«Siz va bolalaringiz mamlakatga nega keraksizlar?» - Apti Alaudinov qanday qilib Kreml ovoziga aylandi

Jahon 17:14 / 02.09.2024 24939

So‘nggi uch hafta davomida Ukraina qurolli kuchlari ming kilometr kvadratdan ortiq hududni egallab olgan Kursk oblastidagi inqirozli vaziyatda «Axmat» bo‘linmasi qo‘mondoni hamda Rossiya qurolli kuchlari harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Apti Alaudinov rossiyaliklarning asosiy spikeri bo‘lmoqda, u har kuni vaziyat qanday «barqarorlashayotgani» haqida aytib kelmoqda.

BBC rus xizmati nega Rossiyaning ukrainlar qo‘liga o‘tgan hududlarida nimalar bo‘layotgani haqida fuqarolarga tushuntirib beradigan boshqa odam topilmagani haqida hikoya qildi.

General doim bir xil

«Men Apti Alaudinovni ikkinchi chechen kampaniyasi orqali yaxshi bilaman. Ammo men ko‘p yillar davomida u bilan hech qanday munosabatda, aloqada bo‘lmadim. Men mayorligimda u katta leytenant bo‘lganini eslayman. Foydali, aqlli, aytish mumkinki, iste’dodli», — degandi 2022 yil 9 sentabrda DXRning sobiq mudofaa vaziri Igor Strelkov-Girkin ukrain armiyasining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumiga bag‘ishlangan navbatdagi strimida. O‘sha pallada Girkin Rossiyada safarbarlik e’lon qilishga muntazam chaqiriqlari va boshqa nom ostida Qrim orqali oldingi chiziqqa bormoqchi bo‘lgani tufayli internet-memga aylangandi.

O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari bir necha kunlik harbiy harakatlar natijasida Oskol daryosining o‘ng sohilini egallab, Balakliya, Vovchansk, Kupyansk, Izyum, Liman shaharlarini ozod etgan, Rossiya mudofaa vazirligi esa bir necha kunlik sukut saqlashdan keyin 8000 km. kv hudud boy berilganini tan olib, bu hodisani «qayta guruhlanish» deb nomlagandi.

Igor Strelkov ikkinchi chechen kampaniyasi bo‘yicha tanishini bejiz esga olmagandi. Rossiyalik harbiylar tezlik bilan Xarkiv oblastidan chekinib borarkan, «Axmat» maxsus topshiriqli otryadi komandiri Apti Alaudinov Rossiya armiyasi amalda dushmanni tuzoqqa ilintirayotgani, shundan keyin Belgorod tomondan zaxira kuchlar olib kirilib, hal qiluvchi zarba bilan u to‘liq tor-mor etilajagini va Xarkiv tomon qarshi hujumga o‘tilishini aytgandi.

«Bu gapni men emas, balki Rosgvardiya generali aytgan, men bu yerda harbiy sirni ochayotganim yo‘q», — deya har ehtimolga qarshi javobgarlikni o‘zidan soqit qilgandi Strelkov va shunchaki rossiyalik harbiy spikerning so‘zlaridan iqtibos keltirayotganini ta’kidlagandi.

Foto: Alexander Reka/TASS

Ikki oy o‘tgach, general Sergey Surovikin «qiyin qaror» qabul qilganida, Rossiya armiyasi Xerson tashlab chiqqanida, general Alaudinov propaganda ko‘rsatuvi bo‘lgan «Solovev LIVE» efirida Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan oldin go‘yoki Ukraina kuchlari Rossiyaga hujum qilishga tayyorlangani haqida gapirgandi: «Rossiyani parchalashga qaratilgan shaytoniy reja maxsus harbiy amaliyot boshlanishiga olib keldi, — deya izohlagandi «Axmat» komandiri Rossiya armiyasining Xersondan chiqishini. — Biz Ukraina bilan emas, balki NATO bloki bilan jang qilyapmiz».

O‘zining so‘zlariga shubha qilganlar uchun keyingi kuni telegram-kanalida quyidagicha tushuntirish berdi: «Surovikin — bu zamonamiz Suvorovi! Biz o‘zimiz ishonmaydigan hech narsani bekorga aytmaymiz va agar aytsak, so‘zimizga javob beramiz. Xersonni bir marta egalladik, uni qaytarib olamiz va boshqalarini ham».

2024 yil avgustiga kelib Xerson Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda, urush esa Rossiya hududiga ko‘chgan.

Kursk oblastidagi inqirozning ilk kunlaridanoq Alaudinov rossiyaliklarning bu mavzudagi asosiy harbiy spikeriga aylanayozdi. 6 avgust kuni, Ukraina qurolli kuchlari chegaradan o‘tib kelganida, u popkorn olishni va «biznikilar dushmanni qanday qilib yakson etishi»ni kuzatishni taklif qildi, 8 avgust kuni «vaziyat kritik emasligi»ni aytdi, 10 avgustda — «biz vaziyatni maksimal darajada nazorat qilyapmiz», 11 avgust kuni — «vaziyat asta-sekinlik bilan barqarorlashmoqda», 13 avgustda — «vaziyat nazorat ostiga olinga», 14-da — «biz raqibni bloklashni yakunladik», 18 avgustda esa — «raqib to‘xtatildi» deb aytdi. Bu kunlar davomida esa Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududidagi yangidan yangi aholi yashash manzillarini egallashda davom etdi.

«Xohlaganingni qil, xohlaganingni o‘ldir»

2013 yil dekabrda chechen TV respublika ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, bundan bir yil muqaddam Rossiyada eng yosh politsiya generaliga aylangan Apti Alaudinov Urus-Martanda qo‘l ostidagilarga Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z dushmani deb hisoblovchilarga qanday kurashish lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berayotgani haqidagi syujyetni ko‘rsatadi: «Nozil qilingan Qur’onga qasamki, agar vahhobiylarga zarracha o‘xshashlik bo‘lsa, javobgarligini shaxsan o‘zim zimmamga olaman. Kimni qamash mumkin bo‘lsa — qamang. Cho‘ntagiga nimadir tashlab qo‘yish imkoni bo‘lsa — tashlang. Xohlaganingizni qiling, xohlaganingizni o‘ldiring. Hukmdor shuni aytgan va men buni qo‘llab-quvvatlayman».

Foto: Alexander Reka/TASS

Alaudinov o‘z karerasini respublika huquq-tartibot organlarida boshlagan. 2000-yillar boshida u prokuraturada, IIV va Checheniston adliya vazirligida ishlagan, 2011 yilgacha region politsiyasi boshlig‘i va ichki ishlar vaziri o‘rinbosari darajasigacha ko‘tarilgan. «Novaya gazeta» Apti Alaudinovni Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning atrofidagilar orasidagi «kuchli, xavfli va juda jirkanch shaxs» deb atagan.

Birinchi chechen urushi vaqtida Apti Alaudinov yaqin qarindoshlari — otasi va akasini yo‘qotgan. O‘shanda oilasi kabi u ham federal kuchlar tomonda bo‘lgan, Axmat Qodirov esa Ichkeriya tomonda turib jang qilardi.

«Hech qachon jangarilarni qo‘llamagan, Rossiya tomonida turib jang qilgan yoki Qodirovning otasidan oldinroq Rossiya tomonga o‘tgan chechen federal xavfsizlik kuchlari hokimiyat uchun kurashda Ramzan Qodirovga raqib bo‘lgan. Ayniqsa, 2004-2007 yillarda Qodirov uchun har kuni o‘lim bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan murakkab davrda», — deydi uzoq vaqt Chechenistonda ishlagan ekspert xavfsizlik nuqtayi nazaridan shaxsini sir tutgan holda. Bu federallar tomonda turib jang qilgan chechenlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan prezident Alu Alxano va ortida amnistiya qilingan chechen jangarilari turgan Ramzan Qodirov o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash davri edi.

Apti Alaudinov hatto Axmat Qodirovni emas, balki Ramzanning o‘zini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlaganlar qatorida edi — bu 2006 yilda, kichik Qodirov amalda respublikada hokimiyatni egallab olganida ro‘y bergan.

Checheniston hukumatining hozirgi rahbari Magomed Daudov kabi Apti Alaudinov ham oddiy chechenlar huquqi haqida qayg‘urmaydigan shaxs sifatida ma’lum. Alaudinov 2014 yilda, o‘z vaqtida Aslan Masxadov hukumatida Rossiya bilan munosabatlar bo‘yicha vitse-premer lavozimida bo‘lgan Ruslan Kutayev qiynoqqa solinishiga aloqadorligi uchun «Magnitskiy ro‘yxati»ga kiritilgan. O‘sha yillarda Alaudinov haqida o‘z fikriga ega bo‘lmagan, barcha masalada Ramzan Qodirovga so‘zsiz ergashadigan shaxs sifatida gapirishardi.

Foto: Apti Alaudinov / Telegram

«O‘tmishda u zo‘ravonlik darajasi bo‘yicha Magomed Daudovdan qolishmagan bo‘lsa-da, Chechenistonda Alaudinovdan u qadar qo‘rqishmaydi», — deydi BBC bilan suhbatda Checheniston bo‘yicha ekspert.

2019 yilda Ramzan Qodirov o‘ziga qarshi fitna haqida ma’lumot tarqalganidan keyin chechen elitasi saflarida keng ko‘lamli tozalash o‘tkazadi. O‘shanda Apti Alaudinov ham chetda qolmagandi: Baza nashriga ko‘ra, mojaro mast bo‘lib qolgan Alaudinov go‘yoki Ramzan portretiga tarsaki tushirib, boshqa mehmonlar bilan birgalikda region rahbarini mazax qilgan ziyofatdan keyin yuzaga kelgan.

Haqiqiy sabab esa, katta ehtimol bilan, Argun shahri meri Ibragim Temirbayev iste’foga chiqarilishi bo‘lgandi, o‘shanda u bundan norozi bo‘lib, o‘z tanishlari — chechen kampaniyasi vaqtida federallar tomonda jang qilgan kuchishlatar tuzilmalar rahbarlarini chaqirib, ular bilan Qodirovning o‘zboshimchaliklarini muhokama qilgan. Katta ehtimol bilan, bu suhbat yashirincha tinglangan va bu Qodirovga yetib borgan, natijada Temirbayev bilan gaplashganlarning barchasi qo‘lga olingan.

WhatsApp tarmog‘ining chechen segmentida o‘shanda Apti Alaudinov ham qo‘lga olingani, qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligi, keyin ishdan bo‘shatilgani haqida mish-mishlar tarqaladi.

Ammo keyingi kuniyoq Alaudinov divanda o‘tirgan holda videoraddiya yo‘lladi: «Men hayotimda hech qachon xoin bo‘lmaganman va bu dunyoda hech narsa evaziga Ramzan Axmatovich Qodirovdan yuz o‘girmayman». Checheniston uchun esa bunday «raddiya» — mish-mishlar bejiz emasligiga ishonch hosil qilish uchun yana bir sababdir.

Checheniston mavzusiga ixtisoslashgan jurnalist Yelena Milashina yaqin vaqtlargacha Alaudinovni «qandaydir malaka oshirish kurslarini tamomlagani uchun qo‘lga kiritgan diplom» uchun ham tabriklab yurgan chechen eletasi «aziz birodar» Aptini tug‘ilgan kunida ham eslamaganiga e’tibor qaratdi.

Foto: RKadyrov_95 / Telegram

Bu Alaudinovning Ramzan Qodirov bilan birinchi bor ziddiyatga borishi emasdi. 2016 yilda ham Qodirov vazir o‘rinbosarini ishdan bo‘shatmoqchi bo‘lgan, ammo Alaudinov har safar o‘z kabinetiga qaytavergan. Chechen siyosati bo‘yicha ekspert BBC bilan suhbatda buni Qodirov o‘z atrofidagilarga bergan daxlsizlik oxir-oqibat uni cheklab qo‘ygani bilan izohlaydi: bu odamlar ommaga tanishligi va jurnalistlar mojarodan xabardor bo‘lgani tufayli ularga yaqin bo‘lgan odamlarni ishdan bo‘shatishi ham qiyin edi.

Chechenistonlik huquq faoli, chechen qamoqxonasida o‘tirib chiqqan Oyub Titiyev Alaudinov vazir o‘rinbosari lavozimida qolgan bo‘lsa ham, amalda ishga chiqmagani va ishdan chetlatilganini aytadi.

Uni rasman 2021 yil bahorida ishdan bo‘shatishadi, shundan keyin Alaudinov Moskvaga ko‘chib o‘tib, bu yerda 2022 yil martiga qadar yashaydi, bu vaqt oralig‘ida jamoatchilikka ko‘rinish bermaydi.

2022 yil 17 mart kuni Ramzan Qodirov Alaudinov bilan birga tushgan fotosini e’lon qiladi va uning ostiga shunday yozadi: «aziz birodarim» chechenistonlik «minglab ko‘ngillilarga bosh bo‘lib» Ukrainaga ketmoqda. Ushbu yangilik bo‘yicha fikrlar ikki xil edi: bir toifa Apti Alaudinov shunday yo‘l bilan Qodirovning ishonchiga qaytganini aytgan bo‘lsa, boshqalarning fikricha, Qodirov «achinmasa bo‘ladigan» prinsip bilan ish tutgandi.

«Bema’ni gaplarni aytayotganini o‘zi tushunmaydi»

«Kavkaz uzeli» bosh muharriri Grigoriy Shvedovning aytishicha, «2019 yildan keyin Alaudinov shunday qiziq holatda bo‘lganki, amalda ishlamagan, ammo IIV rahbari o‘rinbosari lavozimidan faqat 2021 yil bahorida bo‘shatilgan. «Bu federal qaror sifatida rasmiylashtirilgan, lekin chechen rasmiylari shunga intilgan va erishgandi. Shunday ekan, uning qaytishi Rossiya maxsus harbiy amaliyot deb atagan urush bilan bog‘liq. Mening fikrimcha, Kremldagilar mashhur, ta’sirga ega, shu bilan birga, Qodirovning yaqin davrasiga mansub bo‘lmagan chechenni foydali deb hisoblashgan».

2022 yil aprelida Alaudinov Rossiya qo‘shini egallab olgan Rubejneda LXR rahbari Leonid Pasechnik bilan birga fotosuratga tushadi. Uch oy o‘tib Qodirov Alaudinovni Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlaydi va shundan keyin o‘z telegram-kanalida uni o‘z yordamchisi sifatida emas, «Axmat» maxsus topshiriqli bo‘linmasi komandiri sifatida tanishtira boshlaydi.

Foto: Alexander Shcherbak/TASS

2022 yil iyunida Gudermesdagi maxsus kuchlar universiteti bazasida Ukraina frontiga yuborish uchun Rossiyaning barcha regionlaridan minglab ko‘ngillilarni yollash boshlanadi — bu yo‘nalishdagi ishlarga aynan Alaudinov rahbarlik qiladi. O‘sha yil avgustida buning uchun unga Rossiya Qahramoni unvoni beriladi. Gudermesda ko‘ngillilar faol yollanishi Ramzan Qodirovga o‘sha yil kuzida, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganida, uning respublikasi qo‘shinlarga odam yetkazib berish bo‘yicha rejani ortig‘i bilan bajarganini, shuning uchun regionda safarbarlik tadbirlari o‘tkazilmasligini aytishga imkon beradi.

2022 yil kuzida «Axmat» otryadlari Xerson yo‘nalishida jang qiladi. Igor Strelkov aynan o‘shanda Alaudinovni eslagan va uning so‘zlarini sharhlay boshlagandi. 2023 yil fevralida Qodirov o‘z yordamchisini zaharlashga urinishgani haqida ma’lum qiladi.

16 fevral kuni Alaudinovni ziyorat qilish uchun gospitalga «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin keladi, u o‘sha vaqtdayoq mudofaa vazirligi bilan ochiq ziddiyatga kirishgan va uning yollanma jangchilari kerakli miqdorda o‘q-dorilar bilan ta’minlanmayotganidan shikoyat qila boshlagandi. Alaudinov vagnerchilarga ma’lum miqdorda mina yetkazib berishni va’da qiladi. Qodirov esa shunday yozadi: «Ikki Rossiya Qahramoni uchrashuvi o‘ziga xos zavqli o‘tdi. Harbiy birodarlikning eng yaxshi an’analariga ko‘ra, Yevgeniy Viktorovich „Vagner“ XHK logotipi tushirilgan afsonaviy kuvalda hamda musiqa asboblari uchun ramziy quti olib keldi. Apti Aronovich o‘zining jangovar quroldoshidan sovg‘ani mamnuniyat bilan qabul qilib oldi va yangi xizmat quroli uchun Yevgeniy Viktorovichga minnatdorchilik bildirdi».

2023 yil iyunida Prigojin Moskva tomon «adolat marshi» uyushtirganida «Axmat» jangchilari kolonnasi telekameralar qarshisida saf tortadi va isyonchilarni to‘xtatish uchun ular tomonidan egallangan Rostov-Donga yo‘l olishini e’lon qiladi. Axmatchilar Rostovga yetib borishmaydi, qayerdadir yo‘ldan adashishadi, lekin bu isyon yakunlanganidan keyin Alaudinov «Rossiya-1» telekanali efirida uning jangchilari «„Vagner“ XHK jangchilaridan 500–700 metr masofada turgani, ammo buyruqsiz faol harbiy harakatlar boshlamagani»ni aytishiga xalal bermaydi.

Holbuki 2023 yil yoziga kelib chechen otryadlari «tik-tok qo‘shinlar» laqabini olib ulgurgan, barcha ular oldingi chiziqda harakatlanmasligi, lekin o‘z «g‘alabasi» haqida videoroliklar suratga olish bilan band haqida gapirardi.

Foto: Apti Alaudinov / Telegram

«Ramzanda hech qachon kallakesarlar bilan muammo bo‘lmagan, — deydi „Memorial“ huquq faoli Aleksandr Cherkasov. — Ammo, sadoqatlilarning katta guruhiga ega bo‘lgan Ramzan eng qobiliyatlilarini tanlab oladi. Alaudinov ikki yildan oshiq vaqtdan buyon Ukrainada chechenistonlik ko‘ngillilar bilan ishlamoqda va ma’lum bo‘lishicha, bu nutqi yaxshi bo‘lgan arbob uchun mutlaqo avtonom joy. U va Qodirov piar uchun har qanday imkoniyatdan foydalanmoqda, chunki ular o‘z istiqbollari shunga bog‘liq deb hisoblashadi. IShID asirligidagi fuqarolarni olib chiqish, urushning ilk yillaridagi tik-tok qo‘shinlar, Prigojinning Moskvaga marshini to‘xtatish... Kurskdagi hozirgi vaziyat esa ular uchun yanada qulayroq: rus o‘rtoqlar ko‘p ham izoh bermayapti, Moskva va Putin sukut saqlamoqda».

So‘nggi haftalardagi vaziyatni Alaudinov nafaqat Kursk oblastiga bostirib kirgan Ukraina qurolli kuchlarini qarshi olgan chechen otryadlari komandiri sifatida, balki amalda Rossiya armiyasining asosiy siyosiy yetakchilaridan biri sifatida ham sharhladi: 2024 yil aprelida Vladimir Putin uni Mudofaa vazirligi Harbiy-siyosiy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlagandi.

U 19 avgust kuni, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida nazorat hududini kengaytirayotganida, «o‘n sakkiz yoshli erkak harbiy xizmatchilardan yosh bola yasab olmaslik, ularga so‘rg‘ichini berib, uxlashga yubormaslik kerakligi» haqida gapirdi: «Peshonasiga o‘lim yozilmaganlar o‘lmaydi. Ammo sen o‘z Vataningni, Xudoga e’tiqodingni himoya qilib vafot etsang, jannatga tushasan. Inson uchun Alloh yo‘lida jannatdan o‘zga yaxshiroq nima bo‘lishi mumkin?» — deya izohlagan Kursk oblastidagi vaziyatni general muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalariga va shunday savol qo‘ygan: «Menda sizga bir savol tug‘ilmoqda: siz va bolalaringiz bu mamlakatga nima uchun keraksizlar?»

Foto: Alexander Reka/TASS

«U juda aqlli odam chiqib qoldi va o‘zi uchun federal miqyosda harbiy martaba yaratdi. Bu Qodirovning yordamisiz bo‘lmadi, u ham ma’lum pallaga qadar qo‘llab-quvvatlagan, chunki uning chechenlari qandaydir ko‘zga ko‘ringan lavozimlarni egallashi hamda federal siyosatga ta’sir ko‘rsatishidan manfaatdor, — deb hisoblaydi ko‘p yillar mobaynida chechenlar kun tartibini o‘rganib kelgan ekspert. — Qodirov Alaudinovni nafaqat partiya liniyasidan chetga chiqa boshlagani, balki federal darajadagi chechen siyosatchisi rolini o‘ynay boshlagani ma’lum bo‘lguniga qadar qo‘lladi».

Endi esa uni Checheniston rahbarining o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri sifatida ko‘ra boshlashgan.

«Qiynoqlarga qarshi jamoa» huquq tashkiloti esa Alaudinov alohida siyosiy karera qurishga harakat qilyapti deb hisoblamaydi — aksincha, tashkilotdagilar u o‘zini tez-tez Putinning piyoda askari deb ataydigan Ramzan Qodirov liniyasini targ‘ib qilishda davom etayotganiga ishonadi va «Axmat» komandiri Checheniston rahbarini doimo «hukmdor» deb atashiga e’tibor qaratishadi. «U hali IIV rahbari o‘rinbosari ekanida, mahalliy televideniye orqali chiqishni yoqtirardi va doimo bir gapni aytardi: „O‘ldirish kerakmi — o‘ldiramiz, narkotik tashlash kerakmi — tashlaymiz“, — deyiladi «Qiynoqlarga qarshi jamoa» izohida. — Shunday ekan, uning muddatli harbiy xizmatchilar to‘g‘risidagi so‘zlaridan hayron bo‘lmaslik kerak. Mamlakatga hech kim kerak emas, shifokor ham, o‘qituvchi ham, faqat armiyaga kerak. O‘g‘illar qo‘liga avtomat ko‘tarish va o‘ldirish uchun yo‘l olishdan boshqasini bilmaydi. Shunchaki Chechenistonda bunday ritorika hech kimni ajablantirmaydi, ammo u bu gapni federal darajada ayta boshlagani aholi orasida e’tiroz keltirib chiqarishi mumkin. Alaudinov o‘zini televizor orqali ko‘rsatishni yoqtiradi va nima deyayotganini o‘zi tushunmaydi, u shunday yashaydi».

21 avgust kuni kechqurun, Moskva yaqinida dronlarning yirik hujumi qaytarilganida, uchuvchisiz uchar qurilmalar Murmansk oblastida ham ko‘rinish berganida, ukrain harbiylari esa Belgorod oblastiga reydlar uyushtirayotganida, Alaudinov o‘quvchilariga shunday dedi: «Frontda, Allohga shukrki, bizda barchasi juda yaxshi».

Ko‘proq yangiliklar: