Yangi Zelandiya chet ellik sayyohlar uchun mamlakatga kirish solig‘ini keskin oshiradi, deb xabar bermoqda BBC.
Qayd etilishicha, 1 oktyabrdan boshlab tabiatni muhofaza qilish va turizm uchun xalqaro turistik soliq qiymati qariyb uch barobarga oshadi — 100 Yangi Zelandiya dollarigacha (47,2 funt).
Hukumatning ma’lum qilishicha, bu iqtisodiy o‘sishga yordam beradi hamda «tashrif buyuruvchilar jamoatchilik xizmatlariga hissa qo‘shishi va Yangi Zelandiyaga kelganda yuqori sifatli taassurotga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi».
Ammo Tourism Industry Aotearoa mustaqil turistik tashkilotiga ko‘ra, yig‘imlar narxining oshirilishi turistlarni «qo‘rqitib yuborishi mumkin». Mamlakat o‘zining maori madaniyati va hayratlanarli peyzajlari, jumladan, muzliklari, tog‘lari, vulqon va ko‘llari bilan tanilgan. Biroq uning Tinch okeani janubiy qismida joylashgani va aviaparvozlar narxining qimmatligi tashrif buyuruvchilar uchun muntazam qiyinchiliklar tug‘dirib keladi.
«Yangi Zelandiyada turizmning tiklanishi butun dunyodan ortda qolmoqda bu bizning global raqobatbardoshligimizni yanada pasaytiradi», — deyiladi xabarda.
Yangi Zelandiya turistik yig‘imni birinchi marta 2019 yilda joriy etgan. Pandemiya vaqtida mamlakat ikki yarim yilga chegaralarini yopdi va 2022 yil avgustgacha xorijliklarning kirishiga ruxsat bermadi.
Hozirda mamlakat turistlar sonini pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichga qaytarishga urinmoqda: 2023 yilda Yangi Zelandiyada qariyb 3 million turist tashrif buyurgan. Turizm vaziri Mett Dusining ta’kidlashicha, yangi soliq turistlarni cho‘chitib yuboradigan jiddiy omil bo‘lmaydi, chunki 100 Yangi Zelandiya dollari mamlakatga kelayotgan aksariyat turistlar xarajatining 3 foizdan kamrog‘ini tashkil etadi.