Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari vakillariga fuqarolik berishni to‘xtatish taklif etildi

Jahon 21:49 / 03.09.2024 7407

Rossiya Davlat dumasi deputati, «Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga Rossiya fuqaroligini berishga vaqtinchalik moratoriy kiritishni taklif qildi, deb yozdi «Parlamenskaya gazeta».

Parlament a’zosi «Spravedlivaya Rossiya» 2022 yilda ham xuddi shunday tashabbus bilan chiqqanini eslatdi. Endi keskinlashgan migratsiya muammolari qonunchilarning diqqat markazida ekan, bu masalani ko‘rib chiqishga qaytish kerak, deb hisoblamoqda u.

Mironov so‘zlariga ko‘ra, davlat «ishchilarni ommaviy pasportlashtirish»ga qarshi turishi va milliy xavfsizlik sohasidagi o‘z manfaatlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisiga Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy joriy etish yo‘li bilan himoya qilishi kerak.

«Hech bo‘lmaganda 2026 yilgacha. Shu vaqt ichida qonunchilikni tartibga solish, migratsiya xizmatini isloh qilish, uni poraxo‘rlardan tozalash, shuningdek, avval berilgan pasportlarning qonuniyligini tekshirish mumkin», dedi deputat.

Avvalroq «Spravedlivaya Rossiya» va Liberal-demokratik partiyasi deputatlari Rossiyada migratsiya qonunchiligini keskinlashtirish va migrantlar huquqlarini cheklashga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surgan edi. Parlament a’zolari, xususan, migrantlarga oilasini Rossiyaga olib kelishni, 100 ming rubldan oshiq maosh bilan kuriyer bo‘lib ishlashni, yaqinda Rossiya fuqaroligini olganlarga travmatik qurol sotib olishni taqiqlashni taklif qildi. Bundan tashqari, harbiy xizmatda ro‘yxatdan o‘tmaganlarni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish, shuningdek, migrantlarni vataniga qaytish chiptasi uchun naqd pulda avans berishga majburlash taklif etildi.

Ko‘proq yangiliklar: