Hal qiluvchi kuz. Ukraina va Rossiya frontda nimalarga erishdi va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Jahon 20:33 / 03.09.2024 18932

Tomonlar 2024 yil bahori va yoziga turli holatlarda yetib keldi. Kongressda Amerika yordami kechikishi tufayli Ukraina zaiflashdi, shuningdek, safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish imillashi tufayli Ukraina qurolli kuchlari saflarini to‘ldirishda muammolar kuzatildi. Shuningdek, ukrain armiyasi rahbariyatida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Rossiya katta yo‘qotishlar bilan bo‘lsa-da, ukrainlarning Donetsk yaqinidagi muhim qal’asi — Avdiyivkani egallab oldi va kichik tanaffusdan keyin yurishni bir necha yo‘nalishlarda davom ettirdi.

Rossiyaliklar Pokrovsk, Chasiv Yar, Kupyansk, Liman, Seversk, Vuhledar va Kuraxovo yo‘nalishlarida hujum boshladi.

Bundan tashqari, ular ukrainlarning Xerson yo‘nalishidagi Krinki qishlog‘i hududida tashkil etgan platsdarmini asosiy kuchlardan «uzib qo‘yish»ga hamda Zaporijjya oblasti Rabotine qishlog‘i atrofidagi hududlarni qaytarib olishga harakat qilishdi.

Kreml yana ikkita front ochdi. May oyida Rossiya qo‘shini shimoldan Xarkiv oblastiga bostirib kirdi va Vovchansk hamda Lipsi yo‘nalishida hujum qildi, iyun oyida esa Donetsk oblasti Toretsk shahri tomon yurish boshlandi.

Rossiya qo‘shini barcha yo‘nalishlar bo‘ylab ilgarilashga erishdi.

Ammo bu yurishlar qanchalik muvaffaqiyatli bo‘ldi va strategik maqsadlarga erishildimi — BBC ukrain xizmati savollariga javob bergan harbiy ekspertlarning bu boradagi fikrlari bir-birinikidan farqlanadi.

Ularning fikri bir masalada yakdil: 2024 yil kuzi Rossiya-Ukraina urushida hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning frontdagi asosiy yutuqlari

Bahor va yozda Rossiya qo‘shini Ukrainaning birorta yirik shahrini egallay olmadi, ammo Pokrovsk yo‘nalishida 35 km, Toretsk yo‘nalishida — 9-10 km masofaga oldinga siljidi, shuningdek, Vuhledar va Kuraxovo atrofidagi pozitsiyalar yaxshilandi.

Bularning barini strategik muvaffaqiyat deb bo‘lmaydi, deydi BBC ukrain xizmatiga «Strategiya XXІ» Global tadqiqotlar markazining xavfsizlik dasturlari rahbari Pavel Lakiychuk.

«Rossiyaliklar Baxmutdan Avdiyivkaga qadar strategik yutuqni va ushbu shaharlar oralig‘ida, Toretsk va Chasiv Yardagi ukrain kuchlarini o‘rab olishni rejalashtirgandi. Keyin esa Ukraina qurolli kuchlarining ushbu yirik guruhini qirib tashlash o‘ylangandi», — deya qayd etadi ekspert.

Bunga erishilmadi, shu tufayli Kreml tezda reja va taktikani o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi.

Toretskda vayron bo‘lgan uylar. Rossiya armiyasi iyun oyida ushbu shahar tomon yurish boshladi. Foto: Reuters

«Rossiyaliklar tezkor zarbalar va yorib o‘tishlar o‘rniga frontni surib borish taktikasiga o‘tishdi. Bu ko‘proq resurs sarflashni talab etadi va shiddat bilan oldinga yurishdagidek natija keltirmaydi. Operativ kenglikka chiqish ham yo‘q», — deydi Lakiychuk.

Ammo isroillik ekspert David Gendelmanning hisoblashicha, ushbu urush realligida Rossiyaning yozgi yurishini «qisman muvaffaqiyatli» deb hisoblash mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil kuzida Xerson va Xarkivdagi katta hududlar ozod etilganidagi amaliyotdan keyin tomonlarning birortasi o‘shandagi kabi frontni tez va chuqur yorib o‘ta olmagan.

Shu bilan birga, u kuz fasliga kelib frontdagi operativ vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun «qiyinlashishda davom etayotgani»ni qayd etgan.

Ukrainalik harbiy tahlilchi va tarixchi Mixaylo Jiroxovning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasining bahor va yozdagi asosiy yutuqlari Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligining xatoliklari tufayli ro‘y bergan.

Bulardan eng asosiysi — aprel oyi oxirida Donetsk oblastining Avdiyivka va Pokrovsk oralig‘idagi Ocheretino shaharchasi bo‘linmalar rotatsiyasi vaqtidagi tushunmovchilik tufayli bo‘sh qoldirilgani bo‘lgan.

Keyingi muammo — iyul oyida xuddi shu yo‘nalishdagi Progress posyolkasi boy berilishi edi.

«Ocheretino va Progress — qo‘mondonligimizning ochiqchasiga xatolaridir. Rossiyaliklar bundan shunchaki foydalanishdi. Bu ukrain mudofaasi yemirilgan Baxmutda bo‘lgani kabi ularning xizmati emas», — deb hisoblaydi ekspert.

Rossiya yurishining kulminatsiyasi aynan avgust oyi va sentabr oyi boshi bo‘lishiga ishonchi komil. Bu davrda Rossiya armiyasida, birinchi navbatda texnika va o‘q-dorilar bo‘yicha maksimal imkoniyatlar mavjud.

Bu yarim yillik ishlab chiqarish sikli bo‘yicha ishlayotgan Rossiya harbiy-sanoat kompleksining o‘ziga xosliklari bilan bog‘liq.

«Ya’ni 1 iyuldan mudofaa sanoati qo‘shinlarga ma’lum miqdorda qurol bera boshladi. Bu zaxiralar avgustga kelib to‘planib qolgani aniq», — deydi Jiroxov.

Pokrovsk aholisi shaharni tark etmoqda. Rossiya armiyasi — 10 km masofada yaqinlashgan
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya yurishidagi asosiy yo‘nalish — Pokrovsk. Rossiya armiyasi bu shaharga 10 km masofada yaqinlashib kelgan.

Ammo, David Gendelman qayd etishicha, Rossiyaning mazkur uchastkaga mas’ul bo‘lgan «Markaz» guruhi qo‘mondonligi to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharga hujum qilishni o‘ylamayapti va qarshi hujumlardan himoyalanish uchun qanotlarni kengaytirish bilan shug‘ullanmoqda, xususan, Pokrovsk janubidagi Selidove tomon yurish qilinmoqda.

Ukraina qo‘mondonligining frontning bu qismidagi harakatlari u qadar tushunarli emas, deydi Pokrovsk yo‘nalishida jang qilayotgan zobitlardan biri BBC ukrain xizmatiga.

Zelenskiy va Sirskiyning bu yo‘nalishni kuchaytirish zarurligi borasidagi chiqishlariga qaramay, ayrim bo‘linmalar bu yerdan olib ketilmoqda, boshqalariga esa orqaga chekinish va pozitsiyalarni amalda jangsiz tashlab ketish bo‘yicha buyruqlar berilmoqda.

Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi taktikasi raqibni to‘g‘ridan to‘g‘ri Pokrovsk ko‘chalarida yoki uning ostonasidagi qiyin janglarga taklif etishdan iborat.

Ozarboyjonlik harbiy tahlilchi Oqil Rustamzoda esa vaziyati biroz boshqacha baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonda ham hal qilinmagan «operativ darajadagi inqirozlar mavjud» — Ukrainada Pokrovsk yo‘nalishi, Rossiyada — Kursk.

«Shu tufayli, ayni vaqtda tomonlardan qaysi biridir hal qiluvchi ustunlik yoki strategik muvaffaqiyatga erishdi, deyish noto‘g‘ri bo‘lardi», — degan u BBC bilan suhbatda.

Tomonlarning yurish amaliyotlari qishgacha yoki sovuq kunlar kelgunga qadar davom etadi, deb taxmin qiladi ekspert.

Ukraina qurolli kuchlarining yozdagi yutuqlari

Odamlar va qurollar yetishmovchiligi sharoitida frontni ushlab turganini ukrain armiyasining bahor va yoz davridagi muvaffaqiyati deb hisoblash mumkin. Mudofaa kuchlari Rossiyaning Xarkiv oblastida 10 may kuni boshlangan yurishini to‘xtatdi va hudud ichkarisiga tezlik bilan chuqur kirib kelishiga yo‘l qo‘ymadi.

Vovchansk va Lipsi uchun to‘rt oydan buyon davom etayotgan janglarda Rossiya deyarli yutuqlarga erishmadi, front chizig‘i deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda.

Bundan tashqari, aynan shu davrda ukrainlarning harbiy-sanoat kompleksi uzoq masofaga uchuvchi dronlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning soni va qo‘llash muntazamligi bo‘yicha Ukraina Rossiyadan o‘zib ketishga ham erishdi. Amalda har kuni Rossiya mudofaa obektlari, harbiy aerodromlar, neft bazalar va neftni qayta ishlash komplekslari uchuvchisiz uchar qurilmalar zarbalari ostida qolmoqda.

Ukraina hukumati raketalar, xususan, ballistik raketalarni ishlab chiqarishda ham «ijobiy dinamika» haqida gapirmoqda.

Ammo barcha ekspertlar yozning asosiy voqeasi ukrainlarning 6 avgust kuni Kursk oblastida boshlangan yurishi bo‘ldi, deb hisoblaydi.

Ukrainalik harbiy Rossiyaning Sudja shahrida. Kursk oblastiga yurish kutilmaganda boshlandi va «rossiyaliklarning barcha kartalarini aralashtirib yubordi», deyishadi ekspertlar. Foto: Reuters

Bu amaliyot kutilmagan, yaxshi o‘ylangan, tezkor bo‘lib chiqdi va ma’lum harbiy natijalarga erishdi.

David Gendelmanning hisoblashicha, Kiyev Pokrovsk yo‘nalishida mudofaalanish noqulayligi tufayli shunday qarorga kelgan. U buni tushuntirish uchun shaxmat o‘yinini misol qilib keltiradi.

«Aytish mumkinki, strategik ma’noda vazifa „shaxmat taxtasini silkitish“ edi. Ammo muammo shundaki, hozircha biz biror figura doskadan tushib ketganini ko‘rmayapmiz. Katta ehtimol bilan, ular bir chetda chayqalib turadi, ammo joyida qoladi», — deya o‘z fikrini metafora bilan izohlagan ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi hududlarni qancha vaqt ushlab turishi va Moskva bunga aynan qanday reaksiya qilishi muhimdir.

Pavel Lakiychuk uning fikriga qo‘shilgan va Kursk amaliyotini «rossiyaliklarning kartalarini aralashtirib yuborgan» voqea deb atagan.

«Harbiy risklarga qaramay, Kursk urush narrativini muvaffaqiyat bilan o‘zgartirdi, — deya qayd etadi Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) tahlilchilari. — Bu 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlari vaqtida va undan keyin xalqaro yordam kranlari ochiq qolish-qolmasligi Kiyev Kurskdan muzokaralarda savdo vositasi sifatida foydalanishni davom ettirish-ettirmasligiga bog‘liq», — deyilgan institut maqolasida.

Tadqiqotchilar fikricha, Kursk amaliyoti stavkani ko‘tarib yuborgan. Agar Ukrainaning boshqa kutilmagan amaliyotlari ulansa, ular yana ko‘tarilishi mumkin — «masalan, Qrim yoki boshqa qayerdadir», deb hisoblaydi RUSI ekspertlari.

Pokrovsk, kuz — hal qiluvchi palla

2024 yil kuzi Rossiya-Ukraina urushi uchun hal qiluvchi davr bo‘lishi mumkin.

Muhim harbiy va siyosiy voqealar aynan shu davrga to‘g‘ri keladi, deydi David Gendelman.

Gap Kursk oblastidagi amaliyot va Pokrovsk uchun jang haqida ham, AQSh prezidentligi uchun noyabr oyi boshida kechadigan saylovlar haqida ham ketmoqda. Kiyev Amerika yordamiga o‘ta qaramligi sharoitida Oq uyning yangi xo‘jayini nomi ulkan ahamiyatga ega, deydi isroillik tahlilchi.

Uning bu fikriga hamma ham qo‘shilmaydi.

«Men bu kuzda qandaydir burilish nuqtasi bo‘lishini aytishni juda ham istardim. Ammo bu uzoqqa cho‘ziladigan urush ekani va bunday burilish yasash uchun urushayotgan tomonlardan hech biri hal qiluvchi ustunlikka ega emasligi faktini ham qabul qilish kerak, — deb hisoblaydi Oqil Rustamzoda. — Holdan toydiruvchi urushda hatto operativ yutuqlar ham strategik burilish nuqtasiga olib chiqa olmaydi».

O‘z navbatida, Mixaylo Jiroxov o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya armiyasi imkoniyatlari kuz boshida o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqishini va Kreml vaziyatdan foydalanib qolish uchun bor kuchini yo‘naltirishi mumkinligini eslatadi.

1,5-2 oy vaqt qoldi, hozircha ob-havo imkon beradi, yashil daraxt va butalar rossiyalik piyodalarni panalaydi, quruq tuproq og‘ir zirhli texnikalardan foydalanishga imkon beradi.

«Rossiyaning Donetsk yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlari boshqa omadsizliklarni yopib ketmoqda. O‘ylaymanki, ularga [Rossiya qo‘shiniga] vazifa qo‘yilgan, ular buni yomg‘irlar boshlanadigan, „yashillik“ yo‘qoladigan noyabrga qadar bajarishga harakat qilishadi. Bu vazifa — Donetsk oblastining ma’muriy chegaralariga chiqish», — deydi tahlilchi.

Va Ukraina uchun pessimistik prognozlar beradi — rossiyaliklar katta ehtimol bilan bu vazifani bajarishni uddalashadi.

Ukrainaning vazifasi murakkab ko‘rinayotgan sharoitlarda Pokrovskni ushlab turish. Bunda Kursk oblastida bo‘lgani kabi yana bir nostandart yurish yordam berishi mumkin.

Ukrainaning harbiy-siyosiy rahbariyati frontdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun yana bir kutilmagan qadam tashlashi kerak, deb hisoblaydi tahlilchilar. Foto: Ukraina prezidenti ofisi

«Sirskiyning ayyorona rejasini, yangi qarshi hujumni kutaman, chunki Kurskda Ukraina qurolli kuchlari barcha zaxiralarini ishlatgani yo‘q. Voqealar mantig‘i shunday, keyingi haftalarda ukrainlar qayerdadir zarba berishi kerak. Ammo bu „Visladagi mo‘jiza“ bo‘ladi», — deydi Jiroxov.

U yodga olgan «Visladagi mo‘jiza» deb Polsha va sovet qo‘shinlari o‘rtasida 1920 yilning 13–25 avgust kunlarida bo‘lib o‘tgan jangga aytiladi. Mag‘lubiyat yoqasida turgan Polsha nafaqat qizil armiyani to‘xtatadi, balki qarshi hujumda uni yakson etadi ham.

David Gendelman ham Ukraina tomonidan «kutilmagan yurish» kutmoqda. Aks holda, Pokrovskning boy berilishi bu kuzda «Ukraina mudofaasi uchun operativ inqiroz»ni yuzaga keltiradi.

Bu jang taqdiri frontdagi voqealarning keyingi vektorini belgilab beradi. Ehtimoliy variantlar orasida — mojaro muzlatilishi yoki 2025 yilda qarama-qarshilikning yangi bosqichi boshlanishini keltirish mumkin.

«Shunday ibora bor — „jo‘jalar kuzda sanaladi“. Va bu yili u yanada dolzarbroq», — deya xulosa qiladi tahlilchi.

Ko‘proq yangiliklar: