Kelasi oydan milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus o‘tgach, Yevropada katta futbol oyligi boshlanadi – chempionatlardan tashqari, yevrokubok va ichki kuboklar hisobiga haftasiga ikki martadan o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Ikki haftalik tanaffus oldidan yaxshi kayfiyat hosil qilish uchun esa ushbu dam olish kunlaridagi o‘yinlar juda muhim. Bir qator jamoalar qayd etayotgan yuz foizlik seriyani davom ettirishga harakat qilishsa, boshqalar nihoyat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishga urinishadi. Yana bir muhim jihat – kecha transfer oynasi yopildi, demak, endi qishgacha faqat mashg‘ulotlar yordamida o‘yinni yaxshilash mumkin bo‘ladi xolos.
ARSeNAL – BRAYTON (31 avgust, 16:30)
«Brayton» an’anaviy ravishda mavsum boshlarini juda yaxshi o‘tkazadi. Buni izohlash mumkin – jamoa o‘yin tashkil etish borasida Angliyada eng yaxshi yo‘lga qo‘yilganlardan biri ekan, tabiiyki, mavsum boshida, hamma yaxshi formada bo‘lganida «Brayton»ni yutish qiyin. Muammolar keyin boshlanadi. Turli jarohatlar, yetakchilardagi charchoq alomatlari paydo bo‘lgach, o‘yinga putur yetadi. O‘tgan yili yevrokuboklarda ham qatnashgan «Brayton» mavsum oxirini juda yomon o‘tkazgandi. Klub shu yoz transfer bozorida faol bo‘lish orqali ushbu masalani hal qilishga urinmoqda. Demak bu mavsum ancha barqarorroq «Brayton»ni ko‘rishimiz mumkin.
«Arsenal» esa navbatdagi APL chempionligi uchun asosiy favoritlardan biri sanaladi. Kamida ikkinchi, hatto ba’zi mutaxassislar jamoani «Manchester Siti»dan ham yuqori qo‘ymoqda. Dastlabki ikki tur farazlarni isbotladi ham, ayniqsa, «Aston Villa» uyidagi g‘alaba alohida e’tirofga molik. Xullas, ayni paytda yuz foizlik natija ko‘rsatayotgan bu ikki jamoaning darajasi tasodif emas.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» raqibi ustidan yaqqol ustunlik qilgan. Londonda 2:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, mehmonda Arteta shogirdlari yirik hisobda (3:0) g‘alaba qozongandi. Ammo bir yil avvalgi mavsum ham esimizda – kuchli to‘rtlik uchun kurashayotgan «Arsenal» o‘z maydonida aynan «Brayton» tomonidan to‘xtatilgandi. O‘shanda mehmonlar yirik hisobda g‘alaba qozongan. Umuman so‘nggi o‘yinlarda, xususan Londonda o‘tgan oxirgi 4 o‘yinning uchtasida «Brayton» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqaniga e’tibor qaratish kerak. Ikki marta APL doirasida mehmonlar uch ochko olib ketgan bo‘lsa, bir marta «Arsenal»ni Liga kubogidan chiqarib yuborishgan.
Tarkiblar borasida deyarli muammolar, ya’ni yangi jarohatlanganlar yo‘q. Faqat «Arsenal» yaqindagina sotib olgan Mikel Merino yelkasidan jarohat olib, debyutini kechiktirishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, Gabriel Jyezus ham katta ehtimol bilan tanaffusdan keyin safga qaytadi. Mehmonlarda ham shunga yaqin holat bor. «Seltik»dan 22 millionga sotib olingan Metyu Reyli o‘tgan kuni Liga kubogi bahsida asosiy tarkibda maydonga tushdi va 9 daqiqa o‘tib maydonnni tark etdi. 23 yoshli daniyalik yarimhimoyachi kamida uch oydan so‘ng safga qaytadi.
ATLeTIK – ATLeTIKO (31 avgust, 22:00)
«Atletik»dan o‘tgan mavsumdagi yaxshi ishtiroki, «Atletiko»dan esa doimiy darajasi hamda yozdagi yaxshi xaridlari evaziga ko‘p narsa kutilmoqda. Ammo har ikki jamoa uchun ham dastlabki turlar omadli kechmadi, deb bemalol aytish mumkin. «Atletiko» uchun uch o‘yinda ikki marta durang o‘ynash ko‘plik qiladi, bilbaoliklar esa ilk g‘alabasini uchinchi turga kelibgina qo‘lga kiritdi. «Barselona»dan mag‘lubiyatni tushunish mumkin, ammo o‘z maydonida «Xetafe» bilan durangni yo‘qotish deb hisoblasa bo‘ladi. Jamoalarning kayfiyatidan kelib chiqsak, bu o‘yin juda kurashlarga boy va murosasiz o‘tishini hozirdan taxmin qilish mumkin. So‘nggi paytlardagi o‘zaro o‘yinlar ham bundan dalolat qiladi. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda mezbonlar ustun kelgan bo‘lishsa, Ispaniya kubogidagi ikki o‘yinda ham «Atletik» g‘alaba qozonib, nomdor raqibini musobaqadan chiqarib yuborgandi. Bilbaoda o‘tgan oxirgi 7 o‘yinning 5 tasida mezbonlar g‘alaba qozonib, bir o‘yin durang bilan yakunlangani ham Simeone shogirdlari uchun oson bo‘lmasligini ko‘rsatib turibdi. Oxirgi 8 o‘zaro o‘yinda birorta ham durang qayd etilmagan.
Yana bir qiziqarli fakt – «Atletik» o‘tgan mavsumning 1-turini «Real»ga qarshi o‘tkazib, 0:2 hisobida boy bergandi. O‘sha o‘yindan beri mana, qariyb bir yildan oshiq vaqt mobaynida bilbaoliklar o‘z maydonida birorta ham uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramadi. «Atletiko»ning safar o‘yinlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi esa 6 taga yetgan.
Jarohatlar borasida mehmonlarda yo‘qotishlar yo‘q. Mezbonlar darvozaboni Unai Simon Yevropa chempionatidan so‘ng hali maydonga tushgani yo‘q va ushbu o‘yinga ham tayyor bo‘lishi so‘roq ostida. Shuningdek, Paredes va Berchichelar ham so‘nggi turlarda olgan jarohatlar tufayli bir oy sheriklariga yordam bera olishmaydi.
NYuKASL – TOTTeNHEM (1 sentabr, 17:30)
Eddi Hau qo‘l ostida ikki yil oldin ajoyib mavsum o‘tkazgan «Nyukasl» o‘tgan yili ancha pand edi. Asosiy sabab bir necha turnirlarda kurashish, hamda haddan tashqari ko‘p jarohatlar. Demak, xuddi «Manchester Yunayted» kabi bu jamoadan ham ikki xil kutilma bor – o‘yin sifati rostan ham tushib ketdimi yoki jarohatlar kamayib, muammolar hal bo‘lgach, yana ikki yil oldingi darajaga qayta olishadimi? APL dan 7 jamoa yevrokuboklarda qatnashayotganini inobatga olsak, bunday bosim bo‘lmagan «Nyukasl»dan kichik ustunlik bor. Xau agar bundan unumli foydalansa, «Nyukasl» yana ancha xavfli kuchga aylanishi mumkin. «Tottenhem» esa Posteko‘g‘lining ikkinchi mavsumida o‘sishga erishishi lozim. Ayrim davrlarda jamoa o‘tgan yili ham juda yuqori sifatli o‘yinlar ko‘rsatdi, ammo ba’zida, bir necha o‘yinga cho‘zilgan inqirozlarni ham ko‘rdik. O‘z tarkibini saqlab qolish bilan birga, bir qator e’tiborli xaridlarni amalga oshirgan londonliklar endi barqarorroq natijalarni qayd etishlari kerak bo‘ladi.
Bu ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlari doim gollarga boy va, ayniqsa, kutilmagan ssenariylarda kechgan. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda mezbon jamoa yirik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikki yil oldin «Nyukasl» dastlabki 20 daqiqada raqib darvozasiga javobsiz beshta gol urganini ham eslasangiz kerak. Undan avvalgi mavsumda esa «Tottenhem» birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborib, keyin beshta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Demak bu safargi o‘yindan ham har qanday ssenariyni kutishga haqlimiz va o‘yin juda qiziqarli va ochiq bo‘lishi shubhasiz. «Nyukasl» ayniqsa o‘z maydonida to‘xtovsiz pressingga tashlanishi, «Tottenhem» esa, raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘z uslubidan voz kechmasligini inobatga olsak, taxminlarimiz o‘rinli.
Yo‘qotishlarga kelsak, mehmonlarning har ikki hujumchisi ham o‘ynay olmaydi. Risharlison va Solanka katta ehtimol tanaffusdan keyingi turlarda tayyor bo‘lishadi. «Nyukasl»da esa Botman, Miley, Uillok, Uilson, hamda Lasselslarning jarohatidan tashqari, jamoa sardori Fabian Sher diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. U «Sauthempton»ga qarshi birinchi tur o‘yinida qizil kartochka olgandi. Ammo uzoq kutilgan Sandro Tonali APL o‘yinida debyut qilishi mumkin. O‘tgan yozda sotib olingan italiyalik yarimhimoyachi bukmeker o‘yinlariga aralashib qolgani tufayli bir yilga diskvalifikatsiya qilingandi. Ushbu muddat tugab, Tonali Liga kubogi bahsida kuni kecha maydonga tushib ham ulgurdi. Darvoqe, «Nyukasl» hafta o‘rtasida Liga kubogida «Nottinghem»ga qarshi maydonga tushdi va penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Ya’ni «Tottenhem»da dam olish va ushbu o‘yinga tayyorlanish uchun ko‘proq vaqt bo‘lgani ham yakunda kichik ustunlik taqdim etishi mumkin.
MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL (1 sentabr, 20:00)
Bu juftlikni alohida ta’riflash ham shart emas. Tabiiyki, yakshanba oqshomida nafaqat Angliya, butun Yevropaning e’tibori aynan ushbu derbiga qaratilishi turgan gap. Eng yomon mavsumini o‘tkazib, yozda bir qator e’tiborli xaridlarni amalga oshirgan va ko‘pchilikning e’tirofiga ko‘ra ancha o‘zgargan «Manchester Yunayted» va Yurgen Kloppning ketgani hozircha bilinmayotgan, aksincha, Slot qo‘l ostida yanada mazmunliroq o‘yin namoyish etayotgandek tuyulayotgan «Liverpul»ning o‘zaro bahsi bir qator muhim savollarga javob bersa kerak. Masalan, Slotning dastlabki ikki g‘alabasini raqiblarning osonligi bilan bog‘lashmoqda. Xo‘sh, niderlandiyalik mutaxassis uchun dastlabki jiddiy sinov qayday o‘tadi?
O‘tgan mavsumda «Liverpul» ancha kuchsiz davrda bo‘lgan «MYu»ga qarshi uchala o‘yinni ham yuta olmagandi. APL doirasidagi ikki durang yakunda «Liverpul»ning chempionlik kurashiga jiddiy ta’sir qilgan bo‘lsa, Angliya kubogi chorakfinalida ham durang qayd etilgan, ammo qo‘shimcha vaqtlarda «MYu» g‘alaba qozongandi. Hisob kitoblarga ko‘ra, hech bir jamoa ikki o‘yin statistikasiga ko‘ra bu qadar yaqqol ustunlik qilib, yakunda g‘alabasiz qolmagan ekan. «Liverpul» uddaladi. Qizig‘i, kartina jihatdan bu o‘yinlardan uncha farq qilmagan ikki yil oldingi o‘yinda esa «Liverpul»ning realizatsiyasi yaxshiroq bo‘lgani ham esingizda – «Enfild»da tarixiy 7:0 hisobi qayd etilgandi.
Yo‘qotishlarga kelsak, doimgidek, manchesterliklarda jarohatlar ancha ko‘p. Malasiya, Hoylund, Shou, Lindelyof va Yoro mavsum boshlanishidan oldin jarohatlanib ulgurgandilar. Meyson Maunt esa «Brayton»ga qarshi o‘yinning tanaffusida almashtirilgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, yarimhimoyachi kamida bir oy maydonga qaytmaydigan bo‘ldi. Dastlabki turlarda Erik ten Hag Mauntdan aldamchi to‘qqizlik sifatida foydalanayotgandi. Demak, katta ehtimol bilan Zirkze ushbu o‘yinda asosiy tarkibdagi debyutini o‘tkazsa kerak. Mehmonlardan esa Ketrin Jonsning o‘ynashi so‘roq ostida. Shuningdek, yangi sotib olingan Federiko Keza ham kelasi oy o‘rtalariga safga qaytadi. Ko‘pchilik Ugartening «Liverpul»ga qarshi o‘ynashini kutgandi, ammo so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, futbolchi bu o‘yin qaydnomasidan joy olmaydi.
Bu Erik ten Hagning «Liverpul»ga qarshi oltinchi rasmiy o‘yini bo‘ladi. Ikki g‘alaba, ikki durang va bir mag‘lubiyat qayd etilgan. Shu yozda o‘rtoqlik o‘yini ham bo‘lib o‘tgan – har ikki jamoa aralash tarkiblarda harakat qilgan bu uchrashuvda «Liverpul» 3:0 hisobida ustun kelgan. Arne Slot esa o‘z faoliyatida ikkinchi marta «Old Trafford»ga mehmon bo‘ladi. Avvalroq u «Tvente» bosh murabbiyi sifatida Yevropa Ligasida tashrif buyurgan va 0:4 hisobida boy bergandi. «Bu safar ancha kuchliroq jamoa bilan kelmoqdaman, albatta, imkoniyat kattaroq bo‘ladi», – dedi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Arne.
YuVeNTUS- ROMA (1 sentabr, 23:45)
«Yuventus» qaytyapti, do‘stlar. Bu degani endi Italiya chempionatini yutish so‘nggi yillardagidek, bu qadar oson bo‘lmaydi. «Inter», «Milan» va «Napoli»ning chempionliklarini past baholamagan holda tan olish kerakki, bu davrlarda «Yuventus» o‘z muammolari bilan o‘ralashib qoldi va chempionlik uchun kurashmadi. Murabbiy almashtirishlar, jarohat va diskvalifikatsiyalar, ochkolarning olib qo‘yilishi va hokazo. O‘tgan mavsumning kashfiyot murabbiylaridan biri Tiago Motta keldi, klub transfer bozorida eng faollardan bo‘ldi, tarkib deyarli yangilandi va jamoa o‘ynashni boshladi. Har ikki o‘yinda ham 3:0 hisobida g‘alaba. Birinchi o‘yindagi «Komo» ustidan g‘alaba balki u qadar katta e’tirofga arzimas, ammo «Verona» maydonidagi o‘yin hammas jiddiyligini ko‘rsatdi. Xuddi shu «Verona» birinchi turda «Napoli»ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgandi.
Kopimayners, Konsensau, Niko Gonsales A Seriya darajasidagi yulduzlar bo‘lsa, Duglas Luis va Kefren Tyuram maydon markaziga katta ta’sir o‘tkazishi shubhasiz. Xullas bu mavsum «Yuventus»ni kuzatish ancha qiziq bo‘ladi. Asr boshidagi Modjigeyntdan so‘ng ancha yillar o‘tib, Kontening kelishi yana «Yuventus»ni yuqori o‘rinlarga qaytargan bo‘lsa, ayni paytdagi davrni ham faqat shunga qiyoslash mumkin. Albatta, kuchli «Yuventus» nafaqat Italiyaga, balki Yevropaga ham kerak.
Shuningdek, kuchli «Roma» ham kerak. O‘tgan yili Mourinio ketganidan so‘ng de Rossi jamoa o‘yinida katta o‘zgarishlar qilgach, bu mavsumdan kutilmalar katta edi. Ammo dastlabki turlarda hali ishonch oqlangani yo‘q. Birinchi o‘yinda «Kalyari» maydonidagi durangni tushunish mumkin, ammo «Empoli»dan mag‘lubiyatni izohlab bo‘lmaydi. O‘zbekistonlik muxlislarga bu o‘yin faqat Eldor Shomurodovning goli bilan ijobiy his uyg‘ota oldi, xolos. Lekin ushbu o‘yinda Shomurodovni asosiy tarkibda tushishiga ishonish qiyin. Zero «Empoli» bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchralayotgani uchun qo‘shimcha hujumchiga ehtiyoj sezilgandi. Turinda esa «Roma» asosan himoyani o‘ylasa kerak, demak, katta pulga olib kelingan Dovbikka yana imkoniyat beriladi.
BOShQA O‘YINLAR
31 avgust. Lester – ASTON VILLA (19:00), BARSeLONA – Valyadolid (20:00), Vest Hem – MANCheSTeR SITI (21:30), BAYYeR – Leypsig (21:30), NAPOLI – Parma (23:45), Latsio – MILAN (23:45)
1 sentabr. CheLSI – Kristal Pelas (17:30), BAVARIYa – Frayburg (20:30), Lill – PSJ (23:45), ReAL – Betis (2 sentabrga o‘tar kechasi, 00:30)
Qahramon Aslanov