Isroilning Histadrut kasaba uyushmalari konfederatsiyasi rahbari Arnon Bar-David 2 sentabr, dushanba kuni G‘azo sektorida garovga olinganlarning oilalari bilan birdamlik uchun ertalab boshlangan umumiy ish tashlash yakunlanganini ma’lum qildi. Uning bayonoti Bat-Yam shahri mehnat munosabatlari sudining ish tashlashni muddatidan oldin to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan keyin chiqdi. «Biz qonuniy davlatda yashayapmiz va sud qarorini hurmat qilamiz, shuning uchun men barchani soat 14.30 da ishga qaytishga chaqiraman. Birdamlik e’tirozi muhim qadam bo‘lganini ta’kidlash muhim va men buni qo‘llab-quvvatlayman», - dedi Bar-David.
Kasaba uyushmasi rahbari ish tashlashni yuz minglab Isroil fuqarolari qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Moliya vazirligi ish tashlashni tugatishga qaror qildi
Avvalroq Isroil Moliya vazirligi kasaba uyushmalarining ish tashlashni o‘tkazish qarori ustidan apellyatsiya bergan va mehnat sudi uning siyosiy xarakterga ega ekanligi haqidagi dalillarga rozi bo‘lib, uni muddatidan oldin tugatishni buyurgandi. Dastlab, 2 sentabr kuni ertalab soat 8 da boshlangan ish tashlash ertasi kuni ertalab soat 6 ga qadar davom etishi kerak edi.
Ish tashlashga bevosita sabab G‘azo sektorida garovga olingan olti nafar isroillikning jasadi topilgani bo‘ldi. Buning ortidan muxolifat va kasaba uyushmalari asirlarni ozod qilish uchun zudlik bilan kelishuvga erishish maqsadida Binyamin Netanyahu hukumatiga bosim o‘tkazish uchun ommaviy norozilik namoyishlarini o‘tkazishga chaqirdi.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.