1 sentabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi konda oltingugurt gazi chiqishi kuzatildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, soat 15:17 da tumanning «Ko‘lqamish» MFY hududida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» koniga qarashli 604-sonli qudug‘ida burg‘ilash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda texnologik jarayonning buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.
Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
«Fuqarolarning jarohat olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan. «Vaziyat to‘liq nazorat ostida. Vahimaga o‘rin yo‘q», — deb qo‘shimcha qildi vazirlik.
O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib bordi.
Bu yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, Tezkor shtab tashkil qilingan. Texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Favqulodda holat sodir bo‘lgan hududda havoning ifloslanish darajasini o‘rganish, kelib chiqqan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Tarmoqlarda tarqalgan videolarda tungi vaqtda ko‘chada yuzlab odamlar harakatlanayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyati yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.