Rossiyaning Nijyegorodsk viloyatida o‘zbekistonliklar ketayotgan mikroavtobus halokatga uchragan. Nijyegorodsk viloyati politsiyasining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 1 sentabr kuni sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 32 yoshli tojikistonlik haydovchi Hyundai mikroavtobusining boshqaruvini yo‘qotgan. Shundan so‘ng mikroavtobus to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketgan.
Oqibatda uning ichida bo‘lgan 11 nafar o‘zbekistonliklarning 8 nafari halok bo‘lgan. Haydovchi va yana 3 nafar o‘zbekistonlik tan jarohatlari olgan. Xabarda haydovchi va yo‘lovchilarning ism-shariflari oshkor qilinmagan.
Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 264-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 11 yanvar kuni ham Rossiyaning Penza oblastida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan JAC miniveni qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Volvo rusumli yuk mashinasiga urilgandi. YTH oqibatida minivendagi yetti kishi, jumladan haydovchi voqea joyida halok bo‘lgan, shifoxonada yana bir kishining joni uzilgandi. Jarohatlangan yana bir kishi shifoxonada qolmoqda. Qurbonlarning jasadlari o‘tgan haftaning shanba kuni O‘zbekiston mudofaa vazirligi harbiy-transport samolyoti orqali vatanga qaytarilgandi.
Shuningdek, 2024 yil 16 yanvar kuni Samara viloyatida ichida 7 nafar o‘zbekistonliklar bo‘lgan Lada Largus va «Gazel» yuk mashinasi o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergandi. YTH oqibatida Largus yo‘lovchilari bo‘lgan uch kishi halok bo‘lib, yana to‘rt nafari shifoxonaga yotqizilgandi.