FQB armanistonlik talaba Turkiya va Ozarboyjon elchixonalariga hujum uyushtirishni reja qilganini aniqladi

Jahon 21:16 / 03.09.2024 2694

AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) Chikago universitetining sobiq talabasi Aram Branson Turkiya va Ozarboyjon diplomatik vakolatxonalariga hujum uyushtirishga uringanini aniqladi. FQB bayonotiga ko‘ra, Branson bombalar tayyorlashni o‘rganib, kerakli materiallarni to‘plagan.

2023 yil 2 yanvar kuni Bransonning universitet yotoqxonasidagi xonasida porox aralashmasi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Tintuv davomida portlovchi moddalar tayyorlashda ishlatiladigan komponentlar aniqlangan. Sodir bo‘lgan voqeadan keyin Branson qochib ketgan, biroq ko‘p o‘tmay onasi bilan qaytib kelgan va FQB agentlariga bir-biriga zid bo‘lgan ko‘rsatmalar bergan.

Tergov davomida aniqlanishicha, Branson Turkiya va Ozarboyjonning Vashington, Boston va AQShdan tashqaridagi diplomatik missiyalari qayerda joylashgani bo‘yicha ma’lumot qidirgan. Shuningdek, u elchilar qarorgohiga kirib borish yo‘llari bilan qiziqqan va arman terrorchilarining diplomatik vakolatxonalarga uyushtirgan oldingi hujumlarini o‘rgangan.

FQB tomonidan topilgan videoda Branson bombalar tayyorlash qobiliyatini namoyish etgani va qurolli terrorchilik guruhlarini yaratishni istagan armanlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytgani tasvirlangan. Bundan tashqari, u boshqa armanlar bilan dunyoning turli davlatlarida bombalar tayyorlashni o‘rgatish imkoniyatini muhokama qilgan.

Branson 2022 yil noyabrdan beri armanlarning «Dashnoqsutyun» terrorchilik tashkiloti a’zosi. 2023 yil avgustda u yukxonasidan portlovchi moddalar topilganiga qaramay, Yerevanga uchib ketgan.

Ayni vaqtda Branson Armanistonda bo‘lib, AQShga qaytishdan bosh tortmoqda. FQB unga nisbatan yolg‘on ko‘rsatma berish va dalillarni yashirganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: