WSJ: AQSh Putinning tahdidlaridan keyin yadro arsenalini kengaytirishga tayyor

Jahon 11:55 1241

Qo‘shma Shtatlar Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarning oldini olish uchun yadro arsenalini kengaytirishga tayyor. Bu haqda 14 noyabr, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining yuqori martabali vakillariga tayanib, The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil boshida Bayden Pentagonga Moskva, Pekin va Pxenyan bilan bir vaqtda mojaro yuzaga kelgan taqdirda variantlarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘ta maxfiy ko‘rsatmani imzolagan. Uning asosi Osiyo va Yevropada yadroviy bo‘lmagan to‘xtatuvchi kuchlarni rivojlantirish va harbiy hamkorlikni chuqurlashtirishdir, ammo AQSh Mudofaa vazirligi boshqa sa’y-harakatlar yetarli bo‘lmasa, yadroviy kallaklar sonini ko‘paytirish variantlarini ham tayyorlamoqda, deb ta’kidlaydi WSJ.

Yadro triadasining barcha komponentlarini oshirish mumkin

Pentagon quruqlikdagi raketalar, dengiz raketalari va bombardimonchi samolyotlardan iborat Amerika yadro triadasining barcha tarkibiy qismlarida yadro kallaklari sonini kengaytirishi mumkin, deb yozadi gazeta.

Potensial qadamlar Minuteman III qit’alararo ballistik raketalarida jangovar kallaklar sonini va Amerika strategik kuchlarining asosini tashkil etuvchi suvosti kemalarida jangovar kallaklar sonini ko‘paytirishni o‘z ichiga olishi mumkin. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Bayden ma’muriyati tomonidan bekor qilingan, ammo Kongress tomonidan tiklangan dengizda joylashgan yadroviy qanotli raketalarni ishlab chiqarish dasturini ishlab chiqishda davom etadi, deb yozadi gazeta.

Ko‘proq yadro kallaklarini joylashtirish bo‘yicha yakuniy qarorni endi saylangan prezident Donald Tramp ma’muriyati qabul qiladi. Uning jamoasi hali mudofaa rejalarini e’lon qilmagan, biroq Tramp o‘zining birinchi muddatida o‘zidan oldingi prezident Barak Obama ma’muriyatidan o‘tgan barcha asosiy yadroviy qurol dasturlarini ma’qullagan va ikkita yangi yadroviy tizimni qo‘shgan, deya ta’kidlanadi ma’lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: