Falastin xalqini qo‘llagan BMT, Tramp bilan gaplashgan Zelenskiy va Abxaziyadagi namoyishlar - kun dayjesti

Jahon 13:34 1100

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Yaqin Sharqdagi vaziyat

Isroil Livan poytaxti Bayrut shahrining janubidagi Dahiya tumaniga to‘rt bora aivazarba berdi. Livan mediasining xabarlariga ko‘ra, hujumlar «Hizbulloh»ning qarorgohi hisoblanuvchi Dahiyaning G‘ubayri mavzesiga berilgan.

Avvalroq Isroil armiyasi Dahiyadan aholini evakuatsiya qilishga chaqirgan edi. Isroil armiyasi matbuot kotibi Avihay Adrai X ijtimoiy tarmoqda G‘ubayri mavzesidagi bir qator nuqtalarga zarba berilishidan ogohlantirgan.

«Sizlar «Hizbulloh»ga tegishli va uning manfaatlari yo‘lida ishlatilayotgan obektlarga yaqin turibsiz va bu yerlar tez orada Isroil nishoniga aylanadi. O‘zingiz va oilangiz xavfsizligi uchun ilova qilingan xaritada ko‘rsatilgan va Dahiya tumanidagi G‘ubayri mavzesiga yaqin binolarni tark etishingiz va ulardan kamida 500 metrga uzoqlashishingiz talab etiladi», — deyilgan xabarda.

BMTda Falastin qo‘llandi

BMTning qo‘mitasida 170 davlat tomonidan Falastin xalqi o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqiga ega ekani qo‘llab-quvvatlandi. Faqat olti davlat: Argentina, Isroil, Mikroneziya, Nauru, Paragvay va AQSh qarshi ovoz bergan.

Uchinchi qo‘mita yig‘ilishi doirasida «ijtimoiy, humanitar va madaniy» masalalar muhokama qilingan, ovozga «Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqi» rezolyutsiyasi loyihasi qo‘yilgan.

Loyihani qo‘llab 170 davlat ovoz bergan, 9 ta davlat ovoz berishdan tiyilgan va yuqorida sanab o‘tilgan 6 ta davlat qarshi chiqqan.

«Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqi va mustaqil Falastin davlati tuzish tasdiqlandi», — deyiladi hujjatda.

Rezolyutsiyada qayd etilishicha, barcha mamlakatlar o‘z mintaqasida tinch yashash huquqiga ega ekanligi qayd etilgan hamda BMTga a’zo barcha davlatlar va tashkilotlar Falastin xalqini o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqini amalga oshirishda qo‘llashga chaqirilgan.

Eronga zarba oqibatlari

Isroilning oktyabr oyida Eron harbiy obektlariga bergan zarbalari oqibatida Tehron yaqinidagi yadroviy qurol tadqiqot markazi vayron bo‘ldi, deb yozmoqda Axios nashri.

Gap Eron poytaxtidan taxminan 30 kilometr janubi-sharqda Parchin harbiy majmuasi hududidagi Toliqon-2 inshooti haqida ketmoqda. 2003 yilda «muzlatib» qo‘yilgunga qadar u Eronning yadro quroli dasturining bir qismi edi.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu obektda yadroviy qurilmani harakatga tushiruvchi portlovchi moddalar sinovdan o‘tkazilgan. Zarba oqibatida bunday tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan murakkab uskunalar yo‘q qilingani ta’kidlanmoqda.

AQSh va Isroil razvedka xizmatlari obektdagi faollikni yil boshida payqagan.

«Ular yadroviy qurol ishlab chiqarishga asos soladigan ilmiy izlanishlar olib borgan. Bu sir edi. Bu haqda Eron hukumatining oz qismigina bilardi», degan manbalardan biri.

Axios manbalarining ta’kidlashicha, obektning vayron bo‘lishi Eronning yadroviy qurol bo‘yicha tadqiqotlarni qayta boshlash harakatlariga «sezilarli» putur yetkazgan.

Eron yadroviy qurol yaratish rejasini rad etib keladi. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik yaqinda Eronni tashkilot bilan hamkorlik qilmayotganligi uchun qoralovchi rezolyutsiyani ovozga qo‘yishi kutilmoqda. Eron bunga javoban AEXA bilan hamkorlikni yanada cheklashi mumkinligini aytdi.

Zelenskiy urush haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Suspilne»ga bergan intervyusida AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp jamoasi bilan Rossiya—Ukraina urushi tezroq yakunlanishini aytdi. Nashr Ukraina yetakchisi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan parchalar e’lon qildi.

«Biz uchun adolatli tinchlik juda muhim… Urush tugaydi, ammo aniq sanasi yo‘q. Shubhasiz, endi Oq uyga keladigan ushbu jamoa siyosati bilan urush tezroq yakunlanadi. Bu ularning yo‘nalishi, ularning o‘z jamiyatiga bergan va’dasi va bu ular uchun juda muhim», — deydi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotda Ukraina pozitsiyasini tinglagan. «Bizning pozitsiyamizga qarshi hech narsa eshitmadim», — deya qo‘shimcha qiladi Ukraina yetakchisi.

Zelenskiy Tramp Ukrainadan Rossiya bilan muzokaralarda ishtirok etishni talab qilgan yoki qilmagani haqidagi savolga javob qaytardi:

«Biz — mustaqil davlatmiz va biz ushbu urush vaqtida — xalqimiz ham, shaxsan men ham AQSh bilan, Tramp bilan, Bayden bilan va Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarda — «O‘tir va tingla» ritorikasi bizga nisbatan ishlamasligini isbotladik».

Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida bir necha bor agar g‘alaba qozonsa, Rossiya—Ukraina urushini tezroq yakunlashga va’da bergandi. Siyosatchining jamoasi jangovar harakatlarni to‘xtatish rejasini tayyorlagan. Unga ko‘ra, Ukraina kamida 20 yilga NATOga qo‘shilish niyatidan voz kechadi.

Abxaziyadagi namoyishlar

Gurjistondan mustaqilligini yoqlab chiqqan va dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan tan olinmagan Abxaziya parlamenti oldida yuzlab namoyishchilar yig‘ildi.

Poytaxt Suxumi shahrida Abxaziya parlamenti binosi oldida huquq-tartibot organlari xodimlari hamda respublika hukumatining Rossiya bilan investitsiya kelishuvi ratifikatsiya qilinishiga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilari o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y berdi, deb xabar bermoqda mahalliy nashrlar.

Deputatlar 15 noyabr kuni Suxumi va Moskva o‘rtasidagi investitsiya kelishuvi loyihasini ko‘rib chiqish uchun yig‘ilganida yuzlab namoyishchilar Abxaziya parlamenti binosiga kelishgan.

Xabar qilishlaricha, odamlar abxaz–rus munosabatlarini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida aksiyaga o‘zi bilan Abxaziya va Rossiya bayroqlarini keltirishgan.

Muxolifat yetakchilaridan biri, «Abxaz xalq harakati» jamoat tashkiloti yetakchisi Adgur Ardzinbaning aytishicha, bir guruh deputatlar spikerning oldiga borib, investitsiyalar bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish masalasini kun tartibidan olib tashlashni talab qilishgan.

Ardzinba respublika rahbariyatini «xalqni ikkiga bo‘luvchi barcha o‘tkir masalalarni 2025 yilgi saylovlardan keyinga qoldirish»ga chaqirgan.

«Agar hukumat bunga rozi bo‘lmasa, yaqin kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlik to‘lig‘icha Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya va uning atrofidagilar zimmasida bo‘ladi», — degan u.

Yakunda parlament kun tartibini tasdiqlamagan, 15 noyabr kungi sessiya bekor qilingan. Ammo namoyishchilar deputatlardan sessiya o‘tkazish va bitim loyihasini tasdiqlashga qarshi ovoz berishni talab qilishgan.

Ko‘p o‘tmay parlament binosi oldida namoyishchilar va binoni qo‘riqlash uchun jalb etilgan politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan. Aksiya ishtirokchilari kuchishlatarlarga tuxumlar uloqtirishgan, shuningdek, bino atrofidagi to‘siqni yuk mashinasi orqali buzib o‘tib, hududga bostirib kirishgan.

Bunga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz sepishgan, shuningdek, olomonga qarata tutunli granatalar uloqtirila boshlangan. Kuchishlatarlar o‘t o‘chirish xizmati mashinalari bilan parlament hududiga kirish yo‘lini to‘sishga uringan.

Kechga yaqin norozilik namoyishlari kuchaygan. Namoyishchilarga huquq-tartibot organlari xodimlari ham qo‘shilgani aytilmoqda.

Namoyishchilar tan olinmagan Abxaziyaning prezidenti Aslan Bjaniyaga o‘z vakolatlarini topshirish uchun bir soat vaqt berishgan. Aks holda namoyishchilar prezident yashirinib turgan Ichki ishlar binosiga bostirib kirishlarini aytishgan.

Garchi avvalroq prezident Bjaniya aholiga qarata «provokatsiyalarga uchmaslik», o‘zi Abxaziyada ekani, birga ishlashda davom etishini aytgan bo‘lsa-da, ayrim nashrlar u Rossiyaga qochib ketganini xabar qilishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: