“Energiya resurslaridan oqilona foydalanish va iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energiya resurslari sarf me’yorlarini belgilash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qayd etilishicha:
- respublika iqtisodiyotining energiya sig‘imi 0,33 shartli yoqilg‘i tonnani tashkil etadi yoki rivojlangan mamlakatlarga nisbatan 3 barobar ko‘p. Jumladan: 1 tonna metall uchun 900 kVt*soat (20 foiz ko‘p); 1 tonna ko‘mirni qazib chiqarish uchun 462,2 kVt*soat (33 foizga ko‘p); 1000 metr kub suvni uzatish uchun 130 kVt*soat (16 foizga ko‘p) elektr energiyasi; 1 metr kub tog‘-jinslarini qazib olish uchun 1,73 kg sh.yo. (23,5 foizga ko‘p); 1 GKal issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun 168,2 kg sh.yo. (25 foizga ko‘p) yoqilg‘i sarflanadi;
- avtotransport vositalari va mexanizmlar uchun yoqilg‘i me’yorlari mavjud bo‘lmaganligi natijasida 2022 yilda 3249 tonna neft va 1220 tonna suyultirilgan uglevodorod gaz asossiz ravishda sarflangan:
- energiya resurslar hisobiga tannarxni pasaytirish maqsadida 2023 yil 11 oy davomida 301 mln kVt*soat elektr energiyasi va 730 mln kubmetr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan;
- sifatsiz neft mahsulotlari realizatsiyasi oldini olish uchun ta’sirchan choralar belgilanmaganligi sababli 2022 yilda 11,1 ming tonna va 2023 yilning o‘tgan davrida 6,7 ming tonna sifatsiz neft mahsulotlari aniqlangan;
- sanoat korxonalarida yoqilg‘i-energiya resurslari sarf me’yorlari bir-birlik mahsulot tannarxida energiya resurslar ulushi rivojlangan davlatlarga nisbatan 3 baravar yuqori;
- iste’molchilarga sifatsiz avtobenzin yetkazib berayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan ta’sirchan choralar belgilanmagan.
Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zenergoinspeksiyaning yiliga 500 t.sh.yo. yoki 250 tonna va undan yuqori motor yoqilg‘isi sarflaydigan yirik energiya resurslari iste’molchilari tomonidan har yili bir birlik mahsulot ishlab chiqarish uchun hamda avtotransport va maxsus texnikalar uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya resurslari me’yorlarini majburiy tarzda ishlab chiqish va O‘zenergoinspeksiya bilan kelishish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) 2024 yil 1 iyundan boshlab maishiy elektr priborlarining energiya samaradorligi klasslarini aniqlash uchun A+++, A++, A+, A, V, S, D belgilari joriy etiladi. Bunda A+++ klassi energiya samaradorligi eng yuqori bo‘lgan maishiy elektr priborlarini belgilash uchun va tegishli ravishda D klassi (tavsiflarini hisobga olgan holda) bir toifaga kiritilgan maishiy elektr priborlari jumlasidagi energiya samaradorligi eng kam bo‘lgan maishiy elektr priborlarini belgilash uchun qo‘llanadi;
b) birinchi bosqichda qaror qabul qilingan kundan keyin 2 oy muddat ichida yiliga 2000 t.sh.yo. yoki 1000 tonna va undan yuqori motor yoqilg‘isi sarflaydigan 375 ta;
ikkinchi bosqichda 2024 yil 15 dekabrga qadar yiliga 500 t.sh.yo. yoki 250 tonna va undan yuqori motor yoqilg‘isi sarflaydigan 867 ta yirik energiya resurslari iste’molchilari bir birlik mahsulot ishlab chiqarish uchun hamda avtotransport va maxsus texnikalar uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya resurslari me’yorlarini ishlab chiqib, O‘zenergoinspeksiya bilan kelishilishini ta’minlaydi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) har yili 1 oktyabrga qadar O‘zenergoinspeksiya tomonidan yiliga 500 t.sh.yo. yoki 250 tonna va undan yuqori motor yoqilg‘isi sarflaydigan yirik yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilari ro‘yxati shakllantiriladi va tasdiqlash uchun energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasiga kiritiladi;
har yili 15 oktyabrga qadar iste’molchilar O‘zenergoinspeksiya tomonidan bir birlik mahsulot ishlab chiqarish uchun hamda avtotransport va maxsus texnikalar uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya resurslari me’yorlari ishlab chiqilishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantiriladi;
har yili 15 dekabrga qadar iste’molchilar sarf me’yorlarini ishlab chiqib, O‘zenergoinspeksiya bilan kelishilishini ta’minlaydi va har chorak yakuni bo‘yicha tasdiqlangan me’yorlarni bajarilishi bo‘yicha O‘zenergoinspeksiyaga hisobot taqdim etib boradi;
O‘zenergoinspeksiya bir yilda 1 marotaba iste’molchilarda tasdiqlangan sarf me’yorlarini bajarilishini joyga chiqqan holda o‘rganib, me’yorlarni buzilish holatlari aniqlangan hollarda tegishli choralarni ko‘rib boradi;
iste’molchilar tomonidan ishlab chiqilgan va O‘zenergoinspeksiya bilan kelishilgan sarf me’yorlari keyingi yillar davomida yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli oshmasa qayta ko‘rib chiqish talab etilmaydi;
b) Transport va mexanizm hamda ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish jarayonida sarf me’yorlari ishlab chiqilmagan va/yoki O‘zenergoinspeksiya bilan kelishilmasdan me’yorlangan holda iste’mol qilingan 1 t.sh.yo. uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida zarar summasi hisob-kitob qilinadi;
sarf me’yorlaridan ortiqcha sarflangan yoqilg‘i-energetika resurslari hajmlariga nisbatan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qo‘llash to‘g‘risida nizomda belgilangan iqtisodiy jazolar qo‘llanadi;
iqtisodiy jarimalardan undirilgan mablag‘larning 50 foizi respublika budjetiga o‘tkaziladi va qolgan 50 foizi O‘zenergoinspeksiya tasarrufida qoldiriladi;
O‘zenergoinspeksiya bilan kelishilgan sarf me’yorlaridan yoqilg‘i-energetika resurslarini kam sarflab tejashga erishgan tashkilotlar majburiy energetik tekshiruv o‘tkazishdan ozod etiladi.