Shvetsiyada «Chiqindilar qirolichasi» deya ta’riflanadigan tadbirkor tog‘li hududlarga chiqindilarni noqonuniy tashlaganlik ayblovi bilan sud qilinmoqda. Bu mamlakat tarixidagi ekologik jinoyatlarga bog‘liq eng katta ish hisoblanadi.
Bella Nilsson — «og‘ir ekologik jinoyat»da ayblanayotgan 11 kishidan biri. U 2015 yildan 2020 yilga qadar 21 ta hududga 200 ming tonnadan ortiq chiqindini belgilanmagan joyga tashlash yoki ko‘mishda ayblangan Think Pink kompaniyasi bosh direktori bo‘lgan.
Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning chiqindilarni noto‘g‘ri boshqarishi natijasida havoda, tuproq va suvda xavfli miqdordagi kanserogen kimyoviy moddalar, jumladan, qo‘rg‘oshin, mishyak va simob miqdori ortib ketgan. Think Pink’ning tabiiy qo‘riqxona yaqinida joylashgan chiqindiqoxnasi o‘z-o‘zidan alangalanish oqibatida ikki oy davomida yongan.
Oldinroq Nilsson Shvetsiya OAVga murojaatida o‘z kompaniyasi qonun doirasida ish ko‘rganini ma’lum qilgandi. Prokurorlarning ta’kidlashicha, Bella Nilsson 2020 yilda hibsga olinganidan keyin bankrot bo‘lgan Think Pink kompaniyasi «atrof-muhit qonunchiligiga muvofiq [chiqindilarni] boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lmagan».
Chiqindilarndan qutulish uchun qurilish kompaniyalari, munitsipalitet va jismoniy shaxslar Think Pink’ni yollagan: qurilish materiallaridan tortib elektronika, metallar, plastik, yog‘och, shinalar va o‘yinchoqlar. Sud qilinayotgan 11 nafar javobgarning hech biri o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. Ular orasida Bella Nilssonning sobiq turmush o‘rtog‘i Tomas Nilsson ham bor.
Mazkur mojaroga bog‘liq tergov hujjatlari 45 ming varaqdan oshgan. Prokuror Anders Gustafssonning qayd etishicha, ayblanuvchilar chiqindilarni tashlashdan tashqari hokimiyatni chalg‘itish va pul ishlash maqsadida hujjatlarni soxtalashtirgan. Bir nechta munitsipalitetlar yetkazilgan zarar uchun 25,4 million dollar talab qilmoqda.