Grossi «yadroviy hodisa oldini olish» uchun Zaporijjya AESga boradi

Jahon 11:28 / 03.09.2024 1231

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi «yadroviy hodisa oldini olish» uchun Ukrainaning Zaporijjya atom elektr stansiyasiga (ZAES) safar qiladi. AEXA rahbari safar haqida 2 sentabr, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lumot berdi.

Grossining eslatishicha, AEXA yordam missiyasi Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasida yadro xavfsizligini ta’minlash uchun tuzilganidan beri ikki yil o‘tdi. 

«Men ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirish va yadroviy hodisaning oldini olishda yordam berish uchun Ukrainadagi Zaporijjya atom elektr stansiyasiga ketyapman», deb yozgan u. 

Rossiya Ukrainadagi AES ishini to‘xtatib qo‘yishga urindi - Yermak 

29 avgust kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak xabar berishicha, Rossiya hujumi paytidagi shikastlanish natijasida to‘rtta atom elektr stansiyasi elektr ta’minotisiz qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «dunyoga yadroviy falokat bilan tahdid qilmoqda».

Bir kun avval Ukraina rasmiylari AEXA 26 avgust kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan katta hujum uyushtirganida, Ukraina atom elektr stansiyalarining bir nechta energobloklari elektr tarmog‘idan uzilganini ma’lum qilgan edi. Ularga ko‘ra, Roven AESning birinchi, uchinchi va to‘rtinchi energobloklari elektr tarmog‘idan uzilgan. Bundan tashqari, dastlab Janubiy Ukraina atom elektr stansiyasining quvvati qisqartirildi, keyin Ukraina milliy energetika tizimidagi tebranishlar tufayli ushbu stansiyaning uchinchi energiya bloki o‘chirildi. 

Zaporijjya AESga zaxira liniyasi orqali elektr yetkazib berishni to‘xtadi 

Zaporijjya atom elektr stansiyasiga zaxira liniyasi orqali elektr energiyasini yetkazib berish avtomatika tufayli to‘xtatildi, deb xabar berdi Rossiya axborot agentliklari 23 avgust kuni stansiya vakillariga tayanib. 

«Zaporijjya AESda 2024 yil 23 avgustda yuqori voltli 330 kV «Ferrosplavnaya-1» elektr ta’minoti tarmog‘i avtomatika tufayli o‘chirildi», — deyiladi «ZAES. Ofitsialno» Telegram-kanalida. - AESning o‘z ehtiyojlari «Dneprovskaya» 750 kV liniyasidan quvvatlanadi». 

AEXA: Zaporijjya AESdagi vaziyat dron hujumidan so‘ng yomonlashdi 
 
Zaporijjya atom elektr stansiyasida yadro xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat uning hududi yaqinidagi yo‘lga uchuvchisiz uchoq zarbasidan keyin yomonlashdi. Bu haqda 17 avgust kuni AEXA bosh direktori Rafael Grossi ma’lum qildi. Uning bayonoti agentlikning rasmiy saytida e’lon qilingan. 

«Biz yana bir bor Zaporijjya atom elektr stansiyasining yadroviy xavfsizligiga tahdidlar kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz va men yana bir bor barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka chaqiraman», dedi Grossi. 

AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchoq olib kelgan portlovchi moddalar Dnipro elektr uzatish liniyasidan taxminan 100 metr masofada portlagan. Shu bilan birga, snaryadni aynan kim uchirgani haqida xabar berilmagan. Agentlikning qayd etishicha, hodisa natijasida qurbonlar yo‘q. Shuningdek, atom elektr stansiyasi uskunasiga zarar yetmagan, biroq elektr stansiyasining ikkita asosiy darvozasi orasidagi yo‘l shikastlangan.

Ko‘proq yangiliklar: