«Real» bugun chempion bo‘lishi mumkin, APLda poyga davom etadi, «Yuventus» Rimda mehmon - hafta o‘yinlari anonsi

Sport 15:26 / 04.05.2024 7832

ARSeNAL – BORNMUT (4 may, 16:30), MANCheSTeR SITI – VULVeRHEMPTON (4 may, 19:00)

So‘nggi turlarda raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar bu ikki jamoaning sirtqi kurashini jonli tomosha qilishimiz shart. Kuchli beshlikdagi boshqa chempionatlarda g‘olib nomi deyarli aniq bo‘ldi. Faqat Angliyada katta ehtimol bilan «Arsenal» va «Manchester Siti» eng oxirgi turgacha bir-birini uzoqlashtirmasa kerak.

Ayni paytda «Arsenal» bir o‘yin ko‘proq o‘tkazgan holda «Manchester Siti»dan bir ochko ko‘p jamg‘argan. Ammo manchesterliklarning hatto durangga haqqi yo‘q, chunki to‘plar nisbati bo‘yicha «Arsenal»da yaxshigina ustunlik bor. Angliyada birinchi bo‘lib to‘plar nisbati e’tiborga olinishini e’tiborga olsak, ochkolar tengligi Arteta jamoasining ustunligini ta’minlaydi. Aslida jamoalarning oxirgi turgacha borishi mumkinligiga ishonch nafaqat o‘rtadagi farqning kamligi, balki natijalarning ham barqaror ekanidir. Masalan, o‘tgan yili ham «Arsenal» aprel oxirlarigacha turnir jadvalini boshqargan bo‘lsa-da, juda ko‘p kutilmagan natijalar tufayli «Siti»ga quvib o‘tish imkonini berib qo‘ygan. Bu safar «Arsenal» yanada viqorli o‘yin ko‘rsatmoqda – 2024 yilda atigi bir marotaba qoqildi, kutilmaganda «Aston Villa»ga yutqazib qo‘ydi xolos. Hatto o‘sha o‘yinda ham londonliklar yomon uchrashuv o‘tkazishmagan, shunchaki, vaziyatlardan foydalanish oqsagandi. Ya’ni so‘nggi bir necha oyda «Arsenal»da yomon o‘yinning o‘zi yo‘q. Hatto «Siti» ham bu daraja bilan ayni paytda maqtana olmaydi.

Shu jihat kurash bu safar biroz farqli yakun topishi mumkinligiga ham ishora qilishi mumkin. Mavsumning bu pallasida odatda raqiblaridan ancha ishonchli ko‘rinadigan «Siti» hozirda unchalik emas. Birinchidan, bunday o‘yinlarda bosim ostida jamoani tortadigan Gundo‘g‘an, Mahrez kabi futbolchilar yo‘q. Gvardiola qo‘shimcha kuch sifatida faqat yoshlarga tayanishga majbur. Misol uchun «Nottinghem» maydonidagi o‘yinda ham «Siti» raqibidan kuchli ko‘rinmadi, aksincha, faqat vaziyatlardan foydalana olmaslik mezbonlarga pand berib qo‘ydi xolos. Bunday ssenariy demak har qanday raqib bilan takrorlanishi mumkin. Ikkinchidan, «Arsenal» taqvimning og‘irroq qismini o‘tkazib oldi – «Chelsi» va «Tottenhem»ga qarshi derbilarda ochko yo‘qotilmadi. Manchesterliklarni esa, o‘zi uchun eng noqulay bo‘lgan «Tottenhem»ga safar kutib turibdi. APLda «Siti» bu maydonda oxirgi 4 o‘yinda ochko olish tugul, gol ham ura olmagan. To‘g‘ri, «Arsenal»da «Old Trafford» safari ham bor, ammo bugungi kuchlar muvozanatidan kelib chiqilsa, u yerda Arteta shogirdlarida muammo tug‘ilmasligi kerak.

Bugungi raqiblar — «Bornmut» va «Vulverhempton». Deyarli teng kuchdagi, jadvalda o‘rtamiyona, lekin alohida o‘yinlarda har qanday raqibga qarshi muammo tug‘diradigan darajada tarkib, umidli murabbiyga ega jamoalar. «Bo‘rilar» birinchi davrada «Siti» ustidan g‘alaba qozongan hatto. «Bornmut» oxirgi ikki o‘yinda birorta ham to‘p o‘tkazmay g‘alaba qozondi. Ya’ni peshqadamlar kerakli ochkoni olish uchun biroz ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi.

JIRONA – BARSeLONA (4 may, 21:30)

Bemalol aytish mumkinki, La Ligada «Real» navbatdagi chempionlikni qo‘lga kiritadi. Madridliklar «Barselona»dan 11 ochko oldinda bormoqda, ya’ni keyingi besh o‘yinda jamoa 4 ochko olishi yetarli. Lekin Jironadagi bahs kamida Kataloniya miqyosida bayramga aylanishi shubhasiz. Ayniqsa, maydon egalari uchun.

«Barselona» tabiiyki, Kataloniyaning asosiy jamoasi hisoblanadi. 1942 yilda «Espanol» mavsumni «Barselona»dan yuqorida tugatgan va shundan beri hali biror marta katalon jamoasi bunday natijaga erisha olgani yo‘q. Agar ushbu o‘yinda g‘alaba qozonsa, «Jirona» 1 ochkoga oldinga o‘tib ketadi. Taqvimdagi keyingi uchrashuvlar u qadar og‘ir emasligini e’tiborga olsak, jironaliklar 82 yillik an’anaga barham berishlari va Kataloniyaning norasmiy chempioniga aylanishi mumkin.

«Jirona» buni amalga oshirishi mumkin, zero birinchi davradagi safar uchrashuvida bu ish uddalangan. Umuman rasmiy o‘yinlarda bu «Jirona»ning yagona g‘alabasi hisoblanadi. Demak bu safar «Jirona» endi o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida katta g‘alabaga erishishi mumkin. Yana bir tarixiy voqea bo‘lardi. Ushbu stadionda bo‘lib o‘tgan avvalgi uch uchrashuvda mezbonlar birorta gol ham ura olishmagan — 0:3, 0:2 va 0:1 hisobida «Barselona» g‘alaba qozongan.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mehmonlarda mavsum oxirigacha safdan chiqqan 3 futbolchidan tashqari barcha tayyor. Balde, Frenki de Yong, Gavini endi faqat yangi mavsumda maydonda ko‘ramiz. «Jirona» safida ham yo‘qotishlar yetarli. Asosiy tarkib futbolchilaridan Borxa Garsiya, Kristian Stuani kabi tajribali futbolchilarning holati shubha ostida qolmoqda. Albatta, Artyom Dovbikka alohida e’tibor qaratiladi – u 19 gol bilan Ispaniya chempionatining to‘purari bo‘lib turibdi. Barselonadagi birinchi davra o‘yinida ham aynan ukrainalik hujumchi hisobni ochishga muvaffaq bo‘lgandi.

Yana bir muhim fakt: agar «Jirona» ushbu o‘yinda 3 ochko egasiga aylanadigan bo‘lsa, 5-o‘rindagi «Atletik» bilan farqni 13 ochkoga yetkazadi. Bu degani Mishel shogirdlari muddatidan avval Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritishadi. 2017 yilgacha yuqori divizionda hech qachon o‘ynamagan kamtar jamoa uchun ajoyib natija. Albatta, kerakli ochkolarni «Jirona» keyingi turlarda bo‘lsa ham qo‘lga kiritishiga shubha yo‘q. Lekin aynan bugun katta o‘yin, derbida, «Barselona» ustidan qozoniladigan g‘alaba orqali yo‘llanmani qo‘lga kiritish mahalliy muxlislar uchun haqiqiy bayramni taqdim etadi.

LIVeRPUL – TOTTeNHEM (5 may, 20:30)

«Vest Hem» bilan durangdan so‘ng, «Liverpul» chempionlik poygasidan deyarli chiqdi. «Endi chempion bo‘lishimiz uchun «Manchester Siti» va «Arsenal» ham biz kabi bir nechta o‘yinda qoqilishi lozim» deb izoh berdi Yurgen Klopp. Ayni paytda «Liverpul» «Arsenal»dan 5, «Siti»dan 4 ochko (manchesterliklarda bir o‘yin kam) ortda bormoqda. To‘rt turda bu farqni yo‘qqa chiqarish juda qiyin masala, ammo har qanday holatga tayyor turish ham kerak. Ayniqsa, Yurgen Kloppning so‘nggi o‘yinlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish — futbolchilar uchun qarz.

«Tottenhem»ning o‘z kurashi bor va bu biroz jiddiy. Taqvimda londonliklar «Arsenal», «Liverpul» va «Siti» bilan ketma-ket o‘ynashi ma’lum bo‘lgach, chempionlik masalasini aynan «Tottenhem» hal qilar ekan, degan gaplar bo‘lgandi. Ammo so‘nggi haftalar Posteko‘g‘li jamoasi uchun yomon kechdi. Birinchidan, «Tottenhem» shu qiyin taqvimli davrni munosib o‘tkaza olmayapti – qatorasiga uch o‘yinda «Nyukasl», «Arsenal» va «Chelsi»dan mag‘lubiyat qabul qilindi. Ikkinchidan, ingliz jamoalari yevrokuboklarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Angliyadan Chempionlar Ligasida faqat 4 klub ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Shu paytgacha xavfsiz beshtalikda turgan «Tottenhem» endi «Aston Villa» bilan top-4 uchun kurashishiga to‘g‘ri kelyapti. Endi bunga o‘sha qatorasiga mag‘lubiyatlarni qo‘shing. Ayni paytda «Tottenhem» bir o‘yin kam o‘tkazgan holda «Aston Villa»dan 7 ochko ortda bormoqda. O‘sha qoldirilgan o‘yin ham «Manchester Siti» bilan ekanini inobatga olsak, imkoniyat katta emas. Bu ketishda hatto jamoa 5-o‘rinni ham boy berib qo‘yishi ham hech gap emas. Bu esa, mavsumning birinchi davrasida eng yaxshilardan bo‘lgan jamoaning holatiga jiddiy zarba bo‘lib, kelasi mavsumga ham ta’sir qilishi mumkin. Harqalay, yangi qurilayotgan jamoalarda o‘ziga bo‘lgan ishonch ham katta ahamiyat kasb etadi.

Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinlar juda dramatik kechganining o‘zi ham bu to‘qnashuvda bizni nimadir kutib turganini anglatadi. Birinchi davrada ikki o‘yinchisi qizil kartochka olib 9 kishi qolgan «Liverpul» so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatga uchragandi. O‘tgan mavsum oxirlaridagi triller ham yodingizda bo‘lsa kerak. «Tottenhem» 0:3 hisobini oxirgi daqiqalarda durangga aylantirgan, ammo qo‘shib berilgan daqiqalarda Jota gol urib, Klopp shogirdlarining g‘alabasini ta’minlagandi. Umuman Premer-liga doirasidagi oxirgi 12 o‘yinning 11 tasida yo durang yoki tomonlardan biri faqat bir to‘p farqi bilan g‘alaba qozonganini inobatga olsak, so‘nggi daqiqalargacha kurashni kutishimiz mumkin.

Har ikki tomonda ham jarohatlar yetarli. Avvaldan ma’lum bo‘lganlardan tashqari, Timo Vernerning mavsum oxirigacha safdan chiqqani ma’lum qilindi Futbolchi ijara asosida to‘p o‘ynaganini e’tiborga olsak, germaniyalik hujumchini «Tottenhem» libosida boshqa ko‘rmasak ham kerak. Shuningdek, Iyenoma Udoji ham bu mavsumda maydonga tusha olmaydi. Mezbonlar tarkibida hech kim qaytgani yo‘q. Endigina maydonga qaytgan Diogu Jota yana jarohatlandi va yana kamida ikki hafta safga qayta olmasa kerak.

ROMA – YuVeNTUS (5 may, 23:45)

A Seriyada markaziy uchrashuv Rimda bo‘lib o‘tadi. «Inter» rasman chempionlik masalasini hal qilgach, Italiyada asosiy savol – Chempionlar Ligasiga beshinchi yo‘llanmani kim qo‘lga kiritadi? Ayni paytda olti jamoa kurash olib boryapti.

«Yuventus» 65 ochko bilan 3-o‘rinda — go‘yoki xavfsiz ko‘rinsa-da, aslida unday emas. Tasavvur qiling, agar ushbu o‘yinda turinliklar mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, «Roma» oradagi masofani 3 ochkogacha qisqartiradi. Oltinchi o‘rindagi «Atalanta» esa, qoldirilgan o‘yinni ham yutib, 2 ochkogacha yaqin kelib oladi. Tabiiyki, mavsum so‘nggida yo‘q joydan intriganing paydo bo‘lishi «Yuventus»ga ortiqchalik qiladi.

Turinliklar-ku, mayli, beshlikdan tushib ketishi uchun bir qancha voqealar ketma-ketligi bo‘lishi lozim. Ammo «Roma»ning holati boshqacha – De Rossi uchun g‘alaba suv va havodek zarur. «Roma» 5-o‘rinda turgan bo‘lsa-da, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblansa, aslida «Atalanta»da bir ochkolik ustunlik bor. Buning ustiga keyingi turlarda «Roma» va «Atalanta» Bergamoda to‘qnash kelishadi. Demak har qanday yo‘qotish «Roma»ni Chempionlar Ligasidan uzoqlashtiradi. Yevropa Ligasidagi imkoniyat ham deyarli yo‘qqa chiqdi. Jamoa o‘z maydonida «Bayyer»ga mag‘lubiyatga uchrab, finalga chiqish umididan mahrum bo‘ldi. Ma’lumki, ushbu turnirdagi g‘alaba ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini taqdim etadi.

Demak, qisman mehmonlarni durang ham qoniqtirishi mumkin. «Roma» esa faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi.

BOShQA O‘YINLAR

4 may. BORUSSIYa D – Ausburg (18:30), Shtutgart – BAVARIYa (18:30), ReAL – Kadis (19:15), Sassuolo – INTeR (23:45), Mallorka – ATLeTIKO (23:55)

5 may. Brayton – ASTON VILLA (18:00), CheLSI – Vest Hem (18:00), Ayntraxt – BAYYeR (10:30), MILAN – Jyenoa (21:00)

6 may. Kristal Pelas – MYu (23:55).

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: