Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda investitsiya va eksport mavzusida bo‘lib o‘tayotgan prezident selektorida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, Mahmudaliyev ivestitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun lavozimidan olingan.
Akmaljon Mahmudaliyev 2022 yil 26 noyabrdan buyon Sirdaryo viloyatini boshqarib kelayotgandi. U faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ham ishlagan.
16 yanvar kungi prezident selektorida, shuningdek, 16 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan.
«O‘tgan yili Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot tumanlarida investitsiya 15 million dollarga ham yetmadi. Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari, Ohangaron shahrida eksport kamaygan. Ushbu 16 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan e’lon qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Quyidagi hokimlarga hayfsan jazosi berilgan:
- Beruniy tumani hokimi Xidirov Ikrom Torebayevich;
- Qorao‘zak tumani hokimi Baymuratov Anvar Maxsetovich;
- Qo‘ng‘irot tumani hokimi Madaminov Bekzod Baxodirovich;
- Peshku tumani hokimi Davlatov Hayot Hasanovich;
- Yangiobod tumani hokimi Qarshiboyev Ibroxim Boltayevich;
- Qamashi tumani hokimi Usmonov Xurshid Abdukarimovich;
- Xonqa tumani hokimi Davlatov Muradbek Saparboyevich
- Shovot tumani hokimi Xolboyev Oybek Madaminovich;
- Romitan tumani hokimi Barnoyev Umedjon Isoyevich;
- Dehqonobod tumani hokimi Shokirov Sherzod O‘tkirovich;
- Mirishkor tumani hokimi G‘ulomov Fayzullo Qurbonovich;
- Chiroqchi tumani hokimi Yusupov Fayzulla Yakubovich;
- Narpay tumani hokimi Buranov Sherbek Erkinovich;
- Nurobod tumani hokimi Berdikulov Sirojiddin Valikulovich;
- Guliston tumani hokimi Mamadaminov Ulmasjon Yarmaxammatovich;
- Ohangaron shahar hokimi Rajabboyev Muzaffar Erkaboyevich.
Endilikda investitsiya bo‘yicha yangi nazorat tizimi bo‘lishi belgilandi.
Bunda bosh vazir bu yilgi 42 milliard dollar xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy rejani tasdiqlaydi, viloyat, shahar va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari haftada ikki kun investitsiya bilan shug‘ullanadi.
Mutasaddilar tinmay hududlarga borishi, tadbirkorlar bilan uchrashishi, masalasini joyida hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.