«Kosmonavtimiz borib, selfi tushib qaytmasligi kerak» – nega O‘zbekiston hamon sun’iy yo‘ldosh va kosmonavtlar uchirmayapti?

O‘zbekiston 16:02 2661

16 yanvar kuni AOKAda «O‘zbekkosmos» agentligi mas’ullari ishtirokida O‘zbekistonning kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar borasidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan «O‘zbekkosmos» agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov nega O‘zbekiston hamon sun’iy yo‘ldosh uchirmayotgani borasida jurnalistlarning savollariga javob berdi.

«O‘zbekistonga sun’iy yo‘ldosh kerakmi, degan savolga 2022 yilda «yo‘q», degandim. Sababi o‘sha paytda bizda yo‘ldosh uchirishdan umuman mantiq yo‘q edi, chunki bozor yo‘q edi. Mana, aytaylik, sun’iy yo‘ldosh uchirdingiz, uchirganingizdan keyin 100-200 million dollar soliq to‘lovchilarning puli ishlatiladi. Ertaga menga aniq rahmat demaysiz. 15 minut vatanparvarlik ruhidagi xursandchilik bo‘ladi. Xuddi Burj Xalifa binosiga O‘zbekiston bayrog‘ini qo‘yib qo‘yishgani kabi [foydasiz va samarasiz ish].

Undan tashqari, boshqa hech qanday samaradorlik yo‘q. Chunki bozor shakllantirilmagan. Vazirlik-idoralarga borib yoki xususiy sektorga borib, sun’iy yo‘ldosh olgan suratni beraman desangiz, oldin suratlar yopiq bo‘lgan, ishlata olmasdingiz. Vazirliklarda ishlatadigan odam yo‘q edi.

Sun’iy yo‘ldoshning o‘z yaroqlilik muddati bor, 5-7 yil uchadi. Besh yil yetti yildan keyin bo‘ldi, o‘chadi. O‘chgandan keyin sizda tabiiy savol tug‘iladi: soliq to‘lovchi sifatida «nima qildinglar o‘zi?» deysiz. Shu savollarning oldini olish maqsadida biz birinchi fundamentni tayyorladik. Bugunga kelib, hozir O‘zbekistonda deyarli 600 mingdan – 1 million kv/km suratlarni qayta ishlash bo‘yicha bozor yaratildi. Ham davlat, ham xususiy sektorda.

Mana, endi bizlar sun’iy yo‘ldosh guruhini uchirish bo‘yicha, men bemalol ayta olaman, ishlar olib boryapmiz. Chunki prezident qarori bo‘yicha bizga topshiriq berilgan, mana shu yerni masofadan zondlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh guruhini o‘rganib chiqib, taklifini kiritishimiz kerak. Biz hozir shu bo‘yicha turli davlatlar bilan ishlayapmiz. Hisob-kitob hammasini joyiga qo‘yganimizdan keyin oxirida mana shu taklifni kiritamiz. Keyin bir yechim qabul qilingandan keyin biz, albatta, sizlar bilan ulashamiz», — dedi agentlik rasmiysi.

Shuningdek, Muhiddin Ibragimov Turkiya «Fergani» kompaniyasi sinov tariqasida uchira boshlagan sun’iy yo‘ldoshlar loyihasida O‘zbekiston ham qatnashishini ma’lum qildi.

«Farg‘oni» juda zo‘r loyiha! Ularning asosiy yo‘nalishi bu yaqin IOT va GPS. GPSʼga raqobatchi sifatida qilishyapti. Ilmiy loyiha sifatida ketyapti, hozir ular sinov tariqasida yurgizishdi. Biz ham ular bilan yaqindan aloqada yuribmiz. Ularda hozir besh yil ichida 100 ta sun’iy yo‘ldosh uchirilishi kerak. Qaysidir qismida biz ham ishtirok etish bo‘yicha o‘zimizning qiziqishimizni bildirdik.

Tadqiqot bo‘yicha Turkiy davlatlar kengashi doirasida bir nechta davlat bor… men hozir to‘liq hammasini aytib bera olmayman, chunki hali ochiqlashga hali tayyor emasmiz. Ilmiy sun’iy yo‘ldosh hozir yasalyapti. Ilmiy sun’iy yo‘ldoshning bir qismini O‘zbekistonda biz qilyapmiz.

O‘sha qurilmaning bitta texnologik qismini biz bu yerda yaratib, uni sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilamiz. Adashmasam, 2026 yilning o‘rtasida bu sun’iy yo‘ldoshni uchiramiz. Bu to‘liq O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshi emas, lekin bir qismi O‘zbekistonda yaratilgan, bu sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilinadi. Mana shu loyiha ustida ishlayapmiz. Xudo xohlasa, hamma rasmiyatchiliklar yakunlansa, albatta, sizlar bilan bu narsani bo‘lishamiz», — dedi u.

Shuningdek, Muhiddin Ibragimov O‘zbekistonda kosmonavt uchirish masalasi nega aktual emasligi haqida ma’lumot berdi.

«Hozir O‘zbekiston hududida kosmonavt tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmayapti. Kosmonavt uchirish juda ham oson narsa. Hozirgi paytda aytaylik, shu xalqaro kosmik stansiyasiga, NASAdagi amerikalik hamkasblarimizga 50-60 million dollar pulini to‘lab bersak, hozir ham uchirsak bo‘ladi.

Nima uchun bu narsani hozir to‘xtatib turibmiz? Chunki uchgan kosmonavt borib, qo‘pol qilib aytganda, selfi tushib kelishi kerak emas. Har bir kosmonavt avvalambor, bu olim yoki injyener hisoblanadi. U davlat manfaati uchun kosmosda izlanishlar va tadqiqotlar olib borishi kerak. Chunki kosmosda hozirgi paytda juda ko‘p yangiliklarni amalga oshirish mumkin, yerda bajarib bo‘lmaydigan ishlar ham kosmosda amalga oshirilishi mumkin, chunki u yerda boshqacha muhit mavjud. Endi biz shu darajaga yetib kelishimiz kerak. Fanlar akademiyasi va boshqa olimlar bilan birgalikda ishlab, qandaydir dastur yaratganimizdan keyin biz bu masalaga yetib kelamiz», — deydi «O‘zbekkosmos» agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov.

Ko‘proq yangiliklar: