Quyida To‘qayevning murojaatnomasida tilga olib o‘tilgan eng asosiy masalalar mazmuni va iqtiboslarini keltiramiz.
«Mening asosiy vazifalarimdan biri — Qozog‘istonni komfort va xavfsiz hayot hududiga aylantirishdir».
«Ichki ishlar vazirligi barcha turdagi huquqbuzarliklar uchun qat’iy chora ko‘rishga majbur. Huquqiy davlatda jinoyatchilikka o‘rin yo‘q. Shu sababli banditizm tag-tubi bilan yo‘q qilinishi kerak. Bu ekstremistlar, shu jumladan, diniy radikallarning vayronkor faoliyatiga ham taalluqli».
«Qozog‘istonda biror bir belgiga ko‘ra kamsitish yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi. Bunday faktlar qonunga ko‘ra ta’qib qilinadi.
Sir emaski, barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan kir niyatli kishilar, shu jumladan xorijdan turib harakat qiluvchi kimsalar, jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilib, mamlakatimizga qarshi asossiz ayblovlar bilan chiqish qilib kelmoqda.
Qozog‘iston jamiyati ichida bo‘linish hosil qilish uchun yaxshigina pul to‘lab qo‘yilgan bu nayranglar, albatta, muvaffaqiyatsizlikka yuz tutadi. Chunki bizda hech qachon qandaydir «fobiyalar» bo‘lmagan, yo‘q va bo‘lmaydi ham».
Kelgusi yildan Qozog‘istonda tumanlar va viloyat miqyosidagi shaharlar hokimlari faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar orqali saylanadi.
«Siyosiy islohotlar — bir martalik kampaniya emas. Agar mamlakatning rivoj topishi uchun bu zarur bo‘lsa, bunday islohotlar doimiy ravishda o‘tkaziladi».
«O‘rta sinf kuchayishi kerak. Iqtisodiyotning o‘sishi ijtimoiy notenglik darajasi pasayishi bilan birga sodir bo‘lishi shart».
«Banklar iqtisodiyotga yanada ko‘proq pul tikishi lozim. Bu borada zarur qonun qabul qilinadi».
«Budjetda ikkinchi darajali vazifalarga haddan ziyod pul sarflash holatlarini kamaytirish kerak».
«Mamlakatga investitsiyalar jalb qilishga ko‘proq e’tibor berish kerak. Barcha hokimlar va vazirlar ham jarayonda ishtirok etmayapti».
«Aktivlarni qaytarish masalasida. Biznesmenlar davlatga peshvoz chiqishi lozim, aks holda ular bilan boshqacha gaplashamiz».
«Monoshaharlarga qaytadan jon baxshida etish kerak. Mamlakatning ishlab chiqarish salohiyati to‘liq ochilishi kerak».
«Avtosanoatning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi to‘liq o‘zini qoplashi kerak. Avtomobilsozlik klasteri paydo bo‘lishi kerak».
«Mamlakat aholisi va iqtisodiyotni tabiiy gaz bilan ta’minlash — hukumat oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biridir».
«Energetika va kommunal sektorlarda tariflarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Yil so‘ngiga qadar sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha milliy loyiha tasdiqlanishi kerak».
«Atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkaziladi. U 6 oktyabr, yakshanba kuniga belgilangan».
«Yo‘llarni ta’mirlash borasida Qozog‘istonda raqamli platforma paydo bo‘ladi va unda qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi to‘g‘risida barcha axborot joylashtiriladi».
«Sun’iy idrok va raqamlashtirishni barcha joyda joriy qilish — hukumatning ustuvor vazifasidir. Ostona shahrida Sun’iy idrok bo‘yicha milliy markaz ishga tushadi».
«2025 yil Ishchi kasblar yili deb e’lon qilindi. Mehnatsevarlik qadriyati birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. O‘zining halol va chin ko‘ngildan qilgan mehnati tufayli muvaffaqiyatga erishgan insonlar doim hurmat va e’tiborda bo‘lmog‘i lozim. Bu bizning «mas’uliyatli inson — halol mehnat — munosib muvaffaqiyat» prinsimizga to‘liq mos keladi. Yomon ish yo‘q, har qanday mehnat hurmat va e’zozda bo‘lishi kerak.
«Majburiy ijtimoiy tibbiy sug‘urta bilan bog‘liq holat yaramaydi. Yagona davlat tibbiy axborot tizimi yaratilishi kerak»
«Bu yilgi «Toza Qozog‘iston» ekoaksiyasida 3 mln kishi qatnashdi va million tonnadan ortiq chiqindi yig‘ib olingan.
«Toza Qozog‘iston» ekologik aksiyasi doimiy ravishda o‘tkaziladi. Atrof-muhit ozodaligiga qayg‘urish har bir inson uchun norma bo‘lmog‘i lozim.
Qozoq xalqining yaxshi sifatlari juda ko‘p. Masalan, xorijda bizni mehmondo‘st va xushmuomala xalq sifatida bilishadi. Tozalik va tartibga intilish esa milliy xarakterimizning ajralmas bir qismi bo‘lmog‘i lozim».