RF armiyasi Poltavaga vayronkor zarba yo‘lladi. 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan

Jahon 16:59 / 03.09.2024 16805

RF qo‘shini 3 sentabr kuni Poltava bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi. «Suspilne» xabariga ko‘ra, ertalab soat 09:10 atrofida ikkita portlash ro‘y bergan, undan ikki daqiqa oldinroq shaharda havo trevogasi e’lon qilingandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, rossiyalik harbiylar shaharga ikkita ballistik raketa bilan hujum uyushtirgan. Hujum oqibatida o‘quv binosi va uning yaqinidagi shifoxona hududiga zarbalar kelib tushgan, degan Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Aloqa instituti binolaridan biri qisman qulab tushgan. Xarobalar ostida odamlar qolib ketgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketa zarbasi oqibatida 41 kishi halok bo‘lib, 180 dan ortiq kishi yaralangan, deya ma’lumot bergan Volodimir Zelenskiy. Bu keng ko‘lamli urush davrida Rossiyaning Ukraina bo‘ylab eng ko‘p qurbon va yaradorlarga sabab bo‘lgan yirik zarbalaridan biri bo‘ldi.

U «hodisa yuzasidan to‘liq va operativ tekshiruv o‘tkazishga topshiriq bergani, qutqaruv amaliyotiga barcha tegishli xizmatlar jalb etilgani»ni ma’lum qilib, zarbadan keyingi ilk daqiqalardan odamlarga yordam berishga oshiqqanlar, insonlar hayotini qutqarib qolayotganlarga minnatdorchilik bildirgan.

«Rossiya bu zarba uchun albatta javob beradi. Va biz dunyodagi bu terrorni to‘xtatishga qodir bo‘lganlarning barchasiga yana bir bor takrorlaymiz: havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketalar qaysidir omborlarda yotishi emas, Ukrainaga kerak. Rossiya terroridan himoya qila oladigan uzoq masofali zarbalar keyinroq emas, hozirning o‘zida kerak. Har bir kechikkan kun — bu, afsuski, odamlar halok bo‘lishini anglatadi», — degan Ukraina prezidenti.

UPD. Ukraina bosh prokuraturasi hujum qurbonlari bo‘yicha ma’lumotni yangiladi — 53 kishi halok bo‘lgan. Poltava oblasti rahbari Filipp Pronin 298 kishi yaralangani haqida xabar bergan.

Poltavada Telekommunikatsiya va axborotlashtirish harbiy instituti hujumga uchragan, bu — sobiq Poltava Oliy harbiy qo‘mondonlik aloqa maktabidir. BBC Ukraina xizmati xabar qilishicha, aloqa maktabi hududida Aloqa qo‘shinlarining 179-sonli o‘quv markazi joylashtirilgandi.

Rossiyalik harbiy bloger Boris Rojin o‘zining Colonelcassad telegram-kanalida voqea joyida olingan fotosuratlar va videoyozuvlarni e’lon qilgan. Rossiyalik harbiy muxbirlar tasdiqlashicha, zarba harbiylar saf tortib turgan mahalda yo‘llangan, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni esa 50 nafardan kam emas.

Ukrainalik aloqa bo‘yicha harbiy mutaxassis Sergey Beskrestnov (Sergey Flesh) telegram-kanalida Poltava bo‘ylab zarbadan keyin «aloqachi hamkasblar» uchun hamdardlik bildirgan.

Poltavada institut binolaridan biri qisman vayron bo‘lgan. «Poltava qo‘rqinchli kunni boshdan kechirdi. Rossiyalik tajovuzkor shahardagi o‘quv muassasalaridan biriga varvarlarcha zarba berdi», — deyiladi Ukraina mudofaa vazirligi xabarida.

Vazirlik xarobalar ostida ko‘pchilik qolib ketganini ma’lum qilgan. «Qutqaruvchilar va shifokorlarning hamkorlikda harakatlanishi tufayli 25 kishi qutqarib qolindi, shundan 11 nafari xarobalar ostidan olib chiqilgan. Hozirda qutqaruvchilar ishni davom ettirmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida. Qayd etilishicha, trevoga va zarba orasidagi vaqt shunchalik kam bo‘lganki, ko‘pchilik bombapanagohga yetib borishga ulgurmagan. Vazirlik qurbonlar soniga to‘xtalmagan.

Raketa zarbasi tufayli atrofdagi turar-joylar shikastlangan, deb xabar bergan Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda zarba to‘lqini derazalarni to‘kib tashlagan, bino fasadlari shikastlangan. Politsiyachilar kvartirama-kvartira yurib, jabrlanganlar bor-yo‘qligini tekshirmoqda. Politsiyaga mulk zarar ko‘rgani bo‘yicha 100 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Poltava aholisi yaradorlarga yordam uchun qon topshirmoqda, deb xabar qilgan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Filipp Pronin. «Barcha tegishli xizmatlar voqea joyida ish olib bormoqda. Qutqaruvchilar va shifokorlarning maksimal darajada muvofiqlashtirilgan harakatlari kun davomida ko‘plab insonlar hayotini saqlab qoldi. Ko‘plab poltavaliklar yaradorlarga yordam berish uchun qon topshirishmoqda», — deya yozgan u telegram-kanalida. Oblastdagi qon quyish stansiyasi kun yarmida poltavaliklarni donor bo‘lishga taklif etishni boshlagandi, deb xabar beradi «Suspilne».

Poltava oblastida raketa zarbasi tufayli 4 sentabrdan boshlab uch kunlik motam e’lon qilindi, deya xabar bergan Filipp Pronin. «Poltava oblasti va butun mamlakat uchun katta fojia. Dushmanning makkorona zarbasi 41 kishini hayotdan olib ketdi. 180 dan ortiq kishi yaralangan. Qarindoshlari va yaqinlariga chin dildan hamdardlik bildiraman», — deya yozgan hududiy ma’muriyat rahbari telegram-kanalida.

RF mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan izoh bermagan.

Ko‘proq yangiliklar: