Ozarboyjonda mpox virusi (maymunchechak) bilan kasallanishning birinchi holati qayd etildi. Bemor shifoxonaga yotqizilgan.
Ozarboyjon Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tibbiy hududiy birliklarini boshqarish birlashmalarining qo‘shma bayonotida aytilishicha, 22 yoshli fuqaro 2-11 yanvar kunlari turistik safar bilan chet elda bo‘lib qaytgan. Mamlakatga qaytib kelganidan bir necha kun o‘tib, u Bokudagi klinikalardan biriga holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, toshmalar, limfa tugunlarining kattalashishi va mushaklardagi og‘riq bilan murojaat qilgan.
«Bemorda maymunchechak bo‘lishi mumkinligini gumon qilgan shifokor suhbat davomida u safardalik vaqtida toshmasi bor inson bilan aloqada bo‘lganini aniqlagan. Kasallik belgilari laboratoriya tahlilini o‘tkazishga asos bo‘lib xizmat qilgan. Tahlil natijalari maymunchechak virusi borligini tasdiqlagan», — deyiladi bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bemor ayni vaqtda shifoxonada statsionar sharoitda davolanmoqda. U bilan aloqada bo‘lgan oila a’zolarida kasallik alomatlari qayd etilmagan. Ular ham uy kuzatuviga olingan.
Dekabr oyida Germaniyada mpox virusi xavfli Ib varianti bilan kasallanishning bir necha holatlari aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerining Ryosrat shahridagi maktablardan biri ikki nafar o‘quvchining kasalligi tufayli karantinga yopilgan, undagi qolgan maktab o‘quvchilari masofaviy ta’limga o‘tkazilgan.