“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda

O‘zbekiston 12:11 6297

Boshlang‘ich 20 foizlik to‘lov, yillik 7 foiz ustama va zavod bilan “pryamoy” aloqa – Toshkentda 16 kun oldin davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Halal Auto Leasing kompany” MChJ odamlarni shu shartlar asosida mashina olib berishga ishontirmoqda. “Islom moliya talablari asosida” faoliyat yuritishini aytayotgan firma hatto UzAuto Motors’da ham yo‘q bo‘lgan bir paytda yangilangan Cobalt mashinasini yetkazib berish bo‘yicha mijozlar bilan shartnoma tuzmoqda. Mijozlar xatto “Xitoydagi avtomobil kompaniyalari bilan aloqamiz bor” deya ishontirilmoqda. Bu “to‘playman-u, qochaman” ssenariysidagi navbatdagi firibgarlik bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahrida ochilgan “Halal Auto Leasing kompany” MChJ odamlarni oson shartlarda avtomashina olib berishga ishontirmoqda. Firmaning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan reklamalarida mijozlarga bir necha turdagi avtomobillar yillik 7 foizlik ustama va 1 yildan 5 yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berilishi va’da qilinyapti.

Avtolizing firmasi aytayotgan shartlar O‘zbekiston sharoitidagi iqtisodiy qoidalarga mutlaqo mos kelmaydi. Bu esa mazkur firma odamlarni chuv tushirishga urinayotgan navbatdagi “qopqon” ekani haqida shubhalarni uyg‘otadi. Bunday deyishimizga bir nechta asoslar bor.

Yo‘q firma bilan boshlangan faoliyat

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Halal Auto Leasing kompany” MChJ 2024 yil 31 oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Uning ta’sischisi Yo‘ldoshev Ixtiyorjon Obidjon o‘g‘li.

Biroq avtolizing firmasining Telegram’dagi kanalida 25 oktyabr kuni “ilk mijozi” qo‘liga mashina kalitini olgani, shuningdek, 27 oktyabr kuni mijozlardan biri Damas mashinasi xarid qilgani haqida postlar e’lon qilingan.

Firma mijozlariga taqdim etayotgan shartnomaga ko‘ra, mashina 20 kundan 105 ish kunigacha yetkazib beriladi. Demak, 25 oktyabrda mashina kalitini qo‘lga kiritgan mijoz kamida 1 oktyabr kuni MChJ bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi kerak. MChJ 31 oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, unda “ilk mijoz”ga Damas qanday olib berildi?

Zavodda yo‘q Cobalt’ga shartnoma firmada “bor”

Cobalt sotib olish uchun UzAuto Motors bilan shartnoma tuzishning o‘zi bir muammo. Oxirgi marta 2024 yilning 17 iyul kuni Cobalt uchun bir kunga onlayn shartnoma tuzish imkoniyati ochilgandi. Qolaversa, UzAuto Motors Cobalt'ning yangilangan versiyasi 2025 yildan boshlab sotuvga chiqarilishini, shartnoma ham 2025 yildan berilishini ma’lum qilgan.

Ammo “Halal Auto Leasing kompany” MChJ hech ikkilanmasdan odamlar bilan ularga yangilangan versiyadagi Cobalt yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzmoqda. Yetkazib berish muddati 105 ish kunigacha. Dastlabki to‘lov esa 29,5 mln so‘m.

Bundan tashqari, shartnomada mijozdan avtomobil olish uchun hujjatlarni yig‘ish (reklamada esa faqat fuqarolik pasporti kerakligi ko‘rsatilgan), tayyorlash va rasmiylashtirish uchun xizmat sifatida 995 ming so‘m undirish belgilangan. Shuningdek, mijoz hali mavjud bo‘lmagan (va bo‘lishi ham katta shubha ostidagi) mashina uchun:

- ro‘yxatdan o‘tkazishga (!) 2 mln 325 ming so‘m;

- texnik pasportga 238 ming so‘m;

- davlat raqam belgisiga 1 mln 190 ming so‘m;

- hisob ma’lumotnomasiga 40 ming so‘m;

- bank komissiyalariga 360 ming so‘m;

- YHXBga ariza uchun 34 ming so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi.

O‘zini “Halal Auto Leasing kompany” MChJ menejeri deb tanishtirgan Ibrohim ismli xodimning tushuntirishicha, avtolizing firmasi mashinani UzAuto Motors bilan o‘zaro shartnoma qilgan holda oladi va notarius orqali taqiq qo‘yib, mijoz nomiga o‘tkazib beradi.

UzAuto Motors’ning munosabat bildirishicha, “Halol Avtolizing”, ya’ni “Halal Auto Leasing kompany” MChJ “UzAuto Motors” AJ rasmiy dileri emas hamda unga hech qanday aloqasi yo‘q.

Platforma.uz kanalida ayni shu mazmunda e’lon qilingan postga avtolizing firmasi shunday munosabat bildirgan:

Biz UzAuto Motors kompaniyasi mashinalarini sizga rasmiy diler sifatida emas, “Halol Avtolizing” (alohida lizing kompaniya) kompaniyasi sifatida bo‘lib to‘lashga berishimizni bildiramiz. Biz shuni ta’kidlashni istaymizki, “Halol Avtolizing” hech qanday firibgarlikka aloqador emas va o‘z mijozlariga qonuniy hamda shaffof xizmat ko‘rsatadi.

Halol Avtolizing” mustaqil lizing kompaniyasi bo‘lib, barcha jarayonlarimiz qonunchilikka mos tarzda amalga oshiriladi”.

UzAuto Motors mashinalariga shartnomani faqatgina fuqaroning shaxsiy kabineti orqali onlayn tuzish mumkin. “Halal Auto Leasing kompany” MChJ qanday qilib rasmiy diler bo‘lmagan holda UzAuto Motors’dan Cobalt olib, mijozga rasmiylashtirib berishi tushunarsiz.

Biz pryamoy zavoddan olib beramiz”

Bu “Halal Auto Leasing kompany” MChJning mijozlarga aytayotgan va’dasi. Firma reklamalariga e’tibor qaratilsa, mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniya mashinalaridan tashqari chet el mashinalari ham bor.

Kun.uz muxbiri firmaning bir necha xodimlari bilan bog‘lanib, shubhali bo‘lib qolayotgan jihatlarga aniqlik kiritishga urinib ko‘rdi. Afsuski, “barchasi qonuniy, tegishli hujjatlar asosida ish yuritamiz, bizda aldov yo‘q” kabi umumiy javoblardan nariga o‘tilmadi.

Yana bir muhim jihat – firma faqat mahalliy hamda xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni olib berish xizmatini taklif qiladi. Muqaddam foydalanilgan, ya’ni haydalgan avtomobilni mijoz uchun pulini to‘lab olib bermaydi.

Kun.uz vakili mijoz sifatida avtolizing firmasi ofisiga borib, menejerlar bilan suhbatlashdi.

Ularning suhbati quyidagicha kechdi:

Kun.uz vakili: “Mashina olmoqchi edim, shartlaringiz qanaqa? BYD ham olib bera olasizlarmi?”.

Firma menejeri: “Olib beramiz, aka. Faqatgina bizda tayyor mashinalar yo‘q. Zavoddan 20 ish kunidan 105 ish kunigacha chiqishi mumkin mashinangiz. Ozgina kutasiz”.

Kun.uz vakili: “Tayyor mashina olib kelsam, o‘shani olib bera qolinglar menga”.

Firma menejeri: “Tayyor mashina olsangiz qimmatga tushib ketasizda. Qimmat-da u”.

Kun.uz vakili: “Nega? Tayyor mashina topaman, shuning 20 foizini to‘layman, qolganini sizlar to‘lab, olib berasizlar”.

Firma menejeri: “Yo‘q, biz unaqa narsa bilan shug‘ullanmaymiz”.

Kun.uz vakili: “Sizlarning zavodlar bilan aloqalaringiz yo‘q-ku. Yoki Xitoy zavodlari bilan ham aloqalaringiz bormi?”

Firma menejeri: “Bor. Hamma mashinadan bemalol chiqarib bera olamiz. Faqatgina sizdan talab qilinadigan narsa sabr qilishingiz kerak bo‘ladi”.

Kun.uz vakili: “BYD zavodi bilan sizlarning qanday aloqalaringiz bor?”.

Firma menejeri: “Voy, aka, hammasi bilan aloqamiz bor”.

Kun.uz vakili: “O‘zlaringiz o‘sha zavod bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilasizlarmi?”

Firma menejeri: “Ha. Avtosalonga chiqsa ham ustiga qo‘shiladi. Biz esa pryamoy zavoddan buyurtma asosida olib chiqib beramiz”.

Kun.uz vakili: “Mashina kimning nomida turadi?”

Firma menejeri: “Sizning nomingizda bo‘ladi. Oldi-sotdi qilmasligingiz uchun taqiq qo‘yiladi faqat”.

Kun.uz vakili: “Xo‘p, men tayyor mashina olib kelsam, shunga o‘tkazib bering”.

Firma menejeri: “Yo‘q. Biz zavodga o‘zimiz to‘lov qilamiz. Sizdan oldin navbatda qancha navbat bor”.

Kun.uz vakili: “Siz baribir o‘zingizning 7 foiz foydangizni qo‘yasiz, nima farqi bor?”.

Firma menejeri: “Unaqa narsa bo‘lmaydi, aka. Sizdan oldingi odamlar-chi? Biz uzog‘i 10-15 kunda qaysi mashinani olmoqchi bo‘lsangiz, o‘shaning zavodiga to‘lov qilamiz”.

Maqsadi yillik 7 foizlik ustama hisobidan daromad olish bo‘lgan kompaniya nega tayyor avtomobilni olib bera qolmasligi ham g‘alati.

Yillik 7 foizlik ustama

Firmaning ayni shu va’dasi odamlar uchun tashlangan “xo‘rak” vazifasini o‘tayotgan bo‘lsa, ajab emas. Negaki, O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan avtomobil xaridi uchun o‘rtacha yillik 23 foizdan yuqori bo‘lgan kreditlar taklif etilmoqda.

Avtolizing firmasi menejeri “Ibrohim” buni kompaniyaga chet eldan 1 foizlik investitsiya kiritilgani, shuning hisobiga firma mashinani zavoddan o‘zi to‘liq pulini to‘lagan holda sotib olib, mijozlarga yillik 7 foizlik ustama asosida berishi bilan izohladi. MChJ kam foizlik ustama va shartnomada penya (jarima) mavjud emasligini “Islom moliya talablari asosida” degan niqobga o‘rab, odamlarga taqdim qilmoqda.

Yillik arzon ustama odamlarni jalb qilish rolini bajarsa, dastlabki to‘lovning bankka topshirilishi go‘yoki qonuniylik tusini berishga xizmat qilgan. Aslida esa, to‘lov bank orqali amalga oshirilsa ham “Halal Auto Leasing kompany” MChJning hisob raqamiga borib tushadi. Bunda bankda biror bir mas’uliyat yoki majburiyat bo‘lmaydi. Hisobraqamda to‘plangan pulni istalgan vaqtda birgina tugmani bosish orqali “qo‘ltiqqa urish” qiyin ish emas.

Qolaversa, “Halal Auto Leasing kompany” MChJning daromadi 7 foizlik ustamada ekani ham biznes qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu foizlar O‘zbekiston sharoitida soliqlarni qoplashga yetmaydi, xatto. Firmaning aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshsa, u QQS to‘lovchiga aylanadi. Mijozlar bilan tuzilayotgan shartnomada esa bu narsa nazarda tutilmagan.

Firma menejeri “Ibrohim”ning ta’kidlashicha, hozirgacha 105 nafar mijoz mashina xarid qilish maqsadida “Halal Auto Leasing kompany” MChJ bilan shartnoma tuzgan. Ular kamida Damas uchun boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsalar ham firma hisobraqamida to‘plangan pul miqdori allaqachon 1 mlrd so‘mdan oshib ketgan. QQS to‘lovchisiga aylanish esa firmaning yillik 7 foizlik ustama bilan daromad ko‘rish ehtimolini yo‘qqa chiqaradi.

Burun ostidagi firibgarlik

Bugungi kungacha O‘zbekistonda odamlar eng ko‘p aldangan firibgarlik turlaridan biri aynan avtomobil oldi-sotdisi hisoblanadi. 3 oy ichida 19 mingdan ortiq odam 57 mlrd so‘mga chuv tushgan “Avto 60 oy” ishi, “Mega Auto Leasin” hamda “Mega Car Leasin” MChJlar ishi bunga misol.

Yaqinda Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzishda ogoh bo‘lishga, aldanib qolmaslikka chaqirdi. Unga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida avtomobillar uchun oldindan to‘lovlarni amalga oshirgan, biroq belgilangan muddatda mashina yetkazib berilmagan yoki to‘langan pullar qaytarib berilmayotgani holati bo‘yicha 2000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning asosiy qismi «Umid avto companies» MChJ, «Orient avto lizing» MChJ va «Imkon avto» MChJ, «Mega auto lizing» MChJ, «AVTO 60-OY» MChJ, «Avtohamkor 0 foiz» MChJ va boshqa korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu korxonalar qisqa muddatda yangi avtomobil olib berish va’dasi bilan iste’molchilarning pul mablag‘larini jalb qilib, o‘z majburiyatlarini boshqa iste’molchilardan jalb qilingan mablag‘lar evaziga qoplash va iste’molchilardan olingan pullarni qaytarishni bir yildan ortiq muddatga kechiktirish (ushlab turish) kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan.

Ushbu holatlar yuzasidan «Umid auto leasing», «Umid lizing Tashkent», «Umid auto», «Umid avto Tashkent», «Umid avto lizing», «Mega Avto Leasin-Hamkor», «Mega Avto Leasin», «Samo Rimmax Avto», «Rimmax Auto Leasin», «Ishonch Auto Leasin», «Asr Auto Leasin», «Baraka Avto Baraka Business» MChJlar mansabdor shaxslariga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ammo burun ostidagi firibgarlik qachonki yuzlab, minglab odamlar uning to‘riga tushib, zarar ko‘rgachgina ma’lum bo‘lmoqda va jinoyat ishi qo‘zg‘atilmoqda.

“Halal Auto Leasing kompany” MChJ ham davlat ro‘yxatidan o‘tib, 15 kunda odamlar “tiliga tushdi”. Ayni shu yo‘nalishdagi oldingi keyslar takrorlanmasligi va ko‘plab odamlar aldanib qolmasligi uchun mazkur avtolizing firmasi taklif qilayotgan shartlar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshirilishi kerak.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana biror bor ogoh bo‘lishga, aldanib qolmaslikka chaqiradi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz 

Ko‘proq yangiliklar: