Surxondaryoning Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga kelgani tasvirlangan video e’lon qilingan edi. Energetika vazirligi mazkur holatga munosabat bildirib, konda to‘plangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, «M25» koni hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmagan. 2024 yil sentabr oyida metan emissiyasi sodir bo‘lgan quduq o‘rnida obektni konservatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, 604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘shliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz to‘plangan.
Ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.
«Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi.
Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin bo‘lgan bir qator operatsiyalardan iborat. Bunga holat bo‘yicha tarqalgan videolavha yaxshi misol bo‘la oladi», — deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, “Mustaqillikning 25 yilligi” konida dastlabki ofat 1 sentabr kuni sodir bo‘lib, 15 sentabrda jilovlangandi. 17 sentabrda esa 2-avariya holati yuzaga keldi va qurbonlar qayd etildi. Bu haqdagi ma’lumot bir kun o‘tib AOKAda bo‘lib o‘tgan boshqa mavzudagi matbuot anjumanida berilgandi. 18 sentabrda o‘tgan brifingda energetika vaziri vafot etganlarning oilasi pudratchi tashkilot tomonidan otaliqqa olinishini xabar qilgandi.