Gao Shanven – Xitoydagi yetakchi investitsiya va moliya kompaniyalaridan biri SDIC Securities'ning bosh iqtisodchisi.
“Biz Xitoyning real o‘sish sur’ati va balki boshqa ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha haqiqiy raqamlarni bilmaymiz”, – dedi u 19 dekabr kuni Vashingtondagi Piterson xalqaro iqtisodiyot institutidagi nutqida.
Gaoning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning pandemiyadan keyingi davrdagi rasmiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari “unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin”. Rasmiylar YaIM o‘sishi salkam 5 foiz ekanini aytayotgan bo‘lsa ham, iqtisodchi aslida “oxirgi 2-3 yilda o‘rtacha 2 foizlik o‘sish kuzatilayotgani”ni taxmin qildi.
“Agar bu taxminim to‘g‘ri bo‘lsa, kelgusi 3-5 yilda o‘rtacha yillik o‘sish 3-4 foiz oralig‘ida bo‘lishini kutish o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman”, – dedi u.
“Lekin biz [anig‘ini] bilmaymiz. Menimcha, rasmiy raqamlar 5 foiz atrofida bo‘lib qolaveradi”, – dedi taniqli ekspert.
Rasmiy Pekinga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakat iqtisodiyoti 5,2 foizga o‘sgan. Mas’ullar 2024 yildagi o‘sish “5 foiz atrofida” bo‘lishini maqsad qilgan. Ko‘plab iqtisodchilar bunday katta maqsadga erishilishiga shubha bildirgan.
The Economist'ning yozishicha, Gaoning haqiqiy YaIM o‘sishi 2 foizga yaqin bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmini inflatsiyaning juda past darajada – 0,2 foiz ekaniga ham mos keladi. Bu darajadagi past inflatsiya hukumatning yuqori o‘sish haqidagi bayonotlariga zid.
Gao o‘z nutqida ishsizlik darajasi haqidagi ma’lumotlarni ham shubha ostiga oldi. U 2021–2023 yillar davomida shaharlardagi ishsiz aholining umumiy soni 47 million kishi bo‘lgani, lekin bu ishsizlik ko‘rsatkichida aks etmaganini aytdi.
Iqtisodchining fikricha, chakana savdodagi salbiy ko‘rsatkichlar ayniqsa yoshlar orasida kelgusi iqtisodiy o‘sishga nisbatan ishonch pastligini ko‘rsatadi. U yoshlar va o‘rta yoshli aholi orasida iste’mol kayfiyati tushib borayotganini aytarkan, ayniqsa yoshlarning iqtisodiy holati og‘irligi, ular pullarini tejab ishlatayotganini ta’kidladi: “Yoshlar bellarini mahkam bog‘lab, chiroqlarni o‘chirgancha lapsha yeyishyapti”.
Gao Shanvenning bu gaplari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xitoydagi ijtimoiy tarmoqlarda uning gaplari bilan bog‘liq postlar senzuraga uchragani iqtisodiyotning real holati borasidagi shubha-gumonlarni oshirdi.
Xitoy iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi va u bilan bog‘liq qattiq karantin siyosatining oqibatlarini hamon yenga olmagan. Hukumat yaqinda monetar siyosatni yumshatish va iqtisodiyotni moliyalashtirish hajmini oshirishga qaror qildi.
Iqtisodchilarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasidagi kritik ishsizlik, ko‘chmas mulk bozori va chakana savdodagi inqiroz iqtisodiyotda chuqur tarkibiy muammolar borligini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli barqaror o‘sishni ta’minlash uchun tarkibiy islohotlar zarur, deydi ular.