2025 yilda Ozarboyjon 7-9-sinf o‘quvchilari tomonidan yaratilgan PocketQube pikosun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha Azercosmos milliy sun’iy yo‘ldosh xizmatlari operatori ko‘magida COSMIC Akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “Ozarboyjon sun’iy yo‘ldosh innovatsiyalari milliy tanlovi” natijasi bo‘ldi. Parvoz SpaceX tashuvchi raketasi yordamida amalga oshiriladi va bu mamlakat kosmik sanoatini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ladi.
PocketQube — atigi 5x5x5 sm o‘lchamli va og‘irligi taxminan 250 gramm bo‘lgan mitti sun’iy yo‘ldosh. Juda kichik o‘lchamlariga qaramasdan, u mustahkam alyuminiy qotishmalari va uglerod kompozitlaridan tayyorlangan, bu esa yuqori chidamlilik va samarali issiqlik boshqaruvini ta’minlaydi.
PocketQube g‘oyasi yangi emas: bunday sun’iy yo‘ldoshlar 2013 yil noyabr oyida Avstriyaga qarashli UniSat-5 platformasidan orbitaga chiqarilgandi. O‘sha paytda Germaniya, AQSh va Italiyaning kichik sun’iy yo‘ldoshlari ham koinotga jo‘natilgan. Ammo Ozarboyjon uchun maktab o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqilgan qurilmani uchirish ilk tajriba bo‘ladi.
Loyiha Ozarboyjonda fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) ta’limini rivojlantirish bo‘yicha keng tashabbusning bir qismidir. Tanlovning maqsadi yosh avlodni kosmik texnologiyalar va muhandislikni o‘rganishga ilhomlantirish, shuningdek, kelajakda ushbu sohada yetakchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan iqtidorli maktab o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Azercosmos sun’iy yo‘ldosh xizmatlari milliy operatori yoshlar o‘rtasida kosmik fanni ommalashtirishga qaratilgan ta’lim loyihalariga faol sarmoya kiritmoqda.
“Ushbu loyiha yosh tadqiqotchilarni koinotni o‘rganishga ruhlantiradi va Ozarboyjon global kosmik sanoatning faol ishtirokchisiga aylanishga tayyor ekanligini namoyish etadi”, — deb ta’kidladi tanlov tashkilotchilari.
PocketQube’ni ishga tushirish — faqat boshlanishi. Azercosmos va COSMIC akademiyasi mamlakatda kosmik texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan ta’lim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda.