Mpox virusi bilan vaziyat qanday tus olyapti? – AQShdagi o‘zbek virusologi bilan suhbat

Jamiyat 14:07 / 31.08.2024 6408

Mpox virusi O‘zbekistonga qanchalik xavf solishi, unga qarshi vaksinalar samarasi haqida AQShning Kaliforniya universiteti virusologi Sharof Tugizov gapirib berdi. Professor chechakka qarshi vaksinani yana qaytarish kerak degan takliflar paydo bo‘layotgani, bu qanchalik asosga ega ekanligiga ham to‘xtaldi.

Dunyoda mpox virusi bilan vaziyat qanday tus olyapti?

– Hozir dunyoda mpox virusining 10-marta qaytalanishi. Markaziy Afrika davlatlarida tarqalayotgan virus 2023 yilda boshlangan edi. Bu virusning Ib kladi hisoblanadi. Bu klad yana Shvetsiya va Tailandda ham aniqlangan. Ib kladning patogeni kuchliroq bo‘lib, 10 foizgacha o‘limga sabab bo‘ladi. Klad II G‘arbiy Afrikada 2022 yilda boshlangandi va o‘shanda 100dan ortiq mamlakatga tarqalib ketgandi. Hozir Afrikada vaziyat yaxshi emas. 18-20 ming odamda virus aniqlanib, 600 kishi vafot etdi. JSST Afrikada kasallikning keng tarqalmasligi oldini olish uchun 6 oylik rejani e’lon qildi. Kurash uchun 135 million dollar pul va 10 million doza vaksina kerak ekan. Afrikada vaksina masalasi doim og‘ir

Yangi pandemiya boshlanishi mumkinmi?

– 2022 yilgi vaziyatga qarasak, bu virusning ham tarqalib ketish ehtimoli bor. Lekin kovid davridagidek katta pandemiya bo‘lmaydi. Chunki maymun chechagi kovidchalik tez tarqalib ketolmaydi. Agar terida shikastlangan, shilingan joyi bo‘lsa, o‘sha yerdan virus yuqishi oson. Ammo sog‘lom teri orqali inson organizmiga kira olmaydi. Maymunchechak virusi organizmga tushgandan keyin 1-4 hafta davomida turadi, agar toshmalar yorilmasa virus tashqariga ajralmaydi.

Maymunchechak qanday yo‘llar bilan yuqadi?

– Bu virusning boshqa odamga yuqishi uchun virusni olib yurgan odam bilan aloqada bo‘lish kerak. Quchoqlashish yoki o‘pishib ko‘rishish singari. Virus pufakchalari og‘iz shilliq qavatida ham paydo bo‘lishi mumkin. Suyuqlik to‘plangan pufakchalar yorilib ketmasa yoki ataylab yorilmasa, odamlarga yuqish xavfi ancha past. Virus yuqqandan keyin 1-3 hafta ichida klinik davri boshlanadi. Dastlab teriga qizil toshma toshadi va 5-6 kundan keyin ichiga suyuqlik to‘planadi. Yana 5-6 kundan keyin toshma toshgan teri sohasi qorayib, chandiqqa aylanib qoladi.

Suvchechak va chechakdan qanday farqi bor?

– Suvchechak ham maymunchechak singari yara ichiga suyuqlik to‘plash orqali paydo bo‘ladi. Suvchechakni boshqa virus chaqiradi. Bu kasalliklarni farklash uchun polimeraza zanjiri reaksiyasi testi bilan laboratoriyada diagnostika kilish kerak. Shunda aniklash mumkin.

Chechakka qarshi vaksinalashni qaytarish kerakmi?

– Virusga qarshi vaksinalar Germaniya, Amerika va Fransiyada ishlab chiqarilmoqda. Bu vaksina 85 foizgacha foyda beradi. Ammo vaksinalar yetmay qolishi mumkin. Shu uchta davlat kompaniyalari Afrikaga ham ko‘mak bermoqda. Ammo bu ancha kech amalga oshirilmoqda. Chunki 40 million vaksina Afrikadagi endemik zonalarga yuborilishi kerak edi, ammo bu ish amalga oshirilmadi. Agar shu Markaziy Afrikada o‘z vaqtida vaksinatsiya qilinganda edi, bu qadar ko‘p davlatlarga tarqalmagan bo‘lardi.

Nega virus Afrikada tarqalishni boshladi?

– Ba’zi olimlar vaksinatsiyani qaytarish kerak deb hisoblamoqda. Ammo hozircha bunga ehtiyoj yo‘q. Virusni Afrikaning o‘zida lokalizatsiya qilishning o‘zi kifoya. Hozircha dunyoning boshqa qismlarida endemik zonalar yo‘q. Ammo virus tarqalishining oldi olinmasa, bu endemik zonalar ko‘payishi mumkin. Afrika tabiatida virus tashuvchi hayvonlar bor. Sichqonlar, kalamushlar, itlar, olmaxonlarda bu virus tashib yurilmoqda. Shuning hisobiga ham kasallik tez tarqaldi bu hududga. Odam bilan hayvonning o‘rtasida kontakt bo‘lsa, bu virus odamlarga yuqadi. Boshqa hayvonlarga ham bu virus yuqsa, buni to‘xtatish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun tezda lokalizatsiya choralarini ko‘rish zarur.

O‘zbekistonda ko‘rilayotgan choralar yetarlimi?

– Mutasaddilarning aytishicha, O‘zbekistonda bu virusga qarshi kurash uchun barcha sharoitlar tayyorlab qo‘yilgan. Ammo vaksina sotib olinganidan hali xabarim yo‘q, lekin vaksinani olish kerak. Chunki O‘zbekiston turistik mamlakat bo‘lgani uchun butun dunyodan odamlar borishadi. Turist o‘zi bilmagan holda yashirin davrdagi maymunchechak virusini o‘zi bilan olib kirishi mumkin. Afrikadan turistlar kam boradi O‘zbekistonga deyishingiz mumkin. Lekin yevropaliklar ko‘proq Afrikaga borishadi. Shundan bu virus tarqalishi mumkin. Shu sababdan ehtiyot choralarini ko‘rish zarur. Bu aslida turistik davlatlar uchun strategik masala hisoblanadi.

Virusdan himoyalanish uchun odamlar nima qilishi kerak?

– Kasallikdan saqlanish uchun birinchi navbatda tabiatni asrash kerak. Chunki iqlim o‘zgarib borishi natijasida yer shari tobora qizib bormoqda. Buning natijasida hayvonlar migratsiyasi buzilmoqda. Hayvonlar odamlarga aralashib ketishi natijasida hayvonlarda bor turli kasalliklar odamlarga yuqmoqda. Janubiy Amerikadagi Amazon urmonlari atrofida yashovchi sichqonlar, kalamushlar va ko‘rshapalaklar misolida buni ko‘rishimiz mumkin. O‘rmonlar kesilmoqda, tabiatga zarar yetkazilmoqda. Bu ham o‘z natijasini mana shunday viruslar ko‘rinishida ko‘rsatmoqda.

Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish kerak. Biror davrada tanasida yoki qo‘lida pufakchalari bor odamni ko‘rib qolsangiz, unga doktorga murojaat qilishini va odamlar ko‘p bo‘ladigan jamoat joylarida vaqtincha kamroq bo‘lishini aytish zarur. Va eng samarali usul ommaga viruslar haqida ma’lumot berish, targ‘ibot ishlarini olib borish kerak.

Virusologiya fanini O‘zbekistonda rivojlantirish kerak. Bu davlatga katta foyda keltiradi. Agar bu fanni rivojlantirsak, O‘zbekistonda boshqa davlatlarga vaksina sotishni ham yo‘lga qo‘yishimiz mumkin.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: