2024 3602

Maktablarda boshlangan yangi o‘quv yili, pulli yo‘llar qurilishining boshlanish sanasi, elektr, gaz va suv ta’minotini xususiy qo‘llarga topshirishning yakuniy sanasi va tadbirkorlar uchun yangi unvon — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston maktablarida o‘qish boshlandi

O‘zbekiston maktablarida 4 sentabrdan darslar boshlandi. Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, bu yid 700 mingdan ziyod bola birinchi sinfga chiqqan.

Qayd etib o‘tish joizki, 400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega zamonaviy ta’lim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish «O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilab qo‘yildi.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida soliq xodimlari “Birinchi qo‘ng‘iroq” kunida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mol-mulk va yer soliqlari haqida eslatma-xat tarqatib, uni ota-onalariga yetkazishlarini so‘ragan. Xodim bolalarga soliqni qachon va qanday to‘lash kerakligini tushuntirib, Konstitutsiyadan iqtibos keltirgan.

Soliq qo‘mitasi holatni qoralab, tekshiruv boshlanganini bildirdi. Bolalar ombudsmani mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.

Pulli yo‘llar qurilishi sanasi belgilandi

«Toshkent–Samarqand» va «Toshkent–Andijon» pulli yo‘lini qurish ishlari qachon boshlanishi «O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1000 km zamonaviy pulli magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan Toshkent–Samarqand yo‘lini qurish ishlarini 2024 yilda hamda Toshkent–Andijon yo‘lini qurish ishlarini 2026 yilda boshlash belgilab qo‘yilgan;

Elektr, gaz va suv ta’minoti — xususiy qo‘llarga

Prezidentning yuqorida aytilgan qaroriga ko‘ra, elektr va gaz ta’minoti, toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda markazlashgan oqova suv ta’minotining xususiy qo‘llarga o‘tkazishning so‘nggi mudati belgilandi.

Qarorga ko‘ra, avval yillik energiya yo‘qotishlarini kamida ikki baravar pasaytirib, barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027 yil 1 iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027 yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalar imzolash belgilandi.

Yiliga qo‘shimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028 yilga qadar barcha ma’nan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish;

Toza va doimiy ichimlik suv bilan ta’minlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirib, 2028 yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish ham belgilangan.

Tadbirkorlarga yengillik

2024 yil 1 noyabrgacha tadbirkorlarga elektr va gaz uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratish, iste’mol miqdoriga nisbatan limitlarni oshirish va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda ortiq iste’mol qilingan elektr hamda gaz uchun qo‘shimcha to‘lovni kamida 10 baravarga kamaytirish choralari ko‘riladi.

Bu “O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida o‘z aksini topgan.

Shuningdek, 2024 yil 1 noyabrdan prezident qaroriga asosan amalga oshirilayotgan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan 100 million so‘mlik mikrokreditni qayta moliyalashtirish yoki ular bo‘yicha kafilliklar taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda 300 million so‘mgacha oshirishga ruxsat etildi.

Tadbirkorlar uchun unvon

Yangi qonun bilan «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» faxriy unvoni ta’sis etildi.

Faxriy unvon biznesning yangi, yuqori daromadli yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, sohaga innovatsiyalarni keng joriy qilish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, eksport salohiyatini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, o‘z faoliyati davomida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirib, ijtimoiy loyihalardagi faolligi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan, biznes yuritishda katta tajribaga ega, ilg‘or va tashabbuskor tadbirkorlik sub’yektlari rahbarlari va ta’sischilariga beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: