Mo‘g‘uliston rasmiysi Putin hibsga olinmasligini izohladi

Jahon 18:50 / 03.09.2024 21396

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xalqaro jinoyat sudi tomonidan hibsga olish uchun berilgan orderga qaramay, 2 sentabr kuni Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi bilan keldi. Mo‘g‘uliston Xalqaro jinoyat sudining a’zosi hisoblanadi va sud orderi asosida harakatlanish majburiyatini olgan. Yevropa Ittifoqi va Ukraina bu haqda ushbu mamlakat hukumatini bir necha bor ogohlantirdi, shu bilan birga, Kreml rasmiylari Putinning tashrifi borasida hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilishdi.

XJS 2023 yil mart oyida Vladimir Putinni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilib, hibsga olishga order bergandi.

Hozircha Mo‘g‘uliston Putinni hibsga olishini bildiradigan biror belgilar ko‘rinmayapti. Agar bu qaror bajarilmasa, mamlakatning harakatsizligi uchun albatta oqibatlar kelib chiqadi, deydi Huquqiy islohotlar instituti katta ilmiy xodimi Tomas Hoffman.

«Mo‘g‘uliston, shubhasiz, hamkorlik qilishga doir o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun javobgarlikka tortiladi. Shundan so‘ng XJS bu harakatsizlikni ko‘rib chiqish uchun ishni Assambleyaga oshiradi. Lekin qoidabuzar a’zo davlatlarga nisbatan sanksiyalar kabi jiddiy jazo choralari ko‘zda tutilmagan», – deydi u.

Mo‘g‘uliston Xalqaro jinoyat sudi ishlashi uchun asos bo‘ladigan Rim statutini 2002 yilda ratifikatsiya qilgan. 2023 yilda mamlakat vakili ikki yillik davrga XJS sudyasi etib saylangan.

XJS vakili Fadi al-Abdulla ham Mo‘g‘ulistonda «sud bilan hamkorlik qilish majburiyatlari borligi»ni eslatib, mamlakat uning qarorlarini bajarishi shartligini ta’kidlagan.

Ukraina TIV rasmiy vakili Georgiy Tixiy Mo‘g‘ulistonning harakatsizligini Xalqaro jinoyat sudi va xalqaro jinoyat huquqiga «og‘ir zarba» deb baholagan.

Xalqaro nashrlar Mo‘g‘uliston hukumati Putinni tashrif chog‘ida hibsga olmaslik kafolatini berganini yozdi. RF matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda bo‘lajak tashrifdan aslo xavfsiramayotgani, chunki «tashrifning barcha jabhalari sinchiklab tayyorlangani»ni ta’kidlagan.

Xalqaro maydonda Putinni hibsga olishga ko‘plab chaqiriqlardan so‘ng Politico nashriga Mo‘g‘uliston hukumati vakili izoh bergan.

Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi energetik qaramlik Mo‘g‘ulistonni qiyin ahvolga solib qo‘yadi va bu XJS orderiga ko‘ra Putinning qo‘liga kishan taqishni qiyinlashtiradi, degan hukumat vakili.

«Mo‘g‘uliston 95 foiz neft mahsulotlari va 20 foizdan ortiq elektr energiyasini yaqin qo‘shnilaridan import qiladi. Bu mahsulotlar bizning va xalqimizning mavjudligi uchun juda muhim rol o‘ynaydi.

Mo‘g‘uliston xalqaro siyosatda doimo betaraflikni saqlab qolishga uringan, va bu betaraflik bizning bugungi rasmiy bayonotimizda ham namoyon bo‘lmoqda» — degan hukumat vakili.

Mo‘g‘uliston atigi 3,4 million aholiga ega, lekin juda katta maydonda joylashgan davlat. Uning geografik joylashuvi dengizlardan uzoqda bo‘lgani va Rossiya hamda Xitoy bilan chegaralanib qolgani tufayli noqulay. Mamlakat qo‘shnilaridan biriga yon bosib ketmasligi uchun ikki o‘rtada diplomatik muvozanat saqlashga urinib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: