O‘zbekiston | 18:37 / 28.02.2025
16144
7 daqiqa o‘qiladi

“Xalqning ichida qo‘rquv bor” – kofrunliklar hamon xavotirda yashamoqda

Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koni yaqin atrofda yashayotganlarning sog‘lig‘iga xavf solmoqda. Hududda yashovchi insonlarning aytishicha, bolalar orasida allergik kasalliklarga chalinish holatlari oshgan. Ayrimlar viloyatning boshqa tumanlariga ko‘chib ketgan, boshqalar esa har ehtimolga qarshi o‘zlari uchun joy hozirlab qo‘ygan.

Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida vaziyat hali ham barqaror emas. Buni 18 yanvarda kondan olingan videotasvirlar ham ko‘rsatgan edi. Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida gaz konida bo‘ldi.

Yirik quduq atrofida katta-kichik o‘nlab tirqishlar paydo bo‘lgan va ular yonib turibdi. Ularga yaqinlashganda, gaz kuchli bosim bilan yonayotganini ko‘rish, kon hududi bo‘ylab yurganda esa badbo‘y hidni sezish mumkin.

Kofrun qishlog‘i odamlari mas’ullarning vaziyatga befarqligidan xavotirda. Shu yerda yashovchi fuqaroga ko‘ra, IIO xodimlari OAV va blogerlarga intervyu berayotganlarga turli bosimlar o‘tkazyapti. Bu ayrim blogerlarning yuzni ko‘rsatmaslik va’dasini buzgani ortidan kelib chiqmoqda. Shu sababmi, ba’zilar intervyu berishni istamadi.

Bir bloger kelgan edi, chiqaramiz-chiqaramiz degandi, uniyam chiqarmadi. Keyin bir kelinchakni siquvga oldi, oilamni siquvga oldi. Xotinim vaziyatni gapirib berdi. Keyin uni IIB xodimlari chaqirdi. So‘ngra u shifoxonaga tushib qoldi. Shundan beri gapirishdan qo‘rqaman. Gaz holati bor, ertalab, kechqurun kelib turadi, yerdan chiqayotgani xavfli ekan”, deydi Kofrun qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan biri.

Obodonlashtirish boshqarmasi xodimining aytishicha, odatda gaz hidi shamol ko‘tarilgan payti kelib turadi.

Oldin gaz hididan bezovta bo‘lardik, hozir o‘rganib ham qoldik. Bir xil ovqatni yeyaversangiz, boshida qiynalasiz, keyin o‘rganib ketasiz-ku, buyam xuddi shunday. Lekin baribir zarari bo‘lsa kerak. Mahallaga borsak, yaxshi bo‘ladi deydi, o‘t o‘choqlariga yaqinlashib, vaziyat haqida so‘rasangiz shu yerdagi nazoratchilar nima ishing bor, ket bu yerdan, deb qaytarib yuboradi”, deydi u.

O‘rganish davomida bir necha fuqarolar o‘t o‘choqlari, gaz hidi o‘zlariga salbiy ta’sir qilmayotganini aytdi. Boshqa kishilar esa aksincha ko‘p hollarda bolalar allergik kasalliklarga chalinayotgani haqida gapirdi.

Allergiya, yuzda toshmalar ko‘paygan, gaz hidining ta’siri deyishyapti. Kattalarda ham bo‘lyapti. Yaqinda ovsinimning kelinining yuzida toshmalar toshgan edi, Toshkentga borib keldi, allergiya gazdan debdi. Bu qaytalanadi. Haftalar o‘tdi, yana yuzida toshmalar paydo bo‘ldi. Ko‘proq ayollarda bunday kasalliklar uchrayapti.

Biz-ku, mayli, shifokorlar kelib o‘quvchilarning holatini o‘rgansa bo‘ladi-ku. O‘rganmaydi. Boysundan, Termizdan kelsin. O‘quvchilarga gaz ta’sir qilyaptimi-yo‘qmi, bepul tekshirsin. Tekshirmaydi. Ko‘plar vaziyatni yashirishiga harakat qiladi. Xalqniyam iloji bo‘lsa yomonlamasa deydi. Nima bo‘lishini bilmaymiz, lekin xalqning ichida qo‘rquv bor”, deydi shu yerda yashovchi ayollardan biri.

Shuningdek, bolalarning sog‘lig‘idan xavotirga tushgan ayollar qishloqdan ko‘chib ketish holatlari borligini, o‘t o‘choqlari 50 tadan kam emasligini ma’lum qildi.

Bu yerdan ko‘chib ketganlar bor, o‘quvchilarimiz kamaydi. Masalan, 50 nafardan ortiq o‘quvchimiz boshqa joylarga ko‘chib ketdi. Ota-onalar bolalarni olib ketishdi. Sizga sentabrdan buyon ko‘chib ketganlarning hisobini aytdik.

Gaz hidini ba’zida sezmaymiz. Issiq kunlar boshlansa, gaz hidi keladi deyishyapti. 50 dan ortiq o‘t o‘choqlari bor ekan, lekin biz ko‘rmaganmiz. Daradan o‘tib-qaytganlar u yoq ham, bu yoq ham yonib yotibdi deyapti. Nazoratchilar hech nimani aytmayapti. Hozir bu qishloqning kelajagi yo‘q deb Toshkent, Termizdan uy olib ko‘chib ketayotganlar bor, ko‘chmagani ham bu yerda yashash xavfli deb joy olib qo‘yibdi”, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ayollar.

Odamlar fikriga quloq tutar ekanmiz, yo‘l bo‘yida tandirga non yopish uchun pichan yig‘ayotgan ayolga ko‘zimiz tushdi. Uning aytishicha, qishloqdan ko‘chish yoki shu yerda qolish bo‘yicha mas’ullar aniq to‘xtamga kelmagan.

Hokimlar kelib-ketyapti. Lekin gaz haqida bironta gap yo‘q-da. Ko‘pchilik bu gazning ta’siri bor deydi. Bu yerda odamlar ishlashga ham qo‘rqib qolgan. Chunki gaz hidi tufayli 2 nafar kishi vafot etdi. Qishloqning ichidan ham ish yo‘q, bog‘cha, maktablarda ish bor. Ammo u yerda o‘qiganlar ishlaydi. Gaz koni bizdan ancha uzoqda bo‘lgani bois, hidi kelmaydi. Lekin ko‘chadiyam, ko‘chmaydiyam demaydi. Hozir uyimizni ta’mirlashga yoki boshqa uy qurishga ham ikkilanib qolganmiz”, deydi ayol.

Odamlarga ko‘ra, hozirda zaharli gaz hidi yaqqol sezilmasa-da, bolalar orasida allergik kasalliklar uchrayotgani ancha tashvishli. 2024 yil noyabr oyida kon yana portlagan va bu hodisadan keyin yong‘in va badbo‘y hid kamaygan edi. O‘shanda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov vaziyatni barqarorlashtirish 2-3 oy vaqt olishini ma’lum qilgan. Oradan 3 oy o‘tganiga qaramay, vazir holat yuzasidan biron nima degani yo‘q. Kun.uz’ning bu boradagi so‘rovlari esa javobsiz qolgan.

Shahzod O‘roqboyev tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov

Mavzuga oid