«Manchester Siti»ning muvaffaqiyatsiz seriyasi yana davom etadimi? «Fiorentina»ning niyati qanchalik jiddiy? «Real» Chempionlar Ligasidagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘ziga kela oladimi? Har hafta bo‘lganidek, Yevropadagi yetakchi milliy chempionatlarda o‘rtaga tashlanadigan savollar yetarli. Bularning hammasiga javob topiladimi yoki yo‘q, muhimi jarayon. Biz uchun qiziqarli, murosasiz o‘yinlarning bo‘lishi — eng muhimi.
BORUSSIYa D – BAVARIYa (30 noyabr, 22:30)
Ayni damda turnir jadvalida bu jamoalarni 10 ochko ajratib turgan bo‘lsa-da, dortmundliklarning, ayniqsa,uy stadionida «Bavariya»ga qanday qarshilik ko‘rsata olishini bilamiz. Jamoa oxirgi ikki o‘yinni yirik hisobda g‘alaba bilan yakunlaganining o‘zi ham «Borussiya»ning yaxshi sport formasida ekanidan darak beradi.
«Bavariya» esa balki Kompani davridagi eng yaxshi seriyani davom ettirmoqda, deyish mumkin. Mavsum boshida myunxenliklar ancha hujumkor o‘yin ko‘rsatib, yirik g‘alabalarga erishgan bo‘lsa-da, natijalarda beqarorlik bor edi. «Barselona»dan uchralgan yirik mag‘lubiyatdan so‘ng hozirda jamoa 7 o‘yinlik g‘alabali seriyaga ega va buning mavsum boshidagi holatdan farqi shundaki, ushbu 7 o‘yinda birorta ham to‘p o‘tkazib yuborilmagan. Umumiy to‘plar nisbati – 18:0. Ayniqsa, Musiala ajoyib sport formasiga kirgan bo‘lib, mana shu o‘tgan o‘yinlarda 6 gol va 1 assistni amalga oshira oldi.
«Bavariya» muvaffaqiyatli davrni mantiqiy yakunlashi uchun Dortmundda ham g‘alaba qozonishi va muhimi, 3 kundan keyin bo‘lib o‘tadigan kubok o‘yinida ham zafar quchishi lozim bo‘ladi. O‘sha kuni Kompani shogirdlari «Bayyer»ni qabul qilishadi.
Tarkiblarga kelsak, mezbonlar tarkibida yetakchi futbolchilar Brandt va Adeyyemi maydonga tusha olishmaydi. Shuningdek, Emre Jan Maynsda olgan qizil kartochkasi tufayli diskvalifikatsiyasini davom ettirmoqda. «Bavariya»da Palinya kamida ikki oyga safdan chiqqan. Shuningdek, Aleksandr Pavlovich ham sheriklariga yordam bera olmaydi.
Yana bir qiziq fakt – «Borussiya» o‘z maydonidagi o‘yinlar bo‘yicha 100 foizlik natija ko‘rsatib, Bundesligada eng yaxshi bo‘lsa, «Bavariya» aynan safar o‘yinlarida eng yaxshi natija qayd etgan. Myunxen jamoasi 6 o‘yindan atigi bir durang qayd etgan xolos. O‘zaro o‘yinlarning so‘nggisida «Borussiya» safarda 2:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa-da, aynan Dortmunddagi o‘yinlarda 2018 yildan buyon g‘alaba qozona olgani yo‘q.
CheLSI – ASTON VILLA (1 dekabr, 18:30)
«Aston Villa» Londonda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Chelsi»ga ochkolar bo‘yicha yetib oladi, ya’ni jamoalarni atigi 3 ochko ajratib turibdi xolos. Ammo «Aston Villa»ning so‘nggi turlardagi o‘yini qaysidir ma’noda o‘tgan yilgi «Nyukasl»ni eslatib yubormoqda. «Nyukasl» ham Chempionlar Ligasiga chiqqach, mavsum boshida ancha ishonchli ko‘ringan, ammo ikki frontda kurashish oqibatida qishga yaqin natijalarni ancha pasaytirib yuborgandi. Emeri jamoasi qatorasiga 7 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Qatorasiga 4 o‘yinda mag‘lubiyat alami totildi. Oxirgi besh o‘yinda atigi 3 gol urilgan xolos. «Liverpul», «Yuventus» kabi raqiblarni tushunsa bo‘ladi, ammo o‘z maydonida «Kristal Pelas», «Bornmut» kabi jamoalarni yenga olmaslik, albatta, muammo jiddiyligidan darak beradi.
Shu bilan birga «Aston Villa» «Stemford Brij»dagi oxirgi ikki o‘yinida g‘alaba qozonganini ham eslab o‘tish kerak. Agar Angliya kubogi doirasidagi o‘yinni ham qo‘shsak, «Chelsi» 3 o‘yindan beri «Aston Villa» darvozasiga o‘z maydonida gol ham ura olmayapti. O‘shanda kubok o‘yinida hisob ochilmagan, takroriy o‘yinda esa «Chelsi» safarda 3:1 hisobida ustun kelgandi.
O‘yin neytral muxlislarga ham ancha qiziqarli, tomoshabop bo‘lishini kutsa bo‘ladi. Chunki odatda «Aston Villa» yuqori pressing qiladigan va himoya chizig‘ini ancha oldinga chiqaradigan uslubga ega hisoblanadi. «Chelsi» esa juda ko‘p vaziyatlarini va gollarini aynan qarshi hujumlarda yaratmoqda. Palmer, Madueke, Sancho kabi futbolchilar kattaroq zonalarda juda samarali o‘ynay olishadi.
Maydon markazida Onana – Kaysedo dueli APL uchun ajoyib reklama bo‘lishi mumkin edi, ammo, afsuski, belgiyalik futbolchi jarohat olgan va ushbu o‘yinda maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Mezbonlar safida esa Ris Jyeyms yana jarohat oldi.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, «Aston Villa» chorshanba oqshomida «Yuventus»ga qarshi qiyin o‘yinda maydonga tushgandi. «Chelsi» o‘z yevrokubok o‘yinlarini payshanba kuni o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, Konferensiyalar Ligasi saviya jihatidan ancha pastroq turnir va u yerda Mareska asosan ikkinchi tarkibni tushirmoqda. Ya’ni jismoniy tomondan maydon egalarida ustunlik bo‘lishi tabiiy hol.
LIVeRPUL – MANCheSTeR SITI (1 dekabr, 21:00)
Mavsum boshlanmasdan taqvimni qo‘lga olganimizda, ushbu o‘yin Angliyaning markaziy o‘yinlaridan biri bo‘ladi deyish «Liverpul» uchun kattaroq ishonchdek ko‘rilardi. Zero Yurgen Klopp ketgan, klub yangi murabbiy uchun birorta ham transfer qilib bermagan holatda jamoaning yuqori o‘rinlar uchun kurashishi qiyindek ko‘rinayotgandi. Ko‘rib turibmizki, aksincha, «Liverpul» ayni damda nafaqat Angliyada, balki Yevropada eng kuchli jamoa bo‘lib turibdi. Slot qo‘l ostida jamoa barcha musobaqalarda 19 ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, 17 tasini o‘z foydasiga hal qildi. O‘tgan safar taqvimning biroz qiyin kelgani va noyabr oyidagi o‘yinlar liverpulliklarning haqiqiy kuchiga baho beradi, degandik, mana, baho berish mumkin – aynan mana shu qiyin taqvimda faqat «Arsenal» bilan safarda durang qayd etildi xolos. «Chelsi», «Brayton», «Bayyer», «Leypsig»lardan tortib, 3 kun oldin hatto «Real» ham tiz cho‘ktirildi. Ha, shunchaki g‘alaba emas, «Real» har tomonlama «Enfild»da mag‘lub etildi.
«Manchester Siti»da esa holat aksincha. Jamoa shayxlar sotib olgan kundan buyon eng yomon davrni boshdan kechirmoqda. Pep Gvardiola shogirdlari g‘alabasiz seriyasini 6 o‘yinga yetkazishdi. «Feyyenoord» bilan durangdan oldin jamoada qatorasiga besh mag‘lubiyat bor edi. Ayni damda APL doirasidagi o‘yinlarda qatorasiga 3 mag‘lubiyat bor. Gvardiola shogirdlariga ishonishini, aynan shu futbolchilar o‘tgan mavsumda Angliyada chempion bo‘lib, Chempionlar Ligasida chorakfinalgacha borganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, jamoada ham ruhiy, ham jismonan muammolar borligi shubhasiz. Ayniqsa, himoya chizig‘ida hech qachon «Manchester Siti» bu qadar ojiz ko‘rinmayotgandi. Dastlabki 4 o‘yin safarda bo‘lganini tushunish mumkin, ammo keyingi ikki o‘yinda «Etihad»da jamoa 7 ta gol o‘tkazib yubordi.
Yo‘qotishlarga kelsak, Rodrining mavsum oxirigacha maydonga tusha olmasligi avvaldan ma’lum. Yomon tomoni, markazda ozmi ko‘pmi uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan Kovachich va Stounzlarda ham jarohat bor hamda ular kamida dekabr oxirigacha to‘liq formaga qaytishlari qiyin. Bundan tashqari Dokuning ham holati so‘roq ostida qolmoqda. Albatta, mezbonlarda ham muammolar yetarli. Jota, Kiyezalar safiga tunov kuni Konate ham qo‘shildi va u yangi yilgacha sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, tunov kuni Mbappega qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Bredli ham kichik jarohat oldi. Alisson Bekkerni esa unutib ham yuboryapmiz, zero Kellexer so‘nggi paytlarda ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib, Mamardashivilining transferi kerakmidi, degan savolni yuzaga chiqarmoqda.
O‘tgan mavsumdagi har ikkala o‘yin ham bir xil – 1:1 hisobida yakuniga yetgan. Aynan «Enfild»da bo‘lib o‘tgan o‘yinlarni e’tiborga olsak, 4 o‘yindan beri mehmonlar g‘alaba qozongani yo‘q. Agar ushbu o‘yinda «Liverpul»ning qo‘li baland kelsa, o‘rtadagi farq 11 ochkoga yetadi va bunday farqni hozirgi «Manchester Siti» bilan yo‘qotish juda qiyin bo‘ladi. G‘alaba «Liverpul»ning ochkolarini 34 taga yetkazib, eng yaqin ta’qibchisidan 9 ochko ilgarilab ketishiga sabab bo‘ladi. Zero keyingi o‘yinda borayotgan «Chelsi» va «Arsenal»da 22 ochko bor.
FIOReNTINA – INTeR (1 dekabr, 22:00)
Avvalgi mavsumda deyarli har bir chempionatda kashfiyot jamoalar ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib, yuqori o‘rinlarda yurishgandi. Ispaniyada «Jirona», Germaniyada «Shtutgart”, Italiyada «Bolonya», Angliyada «Aston Villa» shular jumlasidandir. Bu safar unday syurprizlar nisbatan kamroq. Faqat «Fiorentina»ning o‘yinlari hozircha e’tirofga sazovor bo‘lib turibdi. A Seriyada oxirgi 9 o‘yindan atigi bir marta durang o‘ynagan florensiyaliklar chempionatda 4-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Gap faqat o‘rinda emas, ayni damda turnirning yuqori qismi shu qadar zichki, 5-pog‘onadagi «Latsio»ni peshqadam «Napoli» bilan atigi 1 ochko ajratib turibdi xolos. «Inter»da ham xuddi «Fiorentina» va «Latsio» singari 28 ochko bor. Demak, bu o‘yindagi g‘alaba har ikki jamoani ham peshqadamga aylantirishi mumkin.
«Fiorentina» muvaffaqiyatining asosiy sababchilaridan biri shubhasiz, 40 yoshli murabbiy Rafaello Paladdinodir. O‘tgan mavsumlarda «Monsa»ni boshqargan mutaxassis yozda jamoaga kelib, uni qisqa muddatda o‘zgartirib yubordi. Ikkinchisi, albatta, David de Xeaning kelishi. Manchesterdan ketganidan so‘ng, bir yil hech qayerda o‘ynamagan darvozabon bizga tanish bo‘lgan eng yaxshi darajasini namoyish etmoqda. Juda ko‘p o‘yinlarda aynan de Xeaning qahramonliklari «Fiorentina»ga qimmatli ochkolarni olib keldi. De Xea hozirda juda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha Italiya chempionati darvozabonlari ichida yetakchi bo‘lib turibdi.
«Inter» — o‘sha biz bilgan «Inter», barqarorlikning yuqori darajasini namoyish etmoqda. Jamoaning hatto Chempionlar Ligasi umumiy jadvalida ham 2-o‘rinda borayotgani ko‘p narsadan darak beradi. Inzagi shogirdlari mavsum davomida faqat bir marta «Milan»dan mag‘lubiyatga uchrashdi xolos. Allaqachon «Inter»ning o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazmagan o‘yinlari soni 11 taga yetib ulgurdi.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar haqida so‘z borganda, ikki yil oldinga uchrashuv ko‘pchilikning yodiga kelsa kerak. Florensiyada o‘tgan o‘sha o‘yinning so‘nggi daqiqasida mezbonlar hisobni 3:3ga yetkazishgan, ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan soniyalarda Mxitaryan g‘alaba golini urgandi. Bir yil oldin «Fiorentina» Milanda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, aynan o‘z maydonidagi uchrashuvlarda «Inter»ni uzoq vaqtdan beri yutolmayapti. Florensiyaliklar oxirgi marta 2017 yilda o‘z o‘yida «Inter»ni yenga olishgan, qizig‘i, o‘sha o‘yin hisobi ham futbolda kamyob sanaladi – 5:4.
BOShQA O‘YINLAR
30 noyabr. BARSeLONA – Las Palmas (18:00), Union – BAYYeR (19:30), Kristal Pelas - NYuKASL (20:00), MILAN – Empoli (22:00), Vest Hem – ARSeNAL (22:30), PSJ – Nant (1 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
1 dekabr. MANCheSTeR YuNAYTeD – Everton (18:30), TOTTeNHEM – Fulhem (18:30), Torino – NAPOLI (19:00), ReAL – Xetafe (20:15), Lechche – YuVeNTUS (2 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45).
Qahramon Aslanov